Bilasizmi?
Soʻfiy, faqih[1] va sayyidzodani bir-biridan ajratgan bogʻbon
Bir bogʻbon bogʻida oʻgʻriday kezib yurgan uch kimsani koʻrib qoldi. Bittasi faqih, boshqasi sayyidzoda, uchinchisi soʻfiy, ularning har biri surbet, yovuz va munofiq edi. Bogʻbon oʻyladi: “Ularning gunohiga yuzlab dalillarim bor. Lekin ular koʻp. Koʻpchilik esa katta kuch. Men bir oʻzim uchta odamga qarshi borolmayman. Shuning uchun avval ularni bir-biridan ajrataman. Har birini boshqalaridan ayirib, bir oʻzi qolgach, moʻylovini bittalab yulaman”. U soʻfiyni nari joʻnatib, doʻstlari bilan orasini buzish uchun bir hiyla oʻylab topdi va soʻfiyga dedi: “Hovlimga bor. Bu doʻstlarimiz uchun bir gilam keltir”.
Soʻfiy ketib, uning ikki sherigi bilan yolgʻiz qolgach, dedi: “Sen faqihsan, u esa – dongʻi chiqqan sayidzoda. Biz sening fatvong bilan non yeymiz, sening ilming qanotida uchamiz. Bu esa bizning sultonimiz, Mustafo (s.a.v.) ahlidan boʻlmish shahzodamiz. U xasis ochofat soʻfiy kim boʻlibdiki, sizdayin sultonlar qatorida oʻtirsa? U qaytib kelgach haydab yuboring. Mening bogʻu rogʻim bir hafta sizning ixtiyoringizda boʻlsin. Bogʻ nima boʻlibdi? Jonim ham sizga sadqa boʻlsin. Axir siz men uchun oʻng koʻzimdaysiz!” Bogʻbon ularni aldab, yoʻldan urdi. Oh, doʻstlarni yoʻqotish naqadar ayanchli!
Soʻfiyni oʻz yoʻliga joʻnatib yuborishdi. U ketarkan, bogʻbon qoʻlida yoʻgʻon tayoq bilan xuddi gʻanimday uning izidan borib, dedi: «Hoy, it! Mening bogʻimga gʻarazli maqsad bilan kirding. Soʻfiylik shu boʻldimi endi? Senga Junayd[2] shunday yoʻl koʻrsatdimi yo Boyazid[3]mi? Nima bu niyat, senga qaysi shayx yoki pirdan keldi, ayt?!» Shundan soʻng bogʻbon yakkalanib qolgan soʻfiyni oʻlguday kaltaklab, boshini yordi.
Soʻfiy dedi: “Mening boʻlarim boʻldi. Ammo, ey oʻrtoqlar, siz hushyorroq boʻling! Siz meni begona deb bildingiz. Endi ehtiyot boʻling. Men sizga bu ablahdan ortiq begona emasdim! Men nimaniki tatib koʻrgan boʻlsam, siz ham tatib koʻrgaysiz. Bunday sharbatga har bir yaramas munosib. Bu olam xuddi togʻ kabi, aytgan soʻzlaring aks-sado boʻlib oʻzingga qaytadi”.
Bogʻbon soʻfiyni gumdon qilgandan soʻng yana shunday bir bahona oʻylab topdi. U dedi: “Ey sayyidzodam! Uyga borib keling, nonushtaga yupqa non yopib qoʻygandim. Eshik oldidagi xizmatkorga ayting, oʻsha nonlarni va gʻozni keltirsin”.
Sayyidzodani joʻnatib yuborgach, faqihga yuzlandi: “Ey uzoqni koʻrguvchi! Sen faqihsan, bu hech shubhasiz, aniq va ishonchlidir. Anavi tagi past aslzodalik nasabini daʼvo qilmoqda. Ammo kim bilsin, onasi kimlar bilan yotgan? Sizlar ayolga va uning feʼliga koʻngil qoʻyasizlar. Aqli kaltaga ishonib boʻlarmidi? U oʻzini Ali (q.s.)ga va Paygʻambar(s.a.v.)ga bogʻlaydi, bizning zamonda ahmoqdan koʻpi yoʻq”.
