Xonaqohning mushugi, Xizr suvi, oq-u qora bir yoʻlda – ming BIR naql


Saqlash
22:03 / 30.03.2023 0 1080

Xonaqohning mushugi

 

Xonaqohda pir, murid, mushuk muqim edi.

Murid – oshpaz, mushuk pirning atrofida parvonadek aylanardi, uxlardi... Pir "vatan" sayrida uzoq boʻlardi...

...

Mushuk dasturxonga ijozatsiz yaqin kelmasdi.

Pir tamaddi vaqtlari:

– Yoʻlbars bu, yoʻlbars, – deb mushukni suyardi.

...

Oshpazning ovozi pirning sayrini buzdi, shovqin tashqariga olib chiqdi.

...

Mushuk hovlidagi yakkatut tepasida hurpayib turar, oshpaz tayoq bilan oʻdagʻaylab mushukka harba qilardi.

...

Pir surishtirdi:

– Ne boʻldi?

– Goʻsht oʻgʻirladi bu, goʻsht!

Pir oshpazga ishorat qildi. Oshpaz hovuridan tushdi. Pir mushukni yoniga chorlab, yalinchoq soʻradi:

– Yoʻlbarsim, ne jin urdi seni?

Mushuk tutdan tushib, bostirmaga oʻtdi. Bir vaqt koʻzlari yumuq, jish mushukbolani pirning oyoqlari tagiga olib kelib qoʻydi...

Pirning koʻzidan yoʻlbarsning jasorati, shiddati, gʻururi, vijdoni, oriyati yosh boʻlib oqdi. Hadik, mutelik, tobelikka evrildi, oʻgʻri mushuk boʻlib tiklandi. Pir shivirladi:

– Yoʻlbarsimizni biz oʻgʻri qilibmiz-ku?!

...

Xonaqo mushugining soyasi kattalashdi, quyuqlashdi, pirni, hovlini, gʻubor oldi...

 

Mullakalar

 

Yoʻqlama, imtihon deganlari bilan azaldan kelishmayman. Tabiatimga begona. Tamom...

Bu amallarsiz oʻqitishning kemtikligiyam bor gap. Yoʻqlamani dekanatdagi "MULLAKA"lar talab qilishadi. Ishning yurishi shu, tushunaman. Koʻnikkanmiz...

...

Yil boshida talabalarga bir gapni, albatta aytaman:

– Toshkentda Samarqand darvoza degan mahalla bor, bilasizmi? Eski qabriston, yonida masjid turibdi. Qodiriyning oʻgʻli otasiga ramziy qabr tiklagan. Aytadilarki, Kumushbibi shu qabristonga dafn qilingan, Qodiriy savdoyi Zaynabga shu yerda duch kelgan...

...

Mahalla, qabriston, masjidga tegishli voqea, sanalar koʻp...

Boboxon aka degan hamkasbim boʻlardi (Yaratgan rahmatga olgan boʻlsin). Asl Samarqand darvozalik, bobolari qalandarlarga pir oʻtgan – toʻralarning avlodi. Mahalla odamlari, qabriston, masjid hangomalarini shu odamdan eshitganman.

...

«Bir odam boʻlardi. Qabristonda, masjid atrofida, koʻcha-ko'yda uchrab qolardi. Birovlar tentak, boshqalar kamsiq, kimdir xislatli, deb aytardi.

Masjidda uch-toʻrt chol gapirishib oʻtirsa, shu odam kelibdi. "Ikki rakat sizlarga qoʻshilib namoz oʻqisam, ertaga oʻtib qolsam, xotintaloq mullalar, "Bunga janoza joiz emas, namoz oʻqimagan, desa guvoh oʻtarsiz" deb chollarga qoʻshilib namoz oʻqibdi. Ertasi, shu odam chindan oʻtib qolibdi, shunda mulla: "Bu jinni edi, janoza oʻqilmaydi!" debdi. Chollar "Bizga qoʻshilib namoz oʻqigan, guvohmiz", deyishibdi...»

...

Mullaka – svetofor. Shahar koʻchasidagi tartibni svetofor boshqaradi. Choʻlda, keng dala-dashtda bu xil jilov kerak emas. Erk kishining oʻzida...

KISHI ERKKA OSHIQ...

Har sohaning oʻz mullakalari boʻladi...

