Soyib Xo‘jayev o‘zbek xalqining Nasriddin afandisidek qiziqchi donishmand farzandi. Nasriddin afandi uzoq o‘tmishdan kelayotgan sevimli xalq qahramoni bo‘lsa, Soyib Xo‘jayev o‘tgan asrda yashab yuksak san’ati bilan xalqning ardoqli farzandiga aylangan shaxs.
Aytishlariga qaraganda, Soyib Xo‘jayevning otalari Andijon shahrining hozirga viloyat teatri yaqinida tug‘ilib o‘sgan. Keyinchalik xizmat taqozosi bilan Andijon viloyatining baland tog‘-tepaliklari bag‘ridagi Xonobod shahriga ko‘chib, muqim yashab qolgan. Shu yerda 1910 yili Soyib Xo‘jayev tavallud topgan.
O‘n bir yoshida otadan yetim qolgan Soyibjonni taqdir so‘qmoqlari Qo‘qon bolalar uyiga yetaklaydi. 1927 yili Qo‘qon teatrining rahbarlari “Halima” spektakli uchun ommaviy sahnalarga yigit-qizlar tanlash uchun bolalar uyiga kelishadi. Bir necha yigit-qizlarni taklif qilishadi. Ularning orasida 17 yoshga to‘lar-to‘lmas sho‘x, tiyrak, qiziqchilikka moyil Soyibjon ham bor edi. Bu ulug‘ san’at arbobi, qiziqchilik yulduzining tug‘ilishi edi.
Soyibjon Qo‘qon teatrida rollar o‘ynab, tezda xalq nazariga tushadi. Uning dovrug‘i Toshkentga yetib, 1937 yili poytaxtga taklif qilinadi va Muqimiy teatri tashkil bo‘lgach, unga o‘tib, to umrining oxirigacha shu san’at dargohining abadiy aktyori bo‘lib qoladi.
Muqimiy teatrida o‘ynagan yuzlab rollari o‘zbek musiqali drama janridagi xarakterli qiyofalar xazinasining durdonalariga aylangan. Soyib Xo‘jayev teatr bilan bir qatorda “Tabassum” radiojurnalida ham ko‘p yillar ishtirok etib, eshittirishga jon kiritgan. Xalq sayillari u kishisiz o‘tmas edi.
“O‘zbekfilm” studiyasida suratga olingan “Vatanga sovg‘a”, “Stadionda uchrashamiz”, “Yor-yor”, “Laylak keldi – yoz bo‘ldi”, “Farg‘ona qizi”, “Nasriddinning sarguzashti” kabi kinofilmlarda o‘ynagan rollari hozir ham xalqning olqishiga sazovor bo‘lmoqda.
Soyib Xo‘jayev komik rollarni nihoyatda qoyilmaqom ijro etgan. Har bir o‘ynagan roli so‘zlarining 60-70 foizini asosan o‘zi to‘qib qo‘shgan. Shu bois obrazlar jonli va jozibali chiqqan. U xalq o‘rtasida qiziqchilik qilib aytgan so‘zlari, xatti-harakatlari, hazil-mutoyibalari bugun ham hamkasblari, do‘stlari, muxlislari va shogirdlari tomonidan teleko‘rsatuv, radioeshittirish, bayram sayillari, tantanali marosimlarda ijro etilib, matbuot sahifalarida e’lon qilinib, xalqimizga ma’naviy ozuqa bermoqda, ma’naviyatimizni boyitmoqda. Soyib Xo‘jayevning umri 72 yoshida poyoniga yetgan ekan, o‘zbekning o‘lmas komik aktyori 1982 yil 2 mayda Andijonda vafot etadi.
Quyida dramaturg Haydar Muhammadning “Soyib Xo‘jayev hangomalari” (Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 2000) kitobidan parchalar e’tiboringizga havola etilmoqda.
Oltin soat qolib ketibdi
Bir kuni Muqimiy teatri artistlaridan bir guruhini mashhur bog‘bon Rizamat ota bog‘iga bir tadbirda xizmat qilish uchun chaqirishadi. Katta banket-bazmda ko‘shiq aytib, o‘ynab xizmat qilishadi. Lekin hech kim qistir-qistir qilmaydi. Oxirida sovg‘a-salom ham berishmay quruq xayrlashishadi.
