Bilasizmi?
Feminizm (fransuzcha feministe, lotincha femina – ayol) – ayollarni kamsitishlardan xalos etishni targ‘ib qiladigan, huquq va burchlarini jamiyatdagi ijtimoiy voqealar hosilasi sifatida o‘rganadigan oqim.
Feminizm Fransiya burjua inqilobi davrida vujudga kelgan bo‘lib, xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va madaniy sohalarda erkaklar bilan teng huquqqa ega bo‘lishi uchun kurashi, shuningdek, ijtimoiy-siyosiy kurashda ishtirok etishini targ‘ib etadi. Tarixdan ma’lumki, ayollar hukmronligi davridan erkaklar hukmronligi davriga o‘tish ayollarning jamiyatda tutgan o‘rnini o‘zgartirdi, ularning ijtimoiy hayotdagi ishtirokini cheklab, faoliyatini oila doirasiga tushirib qo‘ydi. Shu davrdan boshlab jamiyat va oilani boshqarish erkaklar qo‘liga o‘tdi, ayollar esa farzandlarni dunyoga keltirish, tarbiyalash, oila bekasiga aylanib, erkaklarga moddiy va ma’naviy jihatdan qaram bo‘lib qoldi. Lekin taraqqiyot jarayonida ijtimoiy-siyosiy munosabatlarda yuz bergan o‘zgarishlar kishilarning hayotga munosabati o‘zgarishiga olib keldi.
Ijtimoiy hayotda adolat, ozodlik, inson qadr-qimmatini e’tirof etish g‘oyasi asta-sekin yetila boshladi. Ayni paytda sanoatning rivojlanishi, urbanizatsiya jarayonining jadallashuvi arzon ishchi kuchiga ehtiyojni kuchaytirdi. Natijada ayollar arzon ishchi kuchi sifatida ishlab chiqarishda qatnasha boshladi. Bir tomondan, ozodlik g‘oyasining vujudga kelishi, ikkinchi tomondan, ularning ishlab chiqarishda qatnashuvi va erkaklar kabi erkin yashashga haqli ekani hamda jamiyat taraqqiyotiga o‘z ulushini qo‘sha olish g‘oyasining vujudga kelishiga zamin hozirladi. 1789 yilda fransuz faylasufi J.Kondorse "Ayollarga fuqarolik huquqini berish haqida" deb nomlangan maqolasini chop ettirdi va unda ayollarning jamiyat a’zosi ekanini ta’kidlab, millatning bir qismi sifatida ularga nisbatan munosabatni tubdan o‘zgartirish kerak, degan qarashni ilgari surdi. 1791 yili Olimpiya de Guj "Fuqarolik va ayol huquqi deklaratsiyasi"ni tayyorladi hamda ayollarning erkin fikrlash va o‘z fikrini erkin e’lon qilish huquqiga ega ekanini ta’kidladi. Bu deklaratsiya ayollar harakatining birinchi manifesti hisoblanadi. Shuning uchun ana shu vaqtdan boshlab de Guj hamda uning tarafdorlari feministlar, ularning harakati esa feminizm deb atala boshladi.
Hozirda feminizm qadimgi va yangi bosqichlarga bo‘lib o‘rganiladi. Qadimgi feminizm XVIII asrda vujudga kelgan bo‘lib, XIX asr oxirigacha o‘z ta’sirini saqlab qoldi. Bu davrda xotin-qizlar barcha yirik ijtimoiy harakatlarda ishtirok eta boshladi. Fransiyada xotin-qizlarning tenglik uchun kurashiga bag‘ishlangan birinchi jurnal chop etildi. Dastlab xotin-qizlarning inqilobiy klublari paydo bo‘ldi va ular siyosiy kurashlarda faol qatnashdi. Bu davrdagi asosiy sa’y-harakatlar xotin-qizlarning oiladagi tutqunligiga qarshi qaratilgan bo‘lib, ularning erkaklar bilan siyosiy teng huquqqa ega bo‘lishiga erishishga yo‘naltirilgan edi. Buning uchun ular ma’lumot olishi, erkaklar bilan barobar ishlashi va haq olishini yoqlab chiqish talab qilinar edi. Buni amalga oshirish o‘ta murakkab hodisa bo‘lib, XX asrda AQSH Konstitutsiyasi tahlil etilib, unda ayollarning saylanish va saylash huquqiga ega ekani e’lon qilindi. Bu holat feminizm g‘oyasining yanada keng miqyosda tarqalishiga hamda yangi, xilma-xil feministik oqimlarning vujudga kelishiga sharoit yaratdi.