Mullakaning koʻnglidagi "BIR QOʻSHLIK YER"ga tom solib olgani, tomini zindonga aylantirgani YOMON...

...

Daryo toshqin, suvlar shoshqin oʻtolmayman,

Otim ariq manzilimga yetolmayman...

...

Talabalarga: Sizga tarix aytdim. Tarixni naqlga aylantirdim. Bizning fanimizning mohiyati shunda... deb gap boshlab, "Bismillo..."dan nariga oʻtaman...

 

Teshik chelak yoxud holatlardan HOLga YOʻL...

 

Ismimning tub maʼnosi Quyosh oʻgʻli mazmunini beradi. Aytsam, eshitgan xuddi Goʻroʻgʻli Quyosh oʻgʻli ekaniga shubha bilan qaragandek ajablanadi.

Bu – KOʻNIKMALAR tuqqan tasavvur.

Odam koʻnikmalarga tutqun. Koʻnikmani yoʻqotish qiyin. Yangi koʻnikma eskini unuttiradi. Odamzod bu usulni avvaldan puxta egallagan. Shu sabab dinlar yangilansada ibodat manzili oʻzgarmay qolgan. Eskisini buzib, poydevoriga yangisini tiklashgan, erinsa taʼmirlab oʻzlariga moslagan. Koʻnikmada tushuncha qotib qoladi. U hukmdek kuchga ega boʻladi. Kishiga ertayu kech bir soʻzni takrorlab, uqtiring. U shu soʻzning quliga aylanadi. Qancha koʻp: “Ogoh boʻling”, desangiz, odamlar yoʻq dushman, xavfidan sarosimaga tushib, uzluksiz shubha , qoʻrquv iskanjasida qaltiraydi. Boshqa narsalarni oʻylashga vaqt ham topa olmaydi. Xuddi qul xoʻjasining jazosidan qoʻrqqandek faqat qoʻrquv, shubhalar zanjirining shaldirashini eshitadi, qoʻrquvga tushadi. Bu zanjirni oʻzi sudrab kelayotganini xayoliga ham kelmaydi. Xuddi soyasini unutib SOYAga sajda qilayotgan kimsaga oʻxshaydi. OʻZining ham SOYA boʻlganini unutadi.

Koʻnikmalar hayratni oʻldiradi. HOLni HOLATlar boʻgʻoviga soladi... “Axlatga qaramang, qalbingiz oʻladi”, Koʻnikmalar juvozga qoʻshilgan otdek, kishini bir oʻqqa ipsiz bogʻlab aylantiradi. Eng ulkan koʻnikma bu – NAFS koʻnikmasi.

Moddiy oʻlchamda qirq kishining bir mayizga toʻyishi, nafsni haq deb bilgan MEZONni hayratlantiradi. Yemak-ichmak nafsning birlamchi sodda ASKARi... Sifat berib, uni: “hayvoniy nafs”, deyishadi.

***

Ovchi xalqi kuzatuvchi, sinchi, har bir harakatdan saboq olishga usta, sezgir, ayniqsa, ayiq ovlash hadisini olgan boʻladi. Ovchi koʻnikmalar yasovchisidir.

***

Kuz tabiatning ajib fasli. Kuz – hosil yigʻib, sarhisob qilinadigan mavsum. Har kim ekkanini kuzda oʻradi. Joʻja kuzda sanaladi. Kuz – gʻalvir suvdan koʻtariladigan DAM. Jami tiriklik, kuzda oziq toʻplaydi. Qish sinov, yakuniy toʻxtam. Qishdan kuz hosili omon olib chiqadi. Insonning bir umr topgani, yiqqani umr KUZida taroziga tushadi. Aytadilar: “Ulugʻ safarga chiqqaningda TANU JONing umr OVCHIsiga moʻljal boʻladi. Toʻrt oyoqli choʻbin tulporga chiqasan. Bor topgan tutganing darvozanggacha kuzatib, ortingda qoladi. Farzandu qarindosh, doʻsti yorlaring qabrgacha eltib, lahatni berkitib, ustingga tuproq tortadi. Tamom. «Taborak”ni oʻqishib, izlariga qaytadi. Hech kim qabrga kirib mayit bilan yotmaydi. Koʻngling hosiligina OʻZing bilan ketadi...

