Liberalizm


Saqlash
15:04 / 12.04.2023 0 2344

Liberalizm (lotincha liberal – ozod, erkin) – ijtimoiy-siyosiy ta’limot va ijtimoiy harakat bo‘lib, shaxs va jamiyat erkinligi yetarli darajada bo‘lishini ko‘zda tutadigan g‘oya.

 

Liberalizm Ispaniya Konstitutsiyasini (1812) tuzish davrida paydo bo‘lgan. Yevropada liberalizm ingliz siyosiy iqtisodchilari nazariyalari bilan bog‘liq holda davlatning iqtisodiy masalalarga noqonuniy aralashmasligini e’tirof etadi. Liberallar shaxsning tashabbusini, savdo erkinligi va haqiqiy raqobatni rivojlantirishga harakat qiladi. Dastlabki liberal g‘oyalar Suqrot davrida paydo bo‘lib, adolatli davlat tuzishga qaratilgan. Keyinchalik liberalizm Rim qo‘mondonlari tomonidan rivojlantirilgan. Diniy dunyoqarash va burjua inqiloblari (XVII–XVIII asrlar) feodal munosabatlarning yemirilishi va liberalizmning rivojlanishiga olib kelgan. Lekin liberalizm davlat va inson ozodligiga zarar yetkazishi mumkinligi ham nazarda tutilgan.

 

Liberalizmning asosiy prinsipi mutlaq ozodlik emas, balki shaxsning maksimal erkinligi, fikrlashi, fikrni bayon qilish va har qanday dinni e’tirof etish erkinligidir. Yevropa liberalizmi namoyandalari Lokk va Russolarning fikricha, liberalizm asosan davlat va shaxs erkinligini himoya qilgan. Bu fikrlarni Kyui, Kant, Jefferson, Franklin, Monteskye, Kondori singari faylasuflar qo‘llab quvvatlagan. Tabiiy huquq g‘oyalari Amerika mustaqillik deklaratsiyasida (1776), fransuz shaxs va fuqaroligi deklaratsiyasida (1784) va inson huquqlari deklaratsiyasida bayon qilingan. Erkinlik g‘oyasi asosan odamlarning mulkka bo‘lgan munosabati bilan bog‘liq bo‘lib, uning ijtimoiy o‘rni va oladigan ne’mat miqdorini ko‘rsatadi. Mazkur muammolar Adam Smit tomonidan takomillashtirilib, “Xalqlar boyligi” asarida bayon qilingan. Uning fikricha, shaxsning tabiiy erkinligi, bozor erkinligi va raqobat jamiyat hayotini barqarorlashtiradi. Individuallik tartibsizlikka, tartibga va o‘sishga olib keladi. David Rikardo ham liberalizmni ta’riflab, iqtisodiy erkinlik maksimal foydaning manbai, deb hisoblagan. J.Bate Seyning “Siyosiy iqtisod traktati” (1803) asarida bozor qonuniyatlari ifoda etilgan. Bu qonunga asosan iqtisodiyotda taqchillik va mo‘lchilik bo‘lishi mumkin emas. Davlat va iqtisodiyotni boshqarib, talab va taklifni tenglashtirib turadi.

 

Liberalizmning yangi yo‘nalishi – utilitar falsafani Bentam, Mill va boshqa faylasuflar rivojlantirgan. Agar mumtoz liberalizm davlatning iqtisodiyotga aralashishiga mutlaqo qarshi bo‘lsa, utilitar falsafa ba’zan davlat iqtisodiyotga ta’sir etishi mumkinligini ko‘rsatadi. Lekin davlat iqtisodiy erkinlikni taqiq etmasdan, faqat yordamlashishi mumkin. Siyosiy liberalizm shaxslarning davlat hayotida ishtirok etish huquqini tan olib, saylovlarda qatnashishini shart deb hisoblaydi. Bundan tashqari, siyosiy liberalizm fuqarolarga vijdon erkinligi, so‘z va matbuot erkinligini, yashash joyini tanlash huquqini kafolatlaydi. Neoklassik liberalizm XIX asrda paydo bo‘lib, uning mazmun-mohiyati L.Vaylerasning (1834–1910) sof kapitalistik iqtisodiyot konsepsiyasida bayon etilgan. Vayleras ijtimoiy va siyosiy muammolardan yuqori bo‘lib, faqat ishlab chiqarish va resurslarni taqsimlash muammolarini ko‘rib chiqadi. Vaylerasning nazariy konsepsiyasi Ikkinchi jahon urushi orasidagi iqtisodiy inqiroz sabablarini tushuntirib bera olmaydi. Buni yirik ingliz iqtisodchisi, siyosiy notiq J.M.Keyns (1883–1946) ta’riflab beradi. Keyns fikriga ko‘ra, iqtisodiyot kapitalizm davrida o‘sish va pasayish xossasiga ega bo‘lib, buni bartaraf etish uchun davlat iqtisodiyot rivojini muvofiqlashtirib turishi kerak. Davlat esa, Keyns nazariyasiga asosan, moliya sohasida, soliqlar tizimida, davlat qarzi va ularni sarflash borasida faol ishtirok etishi shart. Keyns izdoshlari (Fridmann, Xayek) noliberal iqtisodiy konsepsiyalarni yaratib, davlatning iqtisodiyotni boshqarish borasidagi rolini tan oldi. Ularning fikricha, kapitalizm o‘z imkoniyatlarini to‘liq yo‘qotmagan va davlat so‘nggi o‘n yilliklarda iqtisodiyotning normal rivojlanishini ta’minlagan.

