Bilasizmi?
1979-yilgi Moskva kinofestivali kunlari menga “Mosfilm”dan qoʻngʻiroq qilib, ertaga Koppolaning (Amerikalik mashhur kinorejissyor Frensis Ford Koppola. Tarjimon) “Kuzgi marafon” filmini namoyish etishadi, shunga Sizov (“Mosfilm” kinostudiyasi direktori) kelishimni soʻrayotganini aytishdi. Frensis Koppolaning “Apokalipsis” filmi Moskva kinofestivalida zoʻr muvaffaqiyat qozonib, barchani hayratga solgan edi. Koʻpchilik amerikalik kinorejissyor bilan suhbatlashish, mehmonga taklif qilish uchun shiddatli kurash olib borardi.
Soat oʻnlarda “Mosfilm”ga yetib bordim. Sizovning xonasiga kirdim. U telefonda gaplashayotgan edi:
– Qachon olib kelasiz uni?.. Xoʻp, mayli, kutamiz, dedi asabiylashgancha goʻshakni joyiga qoʻyar ekan. Soʻng menga qarab: – Kecha u kimnikidadir mehmon boʻlgan ekan, rosa ichirishibdi, shunga hozir uygʻotish qiyin boʻlayotgan emish, biror soat kutishga toʻgʻri keladi. Filmdan keyin birga tushlik qilamiz, dedi.
Bir soat tugul, ikki soatdan keyin ham Koppola kelmadi. U soat bir yarimda, ayni tushlik chogʻida paydo boʻldi. Yolgʻiz emasdi. Julio ismli akasi, jiyanlari, xolavachchasining eri va bolalari, yana enaga va tarjimonlar ham – bari u bilan birga edi. Tushlik mahali Tbilisidagi Kinochilar uyida uning “Choʻqintirgan ota” filmi namoyishi chogʻi sodir boʻlgan voqeani gapirib berdim. Oʻshanda bilet topishning hech imkoni yoʻq – hamma filmni tomosha qilishni istardi. Xullas, bir badavlat odamga pochta orqali besh dona bilet yuborishadi. Juda xursand boʻladi, butun oilasi: xotini, oʻgʻli, qizi, oʻzi va allaqaysi qarindoshi bilan kinoga tushadilar. Kinodan qaytishsa, uylari ship-shiydam: xonadondagi bor narsa, jumladan kartinalar, antikvar mebel va hatto chex unitazini ham oʻgʻrilab ketishgan ekan. Koppolaga bu hikoyam yoqdi.Tushlikdan soʻng mehmonlarga film namoyish qilindi. Italyanlarga kartina maʼqul tushdi...
Mehmonxonada ular bilan xayrlashdik... Mehmonxona vestibyulida aktrisa Sofiko Chiaureliga duch keldim.
– Sen Koka Ignatovni koʻrmadingmi? – hayajonlanib soʻradi u.
– Koʻrmadim, tinchlikmi?
– Kecha Koppola Dvigubskiynikida mehmon boʻlgandi, Koko ikkimiz uni bugunga “Iveriya” (Moskvadagi gruzin restorani) ga taklif qilgandik. Kokoni yer yutdimi, bilmayman, yonimda bor-yoʻgʻi 60 rubl bor. Pul topishim kerak. Mabodo senda pul bormi?
– Kecha Koppolani boʻkkunicha ichirgansiz, Koka unga nima deganini bugun hatto eslay olmasa kerak.
– Eslay olmaydi deganing nimasi, balkim yodidadir?
– Kel, soʻrab koʻramiz.
Festival xizmatidan Koppolaning oqshomgi rejasini bilib berishni soʻradim. Ular Koppolaning yordamchisiga qoʻngʻiroq qilishdi. U esa janob Koppolani bugun kechqurun gruzin aktrisasi shahar tashqarisidagi restoranga taklif qilgan, dedi.
Yonimda oʻttiz soʻm, Sofikoda oltmish soʻm, jami toʻqson soʻm – bu Koppolo va uning atrofidagi qarindoshlari bilan restoranda oʻtirishga yetmasdi. Nima qilish kerak? Omonat kassadan borib pul olishga juda kech. Kursdoshim, rejissyor Shuhrat Abbosovning xonasiga koʻtarildim. Undan “ertagacha” 190 rubl (bor pulini) qarz olib, oʻzini ham ziyofatga taklif qildim. Vestibyulga tushib, Sofikodan:
– Xoʻsh, ziyofatda necha kishi boʻlamiz? – deb soʻradim.
