Bilasizmi?
Ma’naviy tajovuz – muayyan millat, jamiyat, davlatning tinchligi va barqarorligiga qarshi qaratilgan, siyosiy va konstitusion tuzumni zaiflashtirish va buzishga yo‘naltirilgan, shaxs va jamiyat xavfsizligi, ma’naviy, ruhiy dunyosiga tahdid soluvchi g‘oyaviy-nazariy qarashlar va shunga asoslangan amaliyot majmuini ifodalaydigan tushuncha.
Tili, dini, e’tiqodidan qat’i nazar, har qaysi odamning tom ma’nodagi erkin bo‘lib yashashiga qarshi qaratilgan, uning aynan ruhiy dunyosini izdan chiqarish maqsadini ko‘zda tutadigan mafkuraviy, g‘oyaviy va informatsion xurujlar ma’naviy tajovuz hisoblanadi. Ma’naviy tajovuz vayronkor kuchlarning o‘z moddiy, siyosiy manfaatlarini ko‘zlagan holda har xil markazlar tomonidan biron-bir mamlakatga nisbatan ichkaridan yoki tashqaridan turib bevosita amalga oshiriladigan ma’naviy buzg‘unchilikning muayyan shaklidir. Ular o‘z maqsadlariga erishish uchun har qanday usullardan, odamlarning ma’naviy-ruhiy hissiyotlari, milliy tuyg‘ulari, har qanday jamiyatda mavjud ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy muammolardan, shuningdek, zamonaviy texnologiya, telekommunikatsiya, OAV, Internetdan ustalik, g‘irromlik, noxolislik bilan foydalanishga harakat qiladi. Hozirgi davrda ma’naviy tajovuz deganda, aholining ayrim qatlamlari, ayniqsa, yoshlar ongi va qalbiga ta’sir qilib, ularning qarashlarini o‘zlariga ma’qul yo‘nalishda o‘zgartirish, diniy ekstremizm, vayronkorlik, buzg‘unchilik, axloqsizlik g‘oyalarini zimdan targ‘ib-tashviq etib singdirish kabi g‘arazli maqsadlar anglanadi. Ma’naviyatga qarshi qaratilgan har qanday tajovuz, tahdid o‘z-o‘zidan mamlakat xavfsizligi, uning milliy manfaatlari, jismonan va ma’nan sog‘lom avlod kelajagini ta’minlash yo‘lidagi jiddiy xatarlardan biriga aylanishi va oxir-oqibatda jamiyatni inqirozga olib kelishi mumkin.
Ma’naviy tajovuzkorlar ko‘pincha turli niqoblar, jozibali shior va g‘oyalar niqobi ortida ish ko‘radi. Bunday kuchlar ixtiyorida juda katta moddiy, moliyaviy resurslar va imkoniyatlar mavjud bo‘lib, ular puxta o‘ylangan hamda davomli maqsadlariga xizmat qilmoqda. Hozirgi davrda dunyoning ayrim hududlarida ana shunday harakatlar natijasida katta ma’naviy yo‘qotishlar yuz bermoqda, millatlarning asriy qadriyatlari, milliy tafakkuri va turmush tarzi izdan chiqmoqda, axloq-odob, oila va jamiyat hayoti, ongli yashash tarzi jiddiy xavf ostida qolmoqda. Eng yomoni, bunday ma’naviy xurujlarning pirovard maqsadi odamni o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurti va xalqidan tonishga, vatanparvarlik tuyg‘ularidan mahrum etishga va hamma narsaga loqayd bo‘lgan shaxsga aylantirishga qaratilgan. Xudbinlik va loqaydlik, mahalliychilik, korrupsiya va manfaatparastlik, boshqalarni mensimaslik, hasad, sotqinlik singari illatlar ham ma’naviy tajovuzlar tarkibiga kiradi. Hozirgi davrda turli eski va yangi g‘oyalar kurashi har qachongidan ham ko‘ra shiddatli tus olmoqda. Rangbarang, ba’zan bir-biriga mutlaqo zid dunyoqarashlar siyosiy, milliy, diniy oqimlar, mazhab va sektalar o‘rtasidagi fikr talashuvlari goho bahs-munozara doirasidan chiqib, qonli to‘qnashuvlar, ommaviy qirg‘inlarga sabab bo‘lmoqda, odamlar boshiga behisob qayg‘u-kulfatlar solmoqda. Bu tortishuvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – inson, avvalambor, yoshlar qalbini egallash, muayyan mamlakat yoki mintaqadagi biror mamlakat yoki xalqning ongiga, uning sezgi-tuyg‘ulariga ta’sir o‘tkazish, uni o‘z dunyoqarashiga bo‘ysundirish, ma’naviy jihatdan zaif va tobe qilishdan iboratdir. Uch ming yillikdan ziyod o‘zbek davlatchiligi tarixi shundan dalolat beradiki, har qanday zo‘ravon bosqinchilar va yurtimizda hukmronlik qilmoqchi bo‘lgan kuchlar yovuz niyatlariga erishish uchun, avvalo, milliy manfaatlarimizga tajovuz qilib, madaniyat va an’analarimizni yo‘q qilish, shu yo‘l bilan bizni ma’naviy jihatdan zaiflashtirishga, kuch-qudratimizni yo‘qotishga harakat qilganlar.