Kimki zinodan boʻlgan va oʻzi zinokor boʻlsa, Xudoning bandalariga nisbatan ana shunday gumon qiladi. Kimning boshi aylanishdan aylansa, unga goʻyoki uy aylanayotganday tuyuladi. Oʻsha vaysaqi-bogʻbon nimaiki degan boʻlsa, uning oʻziga tegishli boʻlib, Paygʻambarning avlodidan yiroq edi. Agar u murtadlar avlodidan boʻlmasa, Rasulning oilasi haqida shunday degan boʻlarmidi? U oʻz uydirmalarini aytdi, faqih tingladi. Shundan soʻng johil va nobakor bogʻbon sayyidning orqasidan borib, dedi: “Ey eshak! Seni bu yerga kim chaqirdi? Paygʻambardan senga oʻgʻrilik meros boʻlib qoldimi? Sherning bolasi sherga oʻxshaydi, sen nimang bilan Paygʻambarga oʻxshaysan, ayt?” Xorijiy[4]lar Yosin[5] ahliga nima qilgan boʻlsa, bu kimsa ham sayidzodaga shunday qildi. Uning gʻarazi xuddi dev[6]u gʻul[7]larning doimiy nafratiga, Shamru Yazid[8]ning Paygʻambar ahliga nisbatan gʻaraziga oʻxshardi!
Oʻsha zolim bogʻbonning kaltaklaridan holi xarob boʻlgan sayidzoda faqihga yuzlanib dedi: “Biz suvning yuzasiga qalqib chiqdik! Bardam boʻl, ayni damda bir oʻzing yakkalanib qolding. Endi boraver, nogʻoraday qorningga tayoq yeyishing tayin. Garchi sen oʻylaganday, na sayidzoda, na sening tenging, na suhbatdoshing boʻlsam-da, bu zolimning oldida sendan koʻra zaif emasman. Sen meni bu ochkoʻzga berib, ahmoqona yoʻl tutding. Evaziga baxtsizlik orttirding!”
Bogʻbon sayidzodadan qutulib kelgach, baqirdi: “Hoy faqih! Sen qanday faqihsan oʻzi! Sen johilga ham isnodsan. Birovning bogʻiga kirasan-u, «Mumkinmi?” deb soʻramaysan. Ey qoʻli kesik, bu sening fatvoingmidi? “Vasit” [9] kitobida shunga ruxsat berilganini oʻqidingmi yo bu masala “Muhit” [10]risolasida bitilganmi?» Faqih dedi: “Haqqing bor. Ur, uraver, sen gʻolibsan, doʻstlaridan voz kechgan kimsaning jazosi shu” [11].
Oʻtinfurushning eshagi sultonning otxonasida bedov arabiy otlarning yem-xashagi bisyor ekanini koʻrib, shunday toʻkinchilikni havas qilgani
Bu hikoya shundan saboq beradiki, hatto oʻta nochor ahvolda qolsang ham Tangridan afv etishini soʻrab, shukrona va qanoatdan ortiq hech vaqo istamaslik kerak. Chunki tangri seni afv etsa, koʻngling tilagan narsalarning barchasi senga huzur va halovat baxsh etadi. Oʻzing his qilmagan har qanday baxt oqibatlari esa azob-u uqubat keltiradi. Sen bu azoblarni koʻrmaysan, zotan, ovchi tuzoq qoʻyganda donni oshkora sochib tashlaydi, tuzoq esa koʻzga koʻrinmaydi. Sen tuzoqqa tushganingni xayolingga ham keltirmay, “koshki koʻproq donlarni terib olsam!” degan xomxayolga berilasan. Binobarin, donlarning tagida tuzoq yoʻq, deb oʻylaysan.
Bir oʻtinchi va uning ogʻir mehnatdan qaddi halqadek bukilgan eshagi bor edi. Eshakning orqasi yukdan yagʻir boʻlib ketgan. Oʻziyam oʻlimiga rozi boʻlib, uni kutib yashardi. Unga arpa tugul, hatto quruq somonni ham toʻygunicha berishmas, orqasi esa kaltak va temir xalachoʻp izlariga toʻlib ketgandi. Miroxur – podshoh sayislarining boshligʻi, uni koʻrib, rahmi keldi. Chunki u eshakning egasini tanirdi. U eshak egasi bilan salomlashib hol-ahvol soʻragach, nima sababdan bu eshakning holdan toyib qolganini surishtirdi. “Mening qashshoqligim va aybim tufayli bu bechora indamasga poxol ham yoʻq”, deb javob berdi u.
“Uni menga bir necha kunga berib tur, podshoh otxonasida kuchga toʻlib, biroz oʻziga kelsin”, dedi miroxur. Oʻtinchi eshakni berib yubordi. U saxovatpesha odam uni sulton otxonasining oʻrtasiga bogʻlab qoʻydi. Eshak oʻz atrofida qorni toʻq, silliq, koʻrkam va bir-biridan durkun arabiy otlarini koʻrdi. Oyoqlari ostidagi yer supurilgan, suv sepilgan, vaqt-vaqti bilan arpa, pichan beriladi. Eshak otlarni qanday qashlab, siypab-tarashlarini koʻrib, tumshugʻini koʻkka choʻzib nola qildi: “Ey buyuk Rabbim! Men garchi eshak boʻlsam ham, sening maxluqing emasmanmi? Nima uchun men baxtsiz, qiltiriq va orqasi yagʻirman? Tunlari bel ogʻrigʻi va och qorin bilan har lahza oʻlimni orzu qilib yotaman. Bu otlar esa yaxshi boqilgan va juda yoqimtoy. Nima sababdan har balo-yu har jazoga giriftorlik uchun men tanlanganman?”