– Men, sen, Kolya Dvigubskiy, mehmonlar esa sakkiz kishidan iborat.
– Shuhratni ham qoʻsh.
– Ziyofatni Kinochilar uyida qilsak, pulimiz yetadi, “Iveriya” ni oʻylab koʻrish kerak.
Koppolaning yordamchisiga qoʻngʻiroq qilib, shahar tashqarisidagi restoran oʻrniga Kinochilar uyi restoranida ziyofat tashkil qilsak qarshi emasmikan, shuni soʻrab koʻring, dedik. Yordamchi Koppola Kinochilar uyida boʻlganligi, bugun gruzin restoraniga borishini bildirganligini aytdi.
“Iveriya”ga sim qoqib, oʻn besh kishiga joy buyurdik.
Koppola oilasi va shotirlari bilan tushib kelganda Sofiko singlim boʻlishini va u meni ham ziyofatga taklif qilganligini aytdim. Va tarjimonga yoʻlni tushuntirdim.
– Televideniyedan biror kishi bormi? – baland ovozda soʻradi tarjimon.
– Bor, — javob berdi jinsi shim kiygan xonim.
– “Iveriya”ga Minsk shossesi boʻylab yuramiz.
Mehmonxonadan quyidagi tarkibda yoʻlga chiqdik: Koppolaning oilasi ikkita “Chayka”da, uchta “Volga”da Koppolaning shotirlari, tarjimonlar, “Rafik”da kinotanqidchilar, suratga olish guruhi va koʻk “Jiguli”da Sofiko, rassom Kolya Dvigubskiy, Shuhrat Abbosov va uning doʻsti – pidjaki yoqasiga “Mehnat faxriysi” medalini taqib olgan kichkina oʻzbek.
– Dahshat-ku bu! Mana shu toʻdadagilarning barchasi ziyofatda ishtirok etadimi? – Sofiko asabiylashib soʻz qotdi.
– Nima ham qilardik, bu ham bir koʻrgulik-da.
– Dahshat!
Mashinamni telefon-avtomat yonida toʻxtatib, “Iveriya” restoraniga telefon qildim va oʻn beshta emas, oʻttizta odamga joy buyurdim, haydovchilar uchun yana sakkizta alohida joy tayyorlattirdim. Restoranda hamma oʻrnashib olgach, Sofiko Koppolaga:
– Frenk, ikkita variant bor: kecha mazasini koʻrganing odatiy kechki taom yoki gruzin dehqonlari doim yeydigan oddiy dehqoncha ovqat buyurishimiz mumkin?
– Men oddiy taomlarni xush koʻraman, – dedi Koppola.
– Barchaga lobio, koʻkatlar, non, suluguni, yetti shisha aroq va oʻttizta “Borjomi” keltir, – deb buyurtma berdim.
– Bor-yoʻgʻi shumi? – soʻradi ofitsiant.
– Yoʻq, toʻxta, bunaqasi ketmaydi, – dedi doʻppi kiyib olgan kichkina oʻzbek. – Bilasizmi, Georgiy, dehqoncha taomdan koʻra mazali ovqat bor – satsivi. Bunda tovuq goʻshtini yongʻoqqa aralashtirib qovurishadi, – deb tushuntirdi tarjimonga. Tarjimon esa bu gapni tarjima qildi. Xuddi shuni kutib turganday:
– Satsivi hammagami? – soʻradi ofitsiant.
– Menga keragi yoʻq, – dedim.
– Shu yetadimi? – soʻradi ofitsiant.
– Ha, olib kelaver, – dedi Sofiko.
– Yoʻq, bu hali hammasi emas. Sofya Mixaylovna, gruzin dehqonlari yana nima yoyishini bilmaysizmi? – hech tinchimasdi kichkina oʻzbek. – Gruzin dehqonlari yosh qoʻzini butunligicha qovurib yeyishni xush koʻrishadi.
– Hozir barra mavsumi emas, hurmatli mehmon. Buyurtma berilganlarni olib kelaver, – dedi Sofiko ofitsiantga.