Ular yengil mashinada borishgan bo‘lishadi. Mashinaga chiqib o‘tiramiz deyishsa, oyoq qo‘yadigan joylar uzumga to‘lib ketibdi. Bu guruhga Soyib Xo‘jayev bosh bo‘lib borgan ekan. Amallab o‘tirib yo‘lga tushishibdi. Yo‘lda Soyib Xo‘jayev bu uzumlarni kim keltirib qo‘ydi, deb o‘tirganlardan so‘raydi.
Boya bazm qizigan vaqtda bir ucharroq artist “Men chekib kelay”, deb chiqib ketgan ekan. U: “Men to‘ldirib qo‘ydim. Mezbonlarning muomalasidan quruq ketadiganga o‘xshaymiz. Boya kelayotganda bir shig‘il uzumli ishkomni ko‘z ostiga olib qo‘ygandim. So‘rasam, tajriba uchun olib qo‘yganmiz deyishgandi. Bordim-da, hammasini uzib, mashinaga joyladim”, deydi maqtanib, qoyil qildimmi, degandek.
– Yaxshi, endi buni nima qilamiz? – deb so‘raydi Soyib Xo‘jayev.
– Bo‘lishib olib yeymiz, – deydi u.
– Sening hali bola-chaqang yo‘q, shuncha uzumni yarimtaga alishib ichib, spektakllarga kelmay qo‘yasan. Mening bolalarim ko‘p, barini uyga olib ketaman, – debdi Soyib Xo‘jayev. Hech kim indamabdi.
Mashina ancha joyga borganda:
– Voy, qo‘limdagi oltin soatim qolib ketibdi. Mashinani qaytar, o‘sha yerga borib kelamiz, – debdi Soyib Xo‘jayev. Artistlar: “Qo‘ying endi, Soyibjon aka. Bitta soat deb yana shuncha joyga qaytib boramizmi?” deyishibdi. – Ey, bilasizlarmi, u soatni eng kattakon odam sovg‘a qilib, qo‘limga taqib qo‘ygan. Meni chaqirganda yoki oldiga borganimda soat yuryaptimi desa, yo‘qotib qo‘yganman, deymanmi. Ey, esing qursin, demaydimi, kattakon odam. Unda men nima degan odam bo‘laman. Yo‘q, qaytar, – deb turib olibdi. Nihoyat, mashina orqaga qaytibdi.
Bog‘ning oldiga borganda: “Endi uzumlarni tushiringlar! U yerga uzum bilan borsak bo‘lmaydi”, deb turib olibdi. Oxiri uzumni bog‘ning oldiga tushirishibdi. “Endi ketdik”, deyishibdi. Mashinaga o‘tirishib, banket-bazm bo‘lgan tarafga ketishayotganda: “Qaytar izingga, oltin soatim cho‘ntagimda ekan. Lekin vijdonimizni esdan chiqarib qoldirgan ekanmiz. Endi uyga ketdik”, degan ekan Soyib Xo‘jayev.
Mashhur qo‘shiqchi Azim Mullaxonov kasal bo‘lganda
Mashhur estrada qo‘shiqchisi Azim Mullaxonov O‘zbekiston xalq artisti Farog‘at Rahmatovaning o‘g‘li ekanligini ko‘pchilik bilmasa kerak. Azimjon go‘daklik vaqtida Muqimiy teatrida ishlaydigan onasi Kattaqo‘rg‘on shahriga gastrolga olib boradi. U vaqtda onalarga bolasi to‘rt oy bo‘lguncha tarbiya uchun vaqt beriladigan qonun bor edi. Hozirgidek uch yil emas. Shunda go‘dak isitmalab, qattiq kasal bo‘lib qoladi.
Kimdir shu yerda Qavs mozori borligi, unga go‘dakni olib borib ziyorat qildirsa, darrov tuzuk bo‘lishini aytadi. Farog‘at opa Soyib Xo‘jayev bilan ikkisi Azimjonni Qavs mozoriga olib borishadi. Farog‘at opa bolani qabrdan o‘ngga qarab aylantirish kerak desa, Soyib aka yo‘q, chapga qarab aylantirish kerak deydi. Xullas, Farog‘at opa bilganicha duo o‘qib, ixlos bilan ikki marta o‘ngga, ikki marta Soyib Xo‘jayev aytgandek, chapga aylantiradi.