Bugungi hayot oldimizga qo‘yayotgan achchiq haqiqat shundan iboratki, agar kimda-kim bizning mustaqil taraqqiyot yo‘limizni, orzu-maqsadlarimizga erishish yo‘lini, yangi huquqiy demokratik davlat va jamiyat barpo etish yo‘lini to‘smoqchi bo‘lsa, avvalo, hali suyagi qotmagan, mustaqil dunyoqarashi shakllanib ulgurmagan yoshlarning ongi va qalbining mo‘rtligidan foydalanib, ularning ma’naviyatini buzib, o‘zbek xalqining azaliy tabiati va muqaddas odatlariga mutlaqo zid bo‘lgan vayronkor g‘oyalar jozibasi bilan chalg‘itib, o‘zining g‘arazli va jirkanch niyatlarini amalga oshirish yo‘lida qurol qilib olishga urinadi. Bugun dunyoda globallashuv jarayoni haddan ziyod kuchaygan hozirgi davrda bunday markazlar va kuchlar o‘z g‘arazli maqsadlarini amalga oshirish uchun har qanday usullarni ishga solmoqda. Ular bu borada katta kuch va mablag‘ sarflab, odamlarning milliy, diniy hissiyotlaridan, bizning moddiy hayotimizda mavjud bo‘lgan o‘tkinchi iqtisodiy-ijtimoiy qiyinchiliklardan foydalanishga urinmoqda.
Bugun tobora takomillashib, hayotga chuqur kirib borayotgan telekommunikasiya va Internet kabi zamonaviy vositalardan ham o‘zlarining razil niyatlari yo‘lida makkorlik bilan foydalanishga harakat qilmoqda. Shu sababdan ham tarbiyaviy-axloqiy masalalar, ma’naviy hayotda, kerak bo‘lsa, milliy manfaatlarimizga mos keladigan siyosatni izchil olib borishda o‘z yo‘limizni yo‘qotmasligimiz uchun hech qanday ma’naviy bo‘shliqqa yo‘l qo‘ymasligimiz darkor. Chunki, bugungi kunda dunyoda borayotgan kurashlar orasida eng katta, eng ta’sirchan kurash, avvalo, ma’naviyat, mafkura maydonlarida yuz bermoqda. Ma’naviy tajovuz va xatarlarga qarshi o‘z vaqtida qat’iyat va izchillik bilan kurash olib borilmasa, turli zararli oqimlar O‘zbekistonga ham shiddat bilan yopirilib kirishi, yoshlarni o‘z girdobiga tortib ketishi, oqibatda ular ota-ona, el-yurt oldidagi burchi va mas’uliyatini o‘ylamaydigan, faqat bir kunlik hayot bilan yashaydigan egoist-xudbinlarga aylanib qolishi mumkin.
Bizga ma’naviy-mafkuraviy tahdid solishi mumkin bo‘lgan ayrim tashkilotlar o‘rta asrlarda mavjud bo‘lgan musulmon xalifaligini tiklash yo‘lida faoliyat ko‘rsatmoqda. Albatta, bundan o‘n to‘rt asr burungi voqelikni bugun amalda qayta tiklab bo‘lmasligi ayon. Lekin ularning niyati – yagona ma’naviy-mafkuraviy makon barpo etib, islom dinini siyosiylashtirish va shu asosda hukmronlik qilish, hokimiyatni qo‘lga kiritishdan iborat. Hozirgi davrda xalifalik kabi, "erkin demokratiya" va turli "ochiq jamiyat modellari"ni eksport qilish, jamiyat va davlat qurilishining "universal loyiha"larini tashqaridan import qilish yoki tiqishtirish yo‘lidagi urinishlar ham Ma’naviy tajovuz sifatida baholanmog‘i lozim. Aslida, insoniyat tarixida barchaga birdek ma’qul bo‘ladigan boshqaruv modeli hech qachon bo‘lmagan. Ma’naviy tajovuzning "ommaviy madaniyat" niqobi ostida axloqiy buzuqlik va zo‘ravonlik, individualizm, egosentrizm g‘oyalarini tarqatish va shuning hisobidan boylik orttirish, boshqa xalqlarning necha ming yillik an’ana va qadriyatlari, turmush tarzining ma’naviy negizlariga bepisandlik, ularni qo‘porishga qaratilgan shakllari ham mavjud. Hozirgi vaqtda axloqsizlikni madaniyat deb bilish va aksincha, asl ma’naviy qadriyatlarni mensimasdan, eskilik sarqiti deb qarash bilan bog‘liq holatlar taraqqiyot va yoshlar tarbiyasiga tajovuz qilmoqda.
Ma’naviy tajovuz shakllarining aksariyati informatsion xuruj va uydirmalarni tarqatish orqali yuz bermoqda. Bugungi kunda tobora kuchayib borayotgan bunday xatarlarga qarshi doimo sergak, ogoh va hushyor bo‘lib yashashimiz zarur. Bunday tahdidlarga qarshi har tomonlama chuqur o‘ylangan, puxta ilmiy asosda tashkil etilgan, muntazam va uzluksiz ravishda olib boriladigan ma’naviy tarbiya bilan javob berish mumkin. Hozirgi davrda har birimiz ma’naviy tajovuzlarga nisbatan loqaydlik, beparvolik va beg‘amlik illatidan xalos bo‘lishimiz, har bir fuqaro yurtimizda, jahonda sodir bo‘layotgan har qanday voqea, hodisa, jarayonlar menga, mening taqdirimga bevosita daxldor deb hisoblamog‘i darkor.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q