***

Ayiq olmani xush koʻradi. Togʻda, yovvoyi olmalar pishganda, tepadan: choʻqqi, bellarni oshib, ayiqlar bitta-bitta olmaxoʻrlikka tushib keladi. Bir xillarining bolalari irgʻishlab ergashadi. Ana shunda kelgan ayiq ketib qolmasin, deb ovchi qoldirgan “hiyla” ish beradi. Ovchi olmazorning har-har yeriga, tubi teshik chelaklarni qoʻyib ketgan boʻladi... Nafsning TUBI TESHIK CHELAGIni – oʻpqonini...

Ayiq aqlli hayvon, nima qilishini oʻzicha biladi. Odamzodga taqlidda ayiqqa yetadigani yoʻq. Odamning chelakda narsa tashishini koʻrgan. Ayiq chelak topganidan yayraydi. Olmali daraxtlarni silkitib mevasini qoqib, chelakka soladi. Chelagi toʻlib koʻtarsa, olmalar duv toʻkilib, chelak boʻm-boʻsh qoladi... Ayiq hayron, hozirgina chelak toʻla edi. Koʻtardi, chelak boʻm-boʻsh qoldi. Ayiq qayta boshdan chelakni toʻldiradi, koʻtaradi... Yana... chelak boʻsh.

“AYIQ”qa ... boʻsh chelak – oshu non edi, yedi, bir zum rohatini tan koʻrdi, unutdi. Pul edi qoʻlning kiri boʻldi. Mansab edi izidan quvdi, yetmadi. Suyumli ayollar edi, vafo topmadi. Barisi HECH boʻldi, holatlar evrilaverdi... chelagim toʻldi, deganda boʻm-boʻsh qolaverdi...

Tagi teshik chelak AYIQ AQLni shunchalik rom qiladiki, hatto bolasining atrofida oʻralashishi ham ogʻir botadi, bolasini chetga surib, olma teradi, toʻlgan chelakni shodlanib koʻtaradi, olmalar duv etib toʻkiladi... Shunda Ayiqbola chelakka yopishadi, ayiqni tortqilaydi, bola BOLAda. Xunobi oshgan ayiq bolani tosh (SOYA sudraklagan TOSH)ga bostirib, yumishiga shoʻngʻiydi. BOLAni unutadi. BOLA tipirlaganicha TOSH ostida qoladi. Olma zavqi, toʻlib toʻkilayotgan teshik chelak alami vaqtni yutadi, yamlaydi. VAQT teshik chelakdan toʻkilib bitganini AYIQ sezmaydi. Bir payt qarasaki, tosh tagida qolgan Ayiq BOLA oʻlib qolibdi...

Ana shunda ayiq butun DARAni boshiga koʻtarib oʻkiradi, jonsiz bolasining boshi uzra koʻtarib TOQqa – kelgan manziliga, orzu umidlarining loshini sudrab chiqib ketadi...

Teshik chelak hoyu havas boʻldi, toʻkildi-yitdi. Olmazorda soya qoldi. Teshik chelakdan SOYAning loshi toʻkildi. Ayiq murodining loshini koʻtarib oʻkirganicha ketdi...

Ey SEN Ayiq! OʻZni koʻnikmalar – holatlarning teshik chelagida oqizib, ISMini, ASLIni yoddan oʻchirgan SOYA! Ey SEN GOʻR oʻgʻlining QUYOSH oʻgʻli ekanini unuttirgan, Asqar toqqa maqsadlari LOSHini sudrab qaytishiga mahkum qilgan qudrat YIT endi!!! HOLga evril!!!

OʻZni OVCHIning Teshik chelagidan xalos etuvchi HOL umid daraxtiga BOLAni quyoshday koʻtarar ekan deydi:

– ASSALOM ALAYKUM, DORNING OGʻOCHI...

Ogʻoch aytadi:

– Yaxshi yetsin murodga,

Yomon qolsin uyatga,

Yomon paqir ne qipti,

Uyam yetsin MURODga...

 

Xizr suvi

 

Har zamonga bir zamon.

Bir zamonda DAM zamon bor. Dam zamonning bittadan Qoʻychiboy otasi...

Kimlardan KIMdir sezadi, koʻp ilgʻamaydi. Koʻp soʻraydi, Qoʻychiboy otani koʻrmay ZAMONLAR oʻtaveradi...

