Bilasizmi?
Amir Temur (1336–1405) – Amir Tarag‘ay Bahodir o‘g‘li, Movarounnahrni mo‘g‘illar istibdodi va tanazzuldan olib chiqib, tashqi va ichki xavf-xatarlarga qarshi xalqni birlashtira olgan, xalqaro munosabatlarda eng oqil yo‘llarni topa bilgan buyuk davlat arbobi, yengilmas sarkarda, o‘rta asrlardagi eng katta va qudratli davlatlardan birining bunyodkori, jang san’ati va qonunlarini ishlab chiqqan jahongir lashkarboshi.
Amir Temur Sohibqiron, Ko‘ragon sifatlari bilan ham mashhur. Temuriylar sulolasi unga asoslanadi. U Kesh viloyatining Xo‘jailg‘or qishlog‘ida tug‘ilgan. Amir Temur XIV asrning 1370 yilida Movarounnahrning barcha viloyatlarini birlashtirgan mustaqil davlatchilikka asos soldi. 1370–1405 yillar davomida mazkur davlat asosida Osiyoning 27 mamlakatini o‘zida birlashtirgan ulkan saltanat tuzib, bu davlatning har tomonlama taraqiyoti va tinchligi, shuningdek, ma’naviy madaniyatining yuksalishi, gullab-yashnashi, o‘tmish davrlar ajoyib an’analarining yangi tarixiy vaziyatda qayta tiklanishi uchun sharoit yaratdi. Amir Temur tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, me’morchilik va tarix fanlarini o‘zlashtirgan, turk, arab va fors xalqlari tarixini, diniy, dunyoviy va falsafiy bilimlardan yaxshi xabardor bo‘lgan, butun umr olimu fuzalolar, hunarmandu bunyodkorlarga homiylik qilgan. Amir Temur davlati qurilishi, harbiy san’ati ko‘p asrlar davomida Sharqu Gʻarb davlatlariga o‘rnak va andoza bo‘ldi. Uning zamonida madaniyat, ilmu fan, me’morchilik, tasviriy san’at, musiqa, she’riyat beqiyos rivoj topdi, xalqimizning ko‘p an’analari takomilga yetdi. Amir Temurning madaniyat va din ahllariga ko‘rgazgan cheksiz mehr-muruvvati, ayniqsa, ibratlidir.
Amir Temur Samarqandni jahonning eng go‘zal shaharlaridan biriga aylantirdi, atrofidagi qishloqlarga Bag‘dod, Qohira, Damashq, Forish (Parij) kabi nomlarni berish bilan poytaxtning ulug‘vorlik mavqeini oshirishga harakat qildi. Amir Temurning bashariyat oldidagi o‘lmas xizmatlarini ma’rifatli jahon munosib baholab kelmoqda. Sohibqiron yubileyining YUNESKO tomonidan xalqaro miqyosda keng nishonlangani ana shu e’tirofning yorqin dalilidir. Markaziy Osiyo Uyg‘onish davri Amir Temur va uning avlodlari hukmronligi yillarida mustahkam negizga ega bo‘ldi. Amir Temurning yurtimiz, qolaversa, insoniyat ravnaqiga qo‘shgan madaniy va ma’naviy hissasini ixcham tarzda quyidagicha ifodalash mumkin: Amir Temur o‘z davlatini aql-zakovat va huquqiy asos bilan idora etgan... Uning “Davlat ishlarining to‘qqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushini qilich bilan amalga oshirdim”, degan so‘zlari buning yorqin dalilidir; ikkinchidan, Amir Temur bundan 600 yil avvaloq hech qanday davlatning qo‘shnilari bilan o‘zaro aloqa tuzmasdan, ya’ni bugungi til bilan aytganda, hamkorliksiz istiqboli bo‘lmasligini teran va yaxshi anglagan… Amir Temur qator xorijiy mamlakatlar bilan shu jumladan, Fransiya, Ispaniya, Genuya, Angliya, Xitoy bilan diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘ydi. Amir Temur tashqi siyosatida xalqaro iqtisodiy-savdo aloqalarini keng miqyosda yo‘lga qo‘yish, undan barchani, avvalambor, o‘zining xalqini bahramand etish bosh g‘oya bo‘lib xizmat qilgan.