 

Neoliberalchilarning fikricha, haqiqiy kapitalizm hali yo‘q, u liberalizm to‘liq shakllangan davrda paydo bo‘ladi. Shunday qilib, davlatning iqtisodiyotga aralashuvi iqtisodiy qonunlarga asoslangan bo‘lishi kerak. Liberalizm davlat masalasiga avtoritar marksistik qarashlarga qarshi bo‘lib, jamiyat va iqtisodiyotda davlatning rolini belgilab beradi. Liberalizm ta’limotining mazmun-mohiyati, asosiy g‘oya va tamoyillari uning g‘oyaviy muxoliflari bo‘lgan konsepsiyalar – konservatizm va sotsializm bilan qiyoslaganda, ayniqsa yaqqol namoyon bo‘ladi. Ma’lumki, insoniyat taraqqiyoti va ijtimoiy-falsafiy fikr tarixida liberalizm ta’limoti asosan ikki g‘oyaviy oqim – konservatizm va sotsializm bilan keskin kurashda toblandi, ham ijtimoiy falsafa, ham siyosiy ta’limot, ham mafkuraviy tizim sifatida afzalligini namoyon etdi. U shaxs, individ haq-huquqlari va erkinliklari hamda manfaatlarining ustuvorligi g‘oyasiga tayanib, inqilobiy larzalarsiz, qonun va ijtimoiy shartnoma zamirida jamiyat hayotining barcha sohalarini isloh etish konsepsiyasini ilgari suradi.

 

Konservatizm oqimi namoyandalari liberalizmni o‘ta radikallikda, ya’ni keskin choralarni qo‘llashda ayblasa, sotsialistlar, aksincha, uning moʻtadilligini, inqilobiy uslublarni inkor etishini qoralab keladi. Konservatizm ta’limotining asoschisi E.Berk “Fransiya inqilobi haqida o‘ylar” asarida (1790) mavjud tuzum va qadriyatlarni himoya qilib, davlat, jamiyat, ozodlik, huquq, shaxs erkinligi masalalariga doir qarashlarini bayon etadi. E’tiborli jihati shundaki, uning yondashuvida konservativ qarashlarning liberal g‘oyalar bilan qorishib ketganini kuzatish mumkin. Jumladan, davlatning mazmun-mohiyati haqida to‘xtalib, uning eng maqbul shakli – ingliz liberal an’analarining mumtoz tabiiy huquq nazariyasi bilan uyg‘unlashgan, avtoritar boshqaruv tizimi tomonidan inson huquqlari ta’minlagan tuzum, deya ta’kidlaydi. Shu bois Berk qandaydir mavhum ijtimoiy tuzum loyihalari haqida emas, butun diqqat-e’tiborni mavjud davlat va jamiyat shakllarining tahliliga qaratadi. Aslida konservatizm erkinlik g‘oyasiga qarshi bo‘lmasa-da, mazkur ta’limot doirasida u o‘zgacha ma’no-mazmun kasb etadi. Agar liberalizm ta’limoti inson haq-huquqlari, shaxs erkinligi g‘oyasini yoqlab kelgan bo‘lsa, Berk “umumiy erkinlik” tushunchasi inson tabiatiga zid ekani va turli xalqlar tarixiy taraqqiyoti mobaynida shakllangan muayyan erkinliklargina chinakam ahamiyat va himmat kasb etishini ta’kidlaydi.