Tushov tushovlanganga mos. VAQT oqaveradi...

Qoʻychiboy ota tushovni, tushovlanganni ham taniydi. Koʻkdan ISHORAT boʻlmasa qoyaday sukutda turadi. AMR kelsa qumday koʻchadi.

Zamona Qoʻychiboyiga Hazrati Xizr uchradi. Soʻradi:

– Xizr hozir qayerda?

Qoʻychiboy ota yerga boqib, koʻzini yumib, sukutda qoldi. Aytdi:

– Kunchiqarda yoʻq, Kunbotarda yoʻq. Oqtovni, Qoratogʻni koʻryapman yoʻq. Yo sen Xizr! Yo men Xizr.

 

... Uchning biri – Xizr.

Yettining biri – Xizr.

Elning biri – Xizr.

 

Kun botadi, tun yopadi. Tong otadi, Kun yoqadi...

Kimlardan KIM – Hazrati Xizrga orzumand boʻldi, yoʻliqdi, bosh barmogʻiga yopishdi, taniganday boʻldi, soʻradi:

– Menga tiriklik suvi bering!

Hazrati Xizr KIMning koʻksiga qoʻlini qoʻyib, dedi:

– Joning janonasida buloq bor, och! Xizrsan!

...

Kim soʻrayapti ... izlayapti ... uzoqlashayapti...

Buloq Qoʻychiboy otani topadi...

 

Oq-u qora bir yoʻlda

 

Oʻqish, uqishning manzillari yigʻilib yagona Kitobda toʻxtaydi. Kimki shu kitobga yetsa, hikmat xazinasiga yoʻliqadi. Xazina tilsimi Olovuddin topgan: “Sim-sim” kabi bittagina SOʻZga ochiladi. Bu kitob oʻtda yonmaydi, suvda choʻkmaydi, kishidan boshqa tortib ololmaydi. Har kim kitobdagi kalit soʻzga ega chiqsa, SOʻZ unga koʻzdek koʻngil oltinlari, dur-u javohirlarini hadya etadi. Soʻz egasi koʻnikmalardan hayrat topadi. Bu hayrat – ABRORmi hayrati boʻlib, soyaning soyasida qolishdan saqlaydi. ASL magʻzini, mohiyatni koʻrsatadi. “YOSIN” ning 8-9 oyatida zikr etilgan, Aflotunning “Gʻor” naqlida aytilgan:boʻynidan – iyagigacha boʻgʻov urilib, kekkayib qolgan,oldi, orti toʻsilib, hech narsani koʻra olmaydigan soyalar saltanati qavmidan boʻlmaydi.

Bozor, mozor uyqash SOʻZlargina emas. Bozoru mozor – bu hayotga bir timsol. Bozor boʻlgan joy mozorga, mozor oʻrni bozorga evrilaveradi... Charxning bu aylanishida oqu qora, issigʻu sovuq, kunu tun, yozu qish, ezguligu yovuzlik kabi OLA haqiqat, hikmat kelaveradi. Tilimizdagi OLA degan soʻzga koʻp ham eʼtibor bermaymiz. Qarshimizda turgan togʻni koʻrmaslik togʻ yoʻq degani emas. Bizning qalb koʻzimiz koʻzoynak talab boʻlganiga ishoratdir. Bu soʻz mifologiyamiz, marosimlarimiz, urf-odat, irimlarimiz, folklorimizda “menman”, deb turibdi. Momolarimiz balo-qazodan asraydi, deb oq, qora iplarni eshib, ola bogʻich qilib boʻynimizga tumor osadi. Koʻzmunchoq ham ola tusli. Goʻroʻgʻlini Olabiya emizib,ulgʻaytadi. Goʻroʻgʻlining Gʻirkoʻkni enazotim, deb suyishi shundan. Bugun dunyoga yapon, koreys, xitoylar In-Yan deb anglatayotgan tushuncha timsolini biz turklar qadimdan OLA ataymiz, xalq hayotida qoʻllab keladi. Bir-biriga eshilgan, uygʻunlashgan nimaiki bor, yaxlit hodisa ekanligini OLA rang ifodalaydi. Har jabhada ibrat, saboq, hukm bor. Faqat Kitobini topa olgan, SOʻZga ega chiqqan kishigina bu hikmatni uqadi, hikmatda yashaydi.