XXI asrda siz bilan biz xalqaro miqyosda adolatli tarzda yaratmoqchi bo‘lgan integratsiya makoni haqida Amir Temur bundan 600 yil burun bosh qotirgan va shu yo‘lda siyosat yuritgan. U barpo etgan yagona iqtisodiy-savdo maydonida bugungi kun uchun ham, bugungi zamon uchun ham ibratli bo‘lgan vaziyat mavjud edi. Amir Temurning mana bu so‘zlari bunga dalildir: “...Saltanatimning u chetidan bu chetigacha biror bolakay boshida bir lagan tilla ko‘tarib o‘tadigan bo‘lsa, bir donasiga ham zarar yetmaydigan tartib-intizom o‘rnatdim”; uchinchidan, Sohibqironning bunyodkorlik sohasidagi tarixiy xizmatlari undan ham beqiyos. Amir Temur va uning avlodlari sa’y-harakatlari bilan qurilgan madrasalar, masjidlar, xonaqohlar, saroylar, bozorlar, ko‘priklar, yo‘llar, bekatlar, hammomlar, kanallar, qal’alar va boshqa qator imoratu inshootlarning son-sanoqi yo‘q. Amir Temurning bevosita rahnamoligida bunyod etilgan Bibixonim jome masjidi, Go‘ri Amir va Ahmad Yassaviy, Zangi ota maqbaralari, Oqsaroy va Shohi Zindadagi me’moriy moʻjizalar, Bog‘i Chinor, Bog‘i Dilkusho, Bog‘i Behisht, Bog‘i Baland singari o‘nlab go‘zal saroy-bog‘lar va boshqa inshootlar shular jumlasiga kiradi... Tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiyning guvohlik berishicha, Amir Temur “Obodonchilikka yaraydigan biron qarich yerning ham zoye bo‘lishini ravo ko‘rmasdi”. Tarix bu ko‘hna dunyoda o‘tgan ko‘p jahongirlarni biladi. Ularning aksariyati faqat buzgan. Amir Temurning ulardan farqi shundaki, u umr bo‘yi bunyodkorlik bilan mashg‘ul bo‘lgan. Uning “qay bir joydan bir g‘isht olsam, o‘rniga o‘n g‘isht qo‘ydirdim, bir daraxt kestirsam, o‘rniga o‘nta ko‘chat ektirdim”, degan so‘zlari fikrimizning dalilidir.
Amir Temur bir haqiqatni yaxshi anglagan – jamiyat e’tiqodsiz yashay olmaydi. Odamlarga din kerak, iymon kerak, ishonch kerak. U o‘z “Tuzuklari”da shunday deydi: “har yerda va har vaqt islom dinini quvvatladim”. Amir Temurning Qur’oni Karimni yod bilgani, diniy bahslarda yirik ulamolar bilan barobar so‘z yuritgani uning ma’naviyati, iymonu diyonati qanchalar pok va mukammal ekanini bildiradi. Ma’lumki, diniy ta’limot va tarbiyatning jamiyat hayotidagi o‘rni va xizmati nihoyatda katta. Amir Temurning islom diniga bo‘lgan munosabatidagi eng muhim qirra, bu – musulmonchilik aqidalarining jamiyat osoyishtaligi, ravnaqi, ijtimoiy adolat, iymon butunligi, ma’naviy poklik uchun xizmat qildirishga safarbar etilishidir. Bugun dunyoning qariyb 50 mamlakatida temurshunos olimlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Temur va temuriylar davri haqida ko‘plab kitoblar nashr etilmoqda... O‘tgan olti yuz yil mobaynida Amir Temurga bag‘ishlab yaratilgan jiddiy asarlar soni Yevropa tillarida 500 dan ziyod, Sharq tillarida esa 900 ga yaqinni tashkil etadi.
Buyuk jahongir Amir Temur sohibqiron o‘limi oldidan avlodlariga shunday vasiyat qilgan: “...Men shundan taskin topamankim, podshohlik davrimda kuchlilarning ojizlarga ozor berishlariga yo‘l qo‘ymadim. Xalqlar osoyishtaligi borasida qaram fuqarolardan xabardor bo‘lib turinglar, qat’iyatli va mardonavor bo‘linglar. Ulkan davlatni menday uzoq yillar davomida boshqarish uchun qo‘llaringdagi shamshirni sharaf va nomus bilan mahkam tutinglar... Agar, sizlar mening vasiyatlarimga amal qilsalaringiz va boshqa ishlaringizda adolatga, shafqatga ko‘ra ish tutsalaringiz, tinchlik-osudalik Turon zaminida uzoq vaqt saqlanadi. Agarda o‘zaro nizolarga yo‘l qo‘ysalaringiz, dushmanlar to‘polon va tartibsizliklarni boshlaydilarki, ularni jilovlashning iloji qolmaydi. Sizlar bir jon, bir tan bo‘lsalaringiz, hech kim mening so‘nggi vasiyatlarimni bajarishlaringizga monelik qila olmaydi”. Bu dono vasiyatlar asrlar osha bizning davrimizga qadar yetib keldi. Undan xuddi hozirgi davrning nafasi sezilib turganday. Ulug‘ bobokalonimiz bizni adolatga, sodiqlikka, birlikka chorlamoqda. O‘zaro nizo, adovatlardan xoli bo‘linglar, deb, insof, shafqat va halollikka undamoqda. Mamlakatimiz istiqlolga erishgach, Amir Temur shaxsi yana Vatan va millat timsoliga aylandi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q