Shunda Soyib aka:
– Porogserdsa (Farog‘at opani hazillashab shunday deb chaqirar ekan), o‘g‘ling tuzuk bo‘lsa, ertaga choyxonada osh qilib berasan, keladigan odamlarni o‘zim aytaman, – deydi.
– Soyibjon aka, osh sizdan aylansin, o‘g‘lim tuzuk bo‘lsa bo‘ldi, oshdan qochirasizmi? – deydi Farog‘at opa.
O‘g‘li tezda tuzuk bo‘ladi. Ertasi besh-olti kishiga choyxonada Farog‘at opa osh buyuradi. Soyib Xo‘jayev o‘zi taklif kilgan hamkasblari keladi. Maza qilib osh yeb bo‘lishgandan keyin ulfatlariga:
– Bu oshni Porogserdsa qildi. Endi besh-beshdan tashlab qo‘yasanlar. Xotin kishining oshini tekin yeb bo‘lmaydi, – deydi. Ular Soyib Xo‘jayevning aytganini qilishib, 5 so‘mdan tashlashadi. Pulni yig‘ib Farog‘at opaga beradilar.
Zindon enangning uyimidiki, chiroq yoqib qo‘yadigan
Muqimiy teatrining “Ravshan va Zulxumor” spektaklida zindonni teshib chiqish sahnasida Ravshan rolini Hamza Umarov, Ersak rolini Soyib Xo‘jayev o‘ynar ekan.
Bir kuni Soyib Xo‘jayev Hamza Umarovga:
– Postanovka bo‘yicha bilasan, zindonni men oldin teshib chiqaman, keyin sen chiqasan, shundaymi? – deydi.
– Shunday, – deydi Hamza Umarov.
Shunda Soyib Xo‘jayev:
– Bugun zindonni sen oldin teshib chiqasan, keyin men chiqaman, – deydi.
Spektakl chog‘ida Hamza Umarov zindonni teshib chiqib:
– Voy-bu, bu yer namuncha qorong‘i, – deydi.
Soyib Xo‘jayev:
– Zindon enangning uyimidiki, chiroq yoqib qo‘yadigan. Zindon qorong‘i bo‘ladi-da, deydi.
Zalda gulduros qarsak yangraydi.
Shu kuni asar muallifi Komil Yashin kelib, spektakl ko‘rayotgan ekan. Razzoq Hamroyevga: “Soyibjon topib aytdi, shu so‘zni pyesaga kiritib qo‘ying”, degan ekan.
Moskvaga sotishga uzum olib borib, zarar qilganmiz
Soyib Xo‘jayev artist Soat Tolipov bilan Moskvaga borayotib, kimningdir maslahatiga ko‘ra yo‘lkirani chiqazish uchun sotishga uzum olishadi. U vaqtlari poyezdda bir hafta yurilar ekan. Borguncha uzum aynib, tanini ham turg‘izolmay chuv tushishadi.
Bir spektaklda Soat Tolipov podsho, Soyib Xo‘jayev lashkarboshi rolini o‘ynaydi. Podsho lashkarboshiga:
– Palon yurtni bir hamlada bosib olganimiz esingdami? – deydi.
– Esimda, – deydi Soyib Xo‘jayev.
– Bo‘ysunmagan palon xalqni qatli om qilib qirib tashlaganimizni eslaysanmi?
– Shohim, o‘libmanmi esimdan chiqarib, hammasi esimda, – deydi-da, kutilmaganda podshohdan: – Olampanoh, Moskvaga uzum olib borib zarar qilganimiz esingizdami? – deb so‘raydi.
Zalda kulgi ko‘tariladi. Matnda yo‘q so‘zdan podshoh dovdirab qoladi. Ertasi Soyib Xo‘jayev rejissyordan tanbeh eshitadi.