 

Liberalizm falsafasida individual erkinliklar ijtimoiy munosabatlar asosini tashkil etuvchi muqaddas qadriyat sifatida talqin etilsa, konservatorlar nazarida, shaxs manfaatlari ijtimoiy munosabatlar tizimiga bo‘ysundirilishi darkor. Zero, har bir inson muayyan ijtimoiy qadriyat va manfaatlar tizimi doirasida yashaydi. Bunda uning nafaqat ijtimoiy munosabatlari tizimida tutgan o‘rni, balki shaxsiyatining mohiyati ham namoyon bo‘ladi. Shu ma’noda, shaxs erkinligi ustuvorligining yoqlab chiqilishi yoki mutlaqlashtirilishi, oxir-oqibat insonning ijtimoiy aloqalar tizimidan uzilib qolishiga sabab bo‘ladi. Konservativ ta’limot vakillari nazarida, bu hol shaxsning yakkalashuvi, uning tabiiy huquq va erkinliklarining cheklanishiga olib kelishi mumkin. Darhaqiqat, XX asrning so‘nggi o‘n yilliklarida aksariyat rivojlangan mamlakatlarda inson tabiati va faoliyatida juz’iy o‘zgarishlar sodir bo‘layotgani, xususan, xudparastlik alomatlari, yolg‘iz yashashga intilayotgan odamlarning tobora ko‘payib borayotgani inobatga olinsa, konservativ oqim vakillarining bu boradagi qarashlari haqiqatga yaqin ekanini tan olish lozim.

 

Ta’kidlash joizki, liberalizm ta’limotining ayrim taniqli namoyandalari, masalan, Aleksis de Tokvil konservatizm zamiridagi sog‘lom fikrlarni inkor etmagan, aksincha, rivojlantirishga intilgan. Uning qadriyatlar va manfaatlar, ijtimoiy taraqqiyotda adolat tamoyili va aristokratiyaning o‘rniga doir qarashlari konservativ yondashuvlardan keskin farq qilmaydi. Tabiiyki, konservatizm ta’limotining zamonaviy talqinlarida ham liberal g‘oya va qarashlar ta’sirini ko‘rish mumkin. Qariyb ikki yuz yil mobaynida ijtimoiy-iqtisodiy tenglik g‘oyasini inkor etib kelgan mazkur oqim vakillari liberalizm zamirida shakllangan umumiy saylov huquqi, fuqarolarning ijtimoiy muhofazasi, shaxs huquq va erkinliklari tamoyillarini bugun tan olishga majbur. Chunonchi, XX asrning ikkinchi yarmida konservatizm ta’limoti zamirida paydo bo‘lgan “yangi o‘nglar” oqimi ham erkin bozor iqtisodiyoti, ijtimoiy va siyosiy erkinliklarni yoqlab chiqmoqda. Hatto o‘ta konservativ qarashlari tufayli “Temir xonim” deya e’tirof etilgan Buyuk Britaniyaning sobiq Bosh vaziri Margaret Tetcher Keyns siyosiy iqtisodiyoti, “kelishuv” an’analari hamda korporativ yondashuvlardan voz kechib, davlatni idora etish, iqtisodiyotni rivojlantirishda monetarizm tamoyillari, liberal g‘oya va qarashlarga tayanib faoliyat yuritgani ma’lum. Umuman olganda, liberalizm va konservatizm ta’limotlari g‘oyaviy-mafkuraviy, iqtisodiy hamda siyosiy qarashlar nuqtai nazaridan farqlansa-da, ammo asrlar mobaynida biri-biridan oziqlanib, biri-birini boyitib kelgan. Liberalizmning yana bir asosiy muxolifi – sotsializm (bu ijtimoiy-siyosiy ta’limot negizida sotsial-demokratik, kommunistik, natsional-sotsialistik yo‘nalishdagi o‘nlab so‘l oqimlar vujudga kelgan) o‘rtasidagi fundamental farq davlat va jamiyat hamda inson faoliyatining barcha sohalariga doir masalalarning bir-biriga mutlaqo qarama-qarshi yondashuvlar asosida talqin etilishi va hal etilishida namoyon bo‘ladi.

