Bilasizmi?
Qodiriy, Abdulla (asosiy taxalluslari: Qodiriy, Julqunboy) (1894. 4.10 – Toshkent – 1938.10.4) – XX asr yangi o‘zbek adabiyotining ulkan namoyandasi, o‘zbek romanchiligining asoschisi; 20-yillardagi muhim ijtimoiy-madaniy jarayonlarning faol ishtirokchisi. Bog‘bon oilasida tug‘ilgan. Otasi Qodirbobo (1820– 1924) xon, beklar qo‘lida sarbozlik qilgan, rus bosqini paytida (1865) Toshkent mudofaasida qatnashgan. Otasi boshidan o‘tgan sarguzashtlar Qodiriyning qator asarlari, xususan, tarixiy romanlarining yuzaga kelishida muhim rol o‘ynagan.
Qodiriy musulmon maktabi (1904–06), rus-tuzem maktabi (1908–12), Abulqosim shayx madrasasida (1916–17) ta’lim oldi; Moskvadagi adabiyot kursida (1925–26) o‘qidi. Yoshligidanoq qadimgi Sharq madaniyati va adabiyoti ruhida tarbiya topgan; arab, fors va rus tillarini o‘rgangan. Jahon adabiyotini ixlos bilan mutolaa qilgan. Oilasi kambag‘allashganligi sababli bolalikdan mustaqil mehnat qila boshladi, turli kasblarni egalladi, mahalliy savdogarlarga kotiblik va gumashtalik qildi (1907–15). U 1917 yilning Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng Eski shahar oziqa qo‘mitasining sarkotibi (1918), "Oziq ishlari" gazetasining muharriri (1919), Kasabalar sho‘rosining sarkotibi (1920), "Mushtum" jurnali tashkilotchilaridan va tahrir hay’ati a’zosi (1923–26) bo‘ldi. Qodiriy ijodiy faoliyatining boshlanishi 1910 yillarning o‘rtalariga to‘g‘ri keladi. "Sadoi Turkiston" gazetasining 1914 yil 1 aprel sonida Qodiriy imzosi bilan bosilgan "Yangi masjid va maktab" sarlavhali xabar bo‘lajak adibning matbuotdagi dastlabki chiqishi edi. Oradan ko‘p o‘tmay, uning "To‘y", "Ahvolimiz", "Millatimga", "Fikr aylagil" kabi she’rlari, "Baxtsiz kuyov" dramasi, "Juvonboz" hikoyasi chop etiladi (1914–15). Qodiriy ijodining dastlabki namunalari bo‘lgan bu asarlar millatparvarlik, ma’rifatparvarlik ruhida yozilgan bo‘lib, jadidchilik g‘oyalari bilan sug‘orilgan.
Qodiriyning "Uloqda" hikoyasi (1916) XX asr boshi o‘zbek realistik adabiyotining eng yaxshi namunasi hisoblanadi. Qodiriyning 1917 yil Oktyabr to‘ntarishidan keyingi faoliyati asosan matbuot bilan bog‘langan. Uning 1919–25 yillar oralig‘ida yozgan maqolalari soni 300 ga yaqin. Qodiriyning publisistik chiqishlari avvalo o‘sha davrning tarixiy hujjati, zamonasining solnomasi. 20-yillar o‘rtalarida yozilgan "Kalvak Maxzumning xotira daftaridan", "Toshpo‘lat tajang nima deydir?" satirik hikoyalarida hayotdagi, odamlar tabiatidagi muayyan salbiy hodisalarni sof mafkuraviy nuqtai nazardan turib, faqat bir yoqlama qoralash, fosh etish yo‘lidan bormay, xarakter va hodisalarni xolis turib, murakkabligi, ziddiyatlari bilan ko‘rsatishga jazm etadi.