Bosh hisobchi vazirdan zo‘r ekan
Soyib Xo‘jayev o‘g‘illaridan birini uylantirayotganda 70-yillar pulida 400 so‘mga zoriqib qoladi. Madaniyat vazirining oldiga kirib, yordam berishini so‘raydi. Vazir sira iloji yo‘qligini aytib kuzatib qo‘yadi. Vazirning oldidan chiqib, san’at boshqarmasi boshlig‘idan 400 so‘m qarz to‘g‘rilab berishini so‘raydi. U yerdan ham iloj yo‘qligi haqida javob olib chiqadi.
Muqimiy teatriga, ishxonasiga kelib, xomush yurganida direktor ko‘rinadi. Direktorga ham dardini aytadi. Undan ham rad javobini oladi. Boyvachcha qo‘shnisidan so‘raydi. U yoshi oltmishdan oshgan odamga qarz berib bo‘lmaydi, deb hazil aralash ko‘nglini sindiradi.
Xullas, ertasi kuni repetitsiyaga yarim soat oldin kelib xomush o‘tirsa, teatrning bosh hisobchisi o‘ris chol oldiga kelib: “Soyibjon, sen yordam ber, bir dori topolmayapman, seni hamma taniydi”, deb murojaat qiladi. “Retsepti bormi?” – so‘raydi Soyib Xo‘jayev. “Bor, mana”, deb cho‘ntagidan retseptni olib beradi chol. Soyib Xo‘jayev o‘zi a’zo bo‘lgan hukumat dorixonasiga borib, dorini olib kelib beradi. Bosh hisobchi xursand bo‘lib oladi.
Soyib Xo‘jayev chiqib ketayotganda: “Soyibjon, agar senga pul-mul zarur bo‘lib qolsa, menga aytsang to‘g‘rilab beraman. Keyin oyligingdan surishaveramiz”, deydi. Birdan tuyga 400 so‘m zarurligi esiga tushib qolib, hisobchiga dardini aytadi. “Shuni menga oldinroq aytsang bo‘lardi-ku”, deb kassirga 500 so‘mga qog‘oz yozib beradi. Borib kassirdan 500 so‘mni sanab oladi, ishi bitib, to‘yi jaranglab o‘tadi. Shunda mening qulog‘imga:
– Qoyil, bug‘oltir, ministrdan zo‘r ekan, – deganlari esimda.
Suvdan ko‘proq solib, turli taomlar pishirib turing
Soyib Xo‘jayev bir kuni uyiga telefon qilib:
– Xonim, nima ovqat qilyapsiz? – debdi.
Xotinlari Fayzixon oyim:
– Ovqat qilmayapman, – debdilar.
– Nega? – Soyib Xo‘jayev hayron bo‘lib so‘rabdi.
– Xo‘jayev, bilasiz, uyda go‘sht yo‘q, un, guruch tugagan.
– Unday bo‘lsa, men uyga borguncha suv-havodan ko‘proq solib, turli taomlar tayyorlab turing, men tezda yetib borib, birga so‘rida yonboshlab ovqatlanamiz, – debdi Soyib Xo‘jayev.
“Ya vashe gore pozdravlyayu”
Bir kuni Muqimiy teatrining direktor o‘rinbosari Yarashevskiyning xotini o‘lgan ekan. Unga teatr nomidan hamdardlik bildirish uchun Razzoq Hamroyev boshchiligidagi vakillar gulchambar olib yo‘lga tushadilar.
Yo‘lda Soyib Xo‘jayev Razzoq Hamroyevdan:
– Razzoqjon, o‘zbekchada o‘lganning qarindosh-urug‘lariga “Bandalik-da, xudo rahmat qilsin, sizga xudo sabr bersin!” deyishadi, O‘rischada nima deyishadi, – deb so‘rabdi.
Razzoq Hamroyev:
– Ya vashe gore razdelyayu, deyishadi.
Soyib Xo‘jayev bora-borguncha “Ya vashe gore razdelyayu”, deb yod olib ketaveribdi. Marhumning uyiga borib, hamma hamdardlik bildiribdi. Soyib Xo‘jayev ham Yarashevskiyni bag‘riga bosib: “Ya vashe gore razdelyayu”, deyish esidan chiqib qolib, “Ya vashe gore pozdravlyayu”, deb yuboribdi. Ta’ziyaga borganlar teskari qarab piq-piq kulishibdi.
Qatra
Bilasizmi?
Hikmat
Qatra
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q