Bilasizmi?
Asketizm (yunoncha aske – biror narsa bilan mashg‘ul bo‘lish) – zohidlik, qanoat qilib yashash, moddiy boyliklardan imkon qadar kamroq foydalanish tuyg‘usiga asoslangan g‘oya.
Uning nazariy asoslari va dastlabki ko‘rinishlari Sharqda, qadimgi Xitoyda, Yunoniston (Sparta davlatida) va boshqa o‘lkalarda shakllangan. Tibetda lama diniga mansub ruhoniylar, Markaziy Osiyoda tarkidunyochilik va darveshlikni targ‘ib qiluvchi oqimlar o‘rta asrlarda o‘ziga xos asketizm maktablariga asos solingan. Tasavvuf tariqatida ham bu g‘oya tarafdorlari uchraydi. Xristian dinida bu dunyo rohatlaridan voz kechib, faqat toat-ibodatga berilganlar asket deb ataladi. Bu g‘oya ba’zi hollarda boylik va mol-dunyoga berilganlarga qarshi yashash va umrguzaronlik qilish tarzi sifatida ham namoyon bo‘ladi.
Protestantizmda “bu dunyoda asketizm” tamoyili mavjud. Unga ko‘ra, bu dunyodagi sabr-qanoat narigi dunyoda albatta rohat-farog‘at bilan mukofotlanadi. Asketizmda moddiy va ma’naviy-ruhiy asoslarni ajratib alohida ko‘rsatish mumkin. Moddiy asketizm odatda mulkdan voz kechish, oilaviy munosabatlarni inkor etish yoxud uning jamiyatdagi o‘rni va ahamiyatini cheklash, ehtiyojlarni tabiiy va sun’iy turlarga ajratgan holda, tabiiy ehtiyojlar ustunligini ta’kidlashda namoyon bo‘ladi. Ma’naviy-ruhiy asketizm esa turli ma’naviy-madaniy va intellektual ehtiyojlardan voz kechish, ma’naviy qashshoqlikni ulug‘lash, jamiyat ma’naviy-intellektual hayotida ishtirok etishni cheklash, hatto ba’zi hollarda fuqarolik huquqi va siyosiy huquqlarga amal qilishdan bo‘yin tovlash kabi ko‘rinishlarda namoyon bo‘lishi mumkin. Ayrim falsafiy oqimlar vakillari ilgari surgan ta’limotlarda asketizm ijtimoiy emas, balki individual hayot tarziga xos hodisa sifatida talqin etiladi. Masalan, kiniklar barcha tabiiy, hissiy ehtiyojlarni cheklash va oliy ma’naviy maqsadlarga intilish lozimligini targ‘ib etgan. Ana shu oqimning yorqin vakili – tilanchilik bilan kun kechirgan va bochka ichida yashagan Diogen nazarida, oliy maqsadga erishish yo‘lida davlat ham, oilaviy munosabatlar ham, axloqiy qadriyatlar ham to‘sqinlik qilmasligi kerak.
O‘rta asrlarda asketizm yerdagi hayotda o‘ta kamtarlikni, barcha tabiiy ehtiyojlarni cheklashni, hayot boyliklari va uni san’atda aks ettirishda vazminlik hamda yuksak ma’naviy timsollarga intilishni targ‘ib etadi. Xristianlik dini nazariyotchilaridan biri Avgustinning fikricha, yegulik va ichkilik, hid va tovushlar, rang va shakllardan lazzatlanish o‘ta xavflidir. Shuningdek, u diniy e’tiqodga xizmat qilmaydigan, Yaratganga nisbatan ishonchga tayanmagan voqelikni o‘rganishga ehtiros, borliqni anglash yo‘lidagi sinchkovlik va qiziquvchanlik qo‘llab-quvvatlanishi mumkin emas, deb uqtiradi. Mazkur tushunchaning mazmun-mohiyatini o‘rgangan italiyalik sotsiolog V.Pareto asketizmni xohish-istaklarning patologik shakli, ijtimoiylikni g‘ayritabiiy tarzda his etishga tayanishni ta’kidlaydi. Uning fikricha, kishilar barcha ehtiyojlarini qondirish imkoniyatiga ega bo‘lmagani sababli ularning aksariyatidan voz kechishga majbur bo‘ladi. Xohish istaklarni cheklashga xizmat qiladigan hissiyotlar foydalidir. Ammo ularning haddan tashqari rivoji, Pareto nazarida, asketizmga olib keladi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q