Qodiriy o‘zbek adabiyotidagi birinchi roman – "O‘tkan kunlar"ni yaratdi (1919–20). "O‘tkan kunlar" yozilgan davr o‘zbek xalqi uchun millatning erki, ozodligi, mustaqilligi, jahondagi o‘rni masalasi hayot-mamot ahamiyatiga molik edi. Qodiriy ikkinchi yirik asari "Mehrobdan chayon"ni 1928 yil fevralda yozib tugatdi. Roman 1929 yil Samarqandda bosilib chiqdi. Garchi bu roman mavzui ham XIX asr hodisalari – "xon zamonlari" davridagi o‘zboshimchaliklarni ko‘rsatishga qaratilgan bo‘lsa-da, unda roman yozilgan davr ruhi kuchli. Asarni "Mehrobdan chayon" deb atash, ziyoli ulamolarni qaxramon qilib tanlashdan murod muqaddas dargoh – sajdagohdan chiqqan chayonsifat munofiq, qallob, tuban kimsalarga, hasadgo‘y, e’tiqodsiz kishilarga ishoradir. U 1934 yil qishloq hayotidan "Obid ketmon" qissasini yozdi. Asardagi Obid obrazini o‘zbek xalqining mehnat, dehqonchilik madaniyati bobidagi yetukligi timsoli, deyish mumkin. Yozuvchi bu obraz tasvirida xolis turib qishloq xo‘jaligini jamoalashtirish harakatining bir qancha tomonlarini haqqoniy ko‘rsatib kolxoz tuzumi oxir-oqibatda odamlardagi tashabbusni, shaxsiy egalik, manfaatdorlik tuyg‘usini so‘ndirishini aytdi.
Qodiriy asarlari, ayniqsa, romanlari, ko‘plab tillarga tarjima qilinib kelmoqda. Qodiriy zukko tilshunos, zabardast tarjimon sifatida ham katta ishlar qildi. N.V.Gogolning "Uylanish" (1935), A.P. Chexovning "Olchazor" (1936) asarlarini o‘zbekchaga tarjima qilgan. Qozonda bosilgan "To‘la ruscha-o‘zbekcha lug‘at"ni (1934) tuzishda ishtirok etgan. Qodiriyning 44 yillik umri 20 yillik ijtimoiy va ijodiy faoliyat davri keskin kurashlar, ta’qibu tahdidlar ichida o‘tdi. Rostgo‘y adib sho‘ro davri haqidagi badiiy asarlari, publisistikasida sho‘ro voqeligiga xos ziddiyatlarni, siyosatdagi xato va kamchiliklarni xolis turib ko‘rsatishga jazm etdi. 1926 yil "Mushtum"da bosilgan "Yig‘indi gaplar" hajviyasidagi tanqidiy mulohazalari uchun "aksilinqilobiy harakat qilganlik"da ayblanib qamoqqa olinadi, turli bo‘htonlar bilan sudlanadi. Sudda u mardona turib, o‘z sha’nini himoya qiladi va oqlanadi. Ammo 30-yillar o‘rtalariga kelib qatag‘on kampaniyasi avjiga chiqqach, Qodiriy 1937 yil 31 dekabr kuni hibsga olindi. 9 oylik qamoqdagi so‘roq-tergov, qiynoq, xo‘rlikdan so‘ng Cho‘lpon, Fitrat kabi maslakdoshlari bilan birga qatl etildi.
Qodiriy hibsga olingach, asarlari "zararli" sanalib o‘tda yoqildi, kutubxonalardan yo‘qotildi, ularni o‘qish taqiqlandi. Faqat 1991 yilda yurtimiz o‘z mustaqilligini e’lon qilganidan so‘nggina Qodiriyga yuksak hurmat va ehtirom ko‘rsatila boshlandi. Qodiriy Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti (1991), "Mustaqillik" ordeni bilan taqdirlandi (1994). Qodiriy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti ta’sis etilgan. Toshkent madaniyat institutiga, Toshkentdagi madaniyat va istirohat bog‘iga, katta ko‘chalardan biriga, respublikamizdagi ko‘plab madaniyat muassasalariga uning nomi berilgan. "O‘tkan kunlar" va "Mehrobdan chayon" romanlari asosida kinofilmlar (1969, 1996, 1973) va ko‘p seriyali telefilmlar yaratilgan.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q