Yangi feminizm ayollar tengligi uchun kurash g‘oyasini qadimgi feminizmdan meros qilib olish bilan birga, o‘ziga xos bo‘lgan xususiyatlarga ham ega edi. Yangi feministik oqimning yo‘nalishlarini shartli ravishda to‘rtga bo‘lib o‘rganish mumkin. Bulardan tashqari, konservativ g‘oyaga ega bo‘lgan antifeministik yo‘nalishlar ham mavjud. Konservativ yo‘nalish namoyandalari Zigmund Freyd nazariyasiga asoslanib, ayollar oila va onalik vazifasini bajarishi lozimligini mutlaqlashtiradi hamda ayollarning kamsitilishini inkor qiladi. Ayollarning jamiyat va oilada yuqori mavqeni egallashi, ularning asosiy ishi – farzand ko‘rish, uni parvarish qilish va tarbiyalash ekani e’tirof etilib, ishlab chiqarishda qatnashish esa ularning faoliyat doirasiga kirmaydi, degan g‘oya ilgari suriladi. Liberal feminizm jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar orqali ayollar bilan erkaklarning teng huquqligiga erishish mumkin, degan fikrni yoqlab chiqadi. Bu oqim namoyandalari M.Uoltonkraft, G.Mill, J.Mill kabi ingliz feminist olimlarining ayollarni tengligi haqidagi nazariyalariga tayanadi hamda shu asosda ayollarning erkaklarga huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy qaramligiga barham berish uchun ayollar bilim olishi, uni doimiy ravishda takomillashtirib borishi, erkinligini ta’minlash uchun imkoniyatlarga ega bo‘lishi; bozor iqtisodiyoti sharoitida mehnat jarayonida teng ishtirok etishi; bozor sharoitlariga moslashuv jarayonini tezlashtirishda ayollarning nufuzini oshiradigan qonunlar qabul qilish zarurligi kabi g‘oyalar o‘rtaga tashlanadi.
Radikal feminizm XX asrning 60-yillarida vujudga kelgan. U o‘zining ko‘pgina g‘oyalari bilan liberal feminizmdan farq qiladi. Uning e’tibor markazida ayollarning tabiiy xususiyatlari yotadi. Radikal feminizm ayollar bilan erkaklar tengligi g‘oyasini inkor etib, barcha eziluvchilarni ozod qilishni targ‘ib etadi. Ular quyidagi g‘oyani ilgari suradi: ayollar qadimdan birinchi eziluvchi guruhni tashkil etadi; ayollarni ezish jahonda keng tarqalgan ijtimoiy hodisa bo‘lib, tahqirlashning shafqatsiz shaklidir. Radikal feminizm nafaqat jamiyat tizimini o‘zgartirishni, balki farzandlar tarbiyasini ham o‘zgartirishni talab qiladi. Radikal feminizm namoyandalari amerikalik olimlar Firesto "Jinslar dialektikasi", O. Brayn "Reproduktiv siyosat" nomli asarlarida tibbiyot, din, urf-odatlar, zurriyod qoldirish, irqchilik, ekologiya hamda siyosiy nazariyalarni tahlil qilib, erkaklar ustunligini ta’minlaydigan asoslarni ilmiy jihatdan ifodalab berishga harakat qilgan. Radikal feminizm erkaklar hukmronligi ayollarga zug‘um o‘tkazish manbai ekanini isbotlaydigan oqim sifatida mashhur. Ular ayollarning jinsiy a’zolarini sterilizatsiya qilish, homilani sun’iy yo‘l bilan tushirish, kontraseptiv vositalardan foydalanish haqidagi qonun va boshqa me’yoriy hujjatlarni doimiy ravishda nazoratga olish lozimligini ta’kidlaydi.
Sotsialistik feminizm ayollarni mustabid tuzum tazyiqidan xalos etishni targ‘ib etadigan va biologik omilni hisobga olmagan holda ularning mavqeini jamiyatdagi ijtimoiy voqealar hosilasi sifatida o‘rganadigan oqim. Bu nazariya sobiq sovet davrida amalga oshirilishi natijasida mintaqalarda umumiy savodxonlik, o‘rta va oliy ta’lim bo‘yicha ma’lumot darajasi ortdi (xotin-qizlar orasida ham), tibbiy xizmat va ijtimoiy yordam tarmog‘i rivojlandi, erkaklar va ayollarning teng huquqliligi (siyosiy tenglik, bir xil mehnat qilish, bir xil maosh olish kabi) qonun bilan mustahkamlandi. Sovet hukumati xotin-qizlarning ishlab chiqarishda yuqori darajada ishtirok etishini ta’minladi, natijada, ular uchun uydan tashqarida erkaklar bilan barobar ishlash imkoniyati, ya’ni ayollar uchun muhit yaratildi, ammo uy-ro‘zg‘or ishlarining og‘ir yuki ayollar zimmasida qolaverdi. Aslida rasmiy huquq tengligi bilan yashiringan imkoniyatlarning real tengsizligi bugungi kunda ham mavjudligi, ayrim olima, siyosatchi, san’atkor ayollarning erishgan yutuqlariga qaramay, xotin-qizlarning kamsitilishi hozir ham davom etayotganini ko‘pchilik tan olishni istamaydi.
Mustaqillik sharoitida yurtimizda ayollarning jamiyatdagi nufuzini oshirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, oilani qo‘llab-quvvatlash borasida juda ko‘p ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, ayollar huquqini himoya qilish borasida to‘plangan xalqaro tajribalardan foydalanib, tegishli milliy dasturlar ishlab chiqilmoqda va amaliyotga izchil tatbiq etilmoqda.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q