Bilasizmi?
Geosiyosat (yunoncha geo – yer, politika – hudud yoki davlatni boshqarish san’ati) – siyosiy atama bo‘lib, davlatning tashqi va ichki siyosatining yo‘nalishi, uning maqsad va vazifalariga, xususan, geografik joylashuvi, mavjud zaxiralar orqali boshqa hududlarga muayyan darajada ta’sir o‘tkazishi kabilar bilan bog‘liq tushuncha.
Bir qarashda, geosiyosat ma’naviyat bilan bog‘liq emasdek tuyiladi. Aslida esa muayyan mamlakat geosiyosatni yuqorida tilga olingan omillardan tashqari ijtimoiy, madaniy va ma’naviy jihatlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Globallashuv davri geosiyosatining barcha imkoniyatlari inson ravnaqi va xavfsizligiga safarbar etilishi zarur. Bu, o‘z navbatida, kishilarning ma’naviy poklanishi, davlatlararo va insonlararo munosabatlarning yangicha mazmun kasb etishiga xizmat qiladi. Geosiyosat atamasini ilmiy muomalaga shvetsiyalik siyosatshunos olim R.Chellen olib kirgan. Bu atama I jahon urushi arafasida keng qo‘llanila boshladi. O‘sha davrda yashagan nemis olimi F.Ratsel (1844–1904) davlat siyosati va mamlakatning geografik holati o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik va aloqadorlikka xizmat qiladigan yangi geosiyosiy konsepsiyaning nazariy asoslarini ishlab chiqadi. Puxta o‘ylangan mafkuraviy asosga tayangan ushbu konsepsiyada “alohida makonni his etish” g‘oyasi ilgari surilib, o‘z chegaralarini o‘zgartirishni (kengaytirishni) maqsad qilgan davlatlar sa’y-harakatini oqlash borasidagi intilish ko‘zga tashlanadi. K.Xausxofer (1869–1946) geosiyosat tushunchasini bunday talqin etish an’anasini davom ettirib, mohiyatan tajovuzkorlik tabiatiga ega bo‘lgan “nemis millati hayotiy makoni” g‘oyasini ilgari surib, uning ekspansionistik, imperialistik konsepsiyasini ishlab chiqdi. Uchinchi reyxning o‘ziga xos mafkuraviy quroliga aylangan geosiyosat nazariyasining ana shu ko‘rinishi nemis mumtoz geosiyosiy maktablari doirasida amalga oshirilgan tadqiqotlar natijalarini inkor etib keldi. Amerikalik admiral A.T.Mexen (1840 – 1914) dengiz bo‘yi va quruqlikda joylashgan davlatlar o‘rtasida abadiy ziddiyat mavjudligi g‘oyasiga tayanib, okean va dengiz kommunikatsiyalari hamda portlari ustidan nazorat o‘rnatilishi muayyan mamlakatning uzoq vaqt davomida dunyoda geosiyosiy ustunligini ta’minlashi mumkinligi ta’kidlanadi.
XX asrning 80-yillarida jahonning “bipolyar” geosiyosiy tuzilishining inqirozga yuz tutishi hamda taraqqiyotning “ko‘p vektorlik” tendensiyasining yaqqol namoyon bo‘lishi tamoman yangicha geosiyosiy yondashuvlarning paydo bo‘lishi va shakllanishiga sabab bo‘ldi. Masalan, P.Galluaning “Geosiyosat qudrat manbalari” (1990) asarida davlatning imkoniyatlari, kuch-qudrati, uning hududi, aholisi, geografik holati, chegaralari va zaxiralariga (shu jumladan, eng yangi ommaviy qirg‘in qurollariga ega ekani) bog‘liqligi e’tirof etiladi. XX asr oxiriga kelib dunyo siyosiy xaritasi o‘zgarishi bilan bu sohada ham muayyan o‘zgarishlar ro‘y berdi. Ammo dunyo bu bilan xavfsizroq bo‘lib qolgani yo‘q. Ma’lumki, dunyodagi yirik davlatlar, xususan, juda katta moddiy, moliyaviy imkoniyatlarga ega bo‘lgan turli markaz va siyosiy doiralarning puxta o‘ylangan geosiyosiy rejalari zamirida rivojlangan mamlakatlar qatoridan o‘rin olishga intilayotgan yangi mustaqil davlatlarni o‘ziga tobe qilish, bo‘ysundirish, boyliklarini egallab olish, ma’naviyatidan judo etish maqsadida namoyon bo‘ladi.
O‘zbekistonning yer usti va yer osti boyliklari, G‘arb va Sharqni o‘zaro bog‘lab turgan makon sifatidagi imkoniyatlari, aholisi, ishlab chiqarish va ilmiy salohiyati hamda boshqa jihatlari ulkan imkoniyatlarga ega, kelajagi buyuk mamlakat ekanini tan olgan rivojlangan mamlakatlar o‘zining geosiyosiy strategiyasida ana shu omillarni e’tiborga olib, O‘zbekiston bilan barcha sohalarda o‘zaro manfaatli va teng huquqli aloqalarni yanada rivojlantirish zaruratini anglab yetmoqda. Bu hol O‘zbekistonning jahon geosiyosiy sahnasida o‘ziga xos o‘rin egallab borayotganidan dalolat beradi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q