– Bu telbani qayoqdan topding? – deb gruzin tilida soʻradi Sofiko.
– Shuhrat bilan kelgan, — men ham gruzinchalab javob berdim.
Shuhrat oʻz ismi eshitib, yelkasini qisdi: barini tushunib turibman, ammo qoʻlimdan hech narsa kelmaydi. Ofitsiant aroq va “Borjomi” keltirganda kichkina oʻzbek:
– Georgiy Nikolayevich, mehmonlar “Kindzmarauli” vinosini tatib koʻrishganmi? – deb soʻradi.
– Yoʻq, hech ichishgani yoʻq, – dedi tarjimon.
– “Kindzmarauli” vinosidan necha shisha olib kelay? – darhol soʻradi ofitsiant.
Sofiko menga qaradi, men esa chuqur xoʻrsinib:
– Hozircha besh shisha keltir, qolganini keyin koʻramiz, – dedim.
Shu mahal haydovchilar stoliga losos baligʻi va olti banka qora ikra olib borayotgan ofitsiantga koʻzim tushdi. Tabiiyki, bu manzarani kichkina oʻzbek ham koʻrdi.
– Georgiy Nikolayevich, qarang, bu yerda qora ikra ham bor ekan! Soʻrab koʻr-chi, – buyruq berdi tarjimonga, – mehmonlar qora ikrani xush koʻrisharmikan?
– Xush koʻrishadi, – dadil javob berdi tarjimon.
– Qora ikradan qancha olib kelay? – vaqtni boy bermasdan soʻradi ofitsiant. Sofiko ikkimiz bir-birimizga koʻz tashladik.
“Nima boʻlsa boʻldi, pasportimni qoldirib ketaman va ertaga omonat daftarchamdan pul yechib hisob-kitob qilaman” – shunday qarorga keldim men.
– Hammaga qora ikra olib kelinsin! – deya buyurdim.
Ziyofat yaxshi oʻtdi. Sofiko davraboshilikni qotirdi. Orkestr “Choʻqintirgan ota” va “Mimino” filmi musiqalarini ijro etishdan tinmadi... Ziyofat oxiriga yetganda ofitsiantdan hisob-kitob qilishni soʻradim.
– Hisob toʻlandi, – dedi ofitsiant va kichkina oʻzbek tomonga imo qildi.
Kichkina oʻzbek esa xuddi gunoh ish qilib qoʻygandek qoʻllarini ikki tomonga yoyib, uyatchan kulimsirab qoʻydi, xolos.
Georgiy Daneliyaning “Кот ушел, а улыбка осталась” kitobidan
Jaloliddin SAFOYEV tarjimasi
P.S. Biz sevib tomosha qiladigan “Mimino”, “Afonya”, “Kuzgi marafon” singari filmlar rejissori, “Omadli jentelmenlar” filmining senariy mualliflaridan biri, mashhur o‘zbek kinorejissori Shuhrat Abbosovning do‘sti Georgiy Daneliyaning “Кот ушел, а улыбка осталась” kitobidan bir parchani “Kichkina” o‘zbekning katta saxovat” sarlavhasi bilan tarjima qilganimdan so‘ng ko‘pchilik o‘quvchilarda "kichkina o‘zbek"ning kimligi katta qiziqish uyg‘ondi. Afsuski, asarda bu saxovatpesha inson haqida ma’lumot yo‘q. Shundan so‘ng o‘zbek kinosi, xususan, Shuhrat Abbosov hayotini yaxshi biladigan san’atshunos, kinoshunoslardan so‘rab-surishtirdim. Taniqli adabiyotshunos olim, kino va teatr tadqiqotchisi Shuhrat Rizayev muallif chizgan “kichkina” o‘zbek bir paytlar O‘zbekiston Kinematografiya Davlat qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan, nihoyatda nozik tab, katta davralar hadisini olgan va, ayniqsa, milliy hamda boshqa xalqlar taomlarini juda yaxshi bilgan, yana deng, tasvirga mos kichik jussali inson bo‘lgan Abdulahad Abdullayev bo‘lishi ehtimoldan xoli emas, degan gapni aytdi. Boshqa fikr va farazlar bo‘lsa, uni ham qabul qilamiz.
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q