Shu lahza toʻsatdan jangga chaqiriq yangradi. Zotdor otlarning egarlanish va zahmat chekish payti keldi. Ular gʻanim oʻqlaridan yaralanib, har tomondan otilgan nayzalardan badanlari ilma-teshik boʻldi. Jangdan arang qaytgan zotdor otlar otxonaga kirishi bilanoq chalqancha yiqildilar. Ularning oyoqlari latta bilan chandib bogʻlangan, baytarlar (hayvonlar tabiblari) bir safda tizilgan edi. Ular yaralardan oʻqlarni olib tashlash uchun otlarning tanalarini tigʻ bilan ayovsiz kesardilar. Bu holni koʻrgan eshak dedi: “Ey Xudo, men faqirlikka roziman, faqat toʻrt mucham sogʻ boʻlsa bas! Bu farovonlikdan va uning evaziga keladigan ayanchli jarohatlardan jirkanaman!” Bas, shunday ekan, sihat-salomatlik istagan har kimsa bu dunyoni rad etgay.
Zargar ishning oqibatini koʻrgani va undan tarozi soʻragan kishiga oqibat tarzini tushuntirgani
Bir kishi zargarning oldiga kelib: “Menga tarozingni berib tur, zarimni oʻlchab olay”, deb aytdi.
Zargar dedi: “Bor joʻna, menda gʻalvir yoʻq”.
U dedi: “Ustimdan kulma, men tarozi soʻrayapman”.
Zargar javob berdi: “Doʻkonimda supurgi yoʻq”.
U dedi: “Yetar endi, hadeb mazax qilaverma! Men faqat tarozi soʻrayapman, beraqol, oʻzingni karlikka solib har tomonga urma!”
Zargar javob berdi: “Gapingni eshitdim, kar emasman, bemaʼni gapiryapti, deb oʻylama! Eshitdim, lekin sen qaltirab turgan cholsan, qoʻllaring titraydi, taning ham xastalikdan oʻzini boshqara olmaydi. Zarlaring esa mayda qirindilardan iborat, qoʻling qaltirarkan, zar zarralari sochilib ketadi. Shundan soʻng: «Xoja, menga supurgi olib kel, tuproqdagi oltinlarimni axtaray!” deysan. Tuproqni supurib yiqqaningdan soʻng: “Menga gʻalvir kerak, ey saxovatpesha”, deb aytasan. Men avvalda turib oxirni koʻrdim, endi bu yerdan ketib, boshqa joyga bor, vassalom!»
Boʻyoqchining xumiga qulab tushgan shoqol tovuslikni daʼvo qilgani
Rang chaplangan shoqol sekin kelib taʼna qilguvchining qulogʻiga dedi: “Menga va mening rangimga boq! Hatto butparastda ham mendek sanam yoʻq! Men yuz rangli va yoqimli gulzordek boʻldim, mendan bosh tortma, menga sajda qil! Bu shon-u shavkat, rang-u jilo va tovlanishga boq; meni bu dunyoning shoni va din ustuni deb ata! Men Haq lutfining mazhariga, Kibriyolar sharhining lavhiga aylandim. Ey shoqollar, qaranglar, meni shoqol deb atamanglar, axir shoqolda shunday chiroy boʻladimi?”
Barcha shoqollar sham atrofidagi parvonadek oʻsha yerda jam boʻldilar: “Ayt, ey javhariy! Seni nima deb ataylik?”
U dedi: “Mushtariydek tovus”.
Shunda unga dedilar: “Jon tovuslari gulistonda jilva aylaydi. Sen ham shunday jilva aylaysanmi?”.
U dedi: «Yoʻq, choʻldan oʻtmay turib Mino[12] vodiysiga qanday borishim mumkin?
“Sen tovuslarday sayray olasanmi?”.
U dedi: “Yoʻq”.
“Unda sen tovus emassan, xoja Bulaʼlo!”[13] Tovusning xilʼati Gʻaybdan keladi, tuslanish va daʼvolar orqali unga erisha olarmiding?”
Xachirning tuyaga: “Men har doim mukka tushib yiqilaman, sen esa kamdan-kam holda yiqilasan”, deb shikoyat qilgani
Xachir tuyaga dedi: “Ey koʻngilga yaqin oshno! Past-u baland va tekis yoʻllarda sen qoqinmay, ravon ketasan, men esa xuddi yoʻl yoʻqotgan singari qoqinganim-qoqingan. Yer xoh quruq, xoh hoʻl boʻlsin, men har lahza yuztuban yiqilaman. Nima sababdan shunday boʻlishini ayt, toki men qanday yashashni bilib olay!”