 

Birinchidan, liberalizm ta’limotining bir necha asrlik tadrijiy taraqqiyoti natijasi o‘laroq, dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida inson haq-huquqlari, erkinliklari, manfaat va ehtiyojlarini ta’minlagan davlat, shaxs ma’naviy kamoloti, uning botiniy va zohiriy imkoniyatlarini ro‘yobga chiqaradigan rivojlangan fuqarolik jamiyati vujudga kelgan bo‘lsa, sotsialistik g‘oya va qarashlar asosiga qurilgan totalitar tuzumlarda (sotsialistik tizim mamlakatlari, natsistlar Germaniyasi, Mussolini Italiyasi, Franko Ispaniyasi va hokazo) davlat oliy qadriyat, inson esa unga so‘zsiz xizmat qiladigan qul, oddiy murvat sifatida qarab kelingan. Albatta, bunday g‘ayriinsoniy g‘oyalarga tayangan tuzumlarda inson haq-huquqi va manfaatlari, hatto hayotining ham bir chaqalik qimmati bo‘lmagan. Millionlab odamlarning xuni daryo bo‘lib oqqan, aholining ayrim toifa va tabaqalari qirib yuborilgan, bir qancha millatlar vatanidan quvg‘in etilib, qatag‘on qilingan XX asrning fojiali tarixi shundan dalolatdir. Binobarin, totalitar tuzum va diktatorlar hokimiyatni mustahkamlash uchun qurol kuchigagina tayanmagan, ular ijtimoiy hayotning barcha sohalarini nazorat qilishga, inson ruhiyatiga, umuman ommaviy ongga xos muayyan xususiyatlardan foydalanishga intilgan.

 

Ikkinchidan, liberalizm ta’limoti asoschilari inson haq-huquqi va erkinliklari oliy qadriyat ekanini asoslab bergan bo‘lsa, uning hayotini qat’iy nazorat qilishga urinish qanchalik dahshatli oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkinligini sotsialistik g‘oya va mafkura asosiga qurilgan davlatlar misolida ko‘rish mumkin.

 

Uchinchidan, liberalizm xususiy mulk, xususiy manfaatning daxlsizligini yoqlab chiqadi va mukammal qonunlar vositasida uning huquqiy jihatdan mustahkam himoya etilishini ta’minlaydi. Liberalizm nazariyasiga ko‘ra, mulkka egalik qilish huquqi – erkin bozor iqtisodiyotining poydevorigina bo‘lib qolmasdan, shaxs va jamiyat farovonligining asosi hamdir. Sotsialistik ma’muriy-buyruq bozlik tizimida esa mulk to‘liq davlat tomonidan tasarruf etiladi, xususiy mulkchilik esa tag-tomiri bilan sug‘urib tashlanadi. Iqtisodiyotni boshqarishda markazlashgan reja-taqsimot tamoyillari hukmronlik qiladi.

 

To‘rtinchidan, liberalizm ta’limoti zamirida jamiyat iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va ma’naviy hayotini takomillashuviga xizmat qiladigan turli-tuman ilmiy nazariya va konsepsiyalarning paydo bo‘lishiga imkon yaratilsa, sotsialistik g‘oyalarga asoslangan tuzumlarda yakkayu yagona “haqqoniy” (aslida o‘ta mavhum, utopik va afsonaviy qarashlar majmuasidan iborat bo‘lgan) ta’limotga tayaniladi.

 

Beshinchidan, liberalizm davlatni idora etish demokratik tamoyillari, xususan, hokimiyat turli bo‘g‘inlari vakolatlarining bo‘linishi, shuningdek, fuqarolik jamiyatini boshqarish mukammal institutlarining shakllanishi va rivojlanishiga keng imkoniyat yaratsa, “sotsialistik demokratiya” – davlat, partiya yoki nomenklaturaning yakka hukmronligi, shaxsga sig‘inish, millatlararo va guruhlararo ziddiyatlarning kuchayishi, axloq hamda ma’naviy qadriyatlar tanazzulining timsoli bo‘lib qoldi.

 

Oltinchidan, liberalizm qariyb uch asrlik rivoji mobaynida insoniyatni taraqqiyotning yuksak cho‘qqisiga yetaklovchi, o‘zgaruvchan, takomillashib boradigan ta’limot ekanini namoyon etdi. Sotsializm nazariyasi esa g‘oyaviy-mafkuraviy va ijtimoiy-siyosiy ta’limot sifatida davr talablariga dosh bera olmay, inqirozga yuz tutdi.

 

Bir so‘z bilan aytganda, liberalizm va sotsializm o‘rtasidagi tarixiy muhoraba erkinlik ta’limoti foydasiga hal bo‘ldi. Shu bois sotsialistik mafkura, totalitar tuzum iskanjasidan qutulib, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot sari intilayotgan barcha davlatlarda, shu jumladan, O‘zbekistonda, liberalizm falsafasi va siyosiy ta’limotiga tayanib, jamiyat hayotining jamiki sohalarini erkinlashtirish, fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirish, demokratik qadriyatlarni amaliyotga tatbiq etish siyosati izchil amalga oshirilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 121
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 367
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 130
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 217
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 529
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 947
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218726
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104469
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 34042
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27305
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26483
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25046
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24828
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21684
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//