Tuya dedi: “Mening koʻzlarim senikidan yaxshiroq koʻradi va bundan tashqari, ular yuqoridan qaraydi. Men baland togʻning choʻqqisiga chiqsam, togʻ soʻqmogʻining oxirini diqqat bilan kuzataman. Shunda yoʻlning barcha past-u balandliklarini Alloh koʻzimga namoyon etadi. Har bir qadam bosganimda koʻzimga qarab, turtinish va yiqilib tushishdan oʻzimni qutqaraman. Sen oldinda bir, ikki, uch qadamni koʻrasan, xolos. Donni koʻrasan, ammo tuzoq azobini koʻrmaysan”. Bekatda, tushishda, yoʻlda sizlar uchun koʻr va koʻzi ochiq tengdir. [14]
Haq ona qornidagi homilaga jon berganida uning aʼzolari va taʼbiga bir-birini oʻziga tortishni singdiradi; yemish bilan u tanasining qismlarini jalb etib, oʻrish-arqogʻini toʻqiydi. Qirq yoshga toʻlgunga qadar, oʻsish davrida Haq uni qismlar jazbiga ishtiyoqmand qiladi. U ruhga qismlarni oʻziga tortishni oʻrgatdi, qismlar yagona Shohga tortilishi haqida qanday bilmaslik mumkin? Bu zarralarning jamlovchisi Quyoshdir; u qismlaringni yemishsiz qanday jalb etishni biladi. Uyqudan uygʻongan payting U seni tark etgan his-u idrokingni tezda chaqiradi. Bilgilki, ular Undan judo emaslar, qachon U “Qayt!” deb amr etsa, ular qaytadilar.
Jaloliddin Rumiyning
“Maʼnaviy masnaviy”idan hikoyatlar
Nasriy bayon mualliflari:
Odil Ikrom, Oydinniso
[1] Faqih – shariat hukmlarini mukammal bilgan, fiqh fani bilan shugʻullanuvchi odam.
[2] “Toj-al-orifin», “Sulton-al-muhaqqiqin”, “Ustod-al-tariqat” nomi bilan mashhur boʻlgan Junayd Nahovandiy (Bagʻdodiy).
[3] “Sulton-ul-orifin», “Burhon-ul-muhaqqiqin” laqabi bilan shuhrat topgan, tasavvufdagi tayfuriya oqimiga asos solgan Abuyazid Tayfur Iso oʻgʻli.
[4] Xorijiy – tashqaridagi. Ali (r.a.)ning xalifaligini inkor qilib, unga qarshi fitna qoʻzgʻagan toʻda. Ali (r.a.)ni oʻldirgan ham (661 y) xorijiylardan biri edi.
[5] Yosin – Muhammad (s.a.v.) laqablaridan biri.
[6] Dev – bahaybat, qoʻrqinchli shaklda tasavvur etiladigan mavhum bir maxluq.
[7] Qarang: 748-bayt izohi.
[8] Yazid ibn Muaviya – ummaviylar qabilasi xalifalaridan. Muhammad (s.a.v.) ning nevarasi Husayn Ibn Ali Yazid yuborgan va Shamr boshchilik qilgan qoʻshin bilan kechgan jangda oʻldirilgan.
[9] “Vasit” – “Vosita”, Abu Homid Muhammad Gʻazzoliy tomonidan tuzilgan huquq ilmiga doir kitob nomi.
[10] “Muhit” – “Al-Muhit”, (“Qamrovchi”), huquq ilmiga doir bir necha risolalarni oʻz ichiga olgan kitob nomi.
[11](Ey iymon keltirganlar!) Allohga va Uning Rasuliga itoat etinglar, bir-biringiz bilan janjal qilmanglar, yoʻqsa qoʻrqoqlashib qolursizlar va shamolingiz (shashtingiz) qaytur (quvvatingiz va davlatingiz qoʻldan ketur). (Shu bois) sabrli (va xushfeʼl) boʻlinglar. Chunki Alloh sabr qilguvchilar bilan birgadir (“Anfol” surasi, 46-oyat).
[12] Mino – Makkada joylashgan vodiy, ziyoratchilar zulhijja oyining 8-sanasidan 9-sanasiga oʻtar kechani Mino vodiysida oʻtkazadi.
[13] Bulʼalo – islomda yaxshilik bilan nom chiqargan kishi.
[14] (Yana) ayting: “Koʻr kishi bilan koʻzi ochiq kishi barobar boʻlurmi? Axir, fikr yuritmaysizlarmi?” (“Anʼom” surasi, 50-oyat).
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q