Mozorda OLA haqiqat sukut saqlaydi. Bozorda OLA haqiqat qaynaydi. Shunchaki qaynaydiki, OQu QORA eshilib ranglar quyqalashib oqadi. Bozor ahlini oʻzida eshib oqizadi. Bir dam toʻxtagan KISHIgina OQu QORAni ajrata oladi.

Soʻfiy muridlari bilan bozorda edi.

Bozor havosi, shovqini hammani mast qilib tebratar,kimning nima deyayotganini ajratish qiyin, bozor ahlining savdosi – oldi sottisini eshitib, anglash mumkin edi. Molim yomon deydigan kishi topilmas, olarmanga oltov kam, berarmanga beshov koʻp... tortishuv avjiga chiqqan “daha” vaqti edi.

Saratonning quyoshi bozorni yana qizdirar, BOZOR qozonday qaynar, bir obkash tongda togʻdan olib tushgan muzni suviga solib, quvragan tamoqqa muzday malham, deb suvini maqtab, bozor kezar, kunning tigʻi, bozorning haroratidan chelakdagi muz-u, obkashning ne mashaqqatlar bilan kilgan mehnati uning koʻz oʻngida erib borar edi. Obkash eriyotgani muzi, muz ortida chekkan mashaqqatlarini koʻrib, emranib xalqqa murojaat qilardi: “Xonumoni erib ketayotgan odamga rahmingiz kelsin. Xonumoni erib ketayotgan odamga rahmingiz kelsin. Suvdan oling! Xonumoni erib ketayotgan odamga rahmingiz kelsin...”

Soʻfiy qulogʻiga bozor shovqinidan ajralib AZONdek shu soʻzlar quyildi. Butun vujudini qamradi, oʻzidan ketdi. Muridlar xushidan ketib yiqilgan pirga issiq havo taʼsir etdi, deb xayol qilishdi, yelpishdi, yuziga suv urishdi, soyali, salqin joyga olishdi. Soʻfiy koʻzini ochdi. Muridlar soʻrashdi:

– Oftob urdimi, havo yetmadimi?

Soʻfiy aytdi:

Eshityapsizmi, “Xonumoni erib ketayotgan odamga rahmingiz kelsin”, deyapti U! Eshitmayapsizmi?

Soʻfiy BOZORdan izlaganini topgan edi ...

 

Oltin zuvala

 

Ishonchda yolgʻonni tugatadigan quvvat bor. Yolgʻon zang kabi yopishqoq. Ishonch temirga aylansa borib-borib yolgʻon zanggiga yem boʻladi. Oltin ishonchni zang olmaydi...

Zulfiya opa folklor boʻlimida bir mavsum ishladi. Opa folklorshunos emas, folklor odami edi. Gʻallaorolning Qangli qishlogʻida tugʻilgan, turmushi sabab Toshkentda yashadi. Opadan koʻp nodir manbalar yozib olganman...

Opa bosh ayollar guring qilyapti. Men bir chetda qulogʻimni gurungga tashlab oʻtiribman. Ayollar gap boshladi:

– Qoʻshnimiz oʻgʻil tugʻdi, yoshi nechida deng, ellik beshda...

Zulfiya opa soʻradi:

– Eridan tugʻdimi?

– Ha-da, er jonivoram oltmishdan oshgan.

– “Qoʻyli xotin quyruq yer, erli xotin kaltak”, tugʻsa eridan tugʻibdiku, shuyam gapmi?

...

Opaning zuvalasi OLTIN edi.

 

Qoʻshiq

 

Bosqinchi elni gʻorat qildi. Gʻolib askarlariga uch kunlik “talash” berdi. Yurt uch kun talandi. Podsho soʻradi:

– Nima gap?

– El norozi, – deyishdi.

Podsho buyurdi:

– Yana uch kun talash!!!

– Endi ne soʻz? – surishtirdi podsho.

– El yigʻlayapti, – dedi mulozimlar.

– Yana uch kun talash!!! – qahr qildi podsho. Muddat oʻtgach:

– Endi ahvol qanday? – deb surishtirdi.

– El qoʻshiq aytyapti, – dedilar. Podsho talashni toʻxtatdi.

...

Kuygan ham suygan ham qoʻshiq aytadi.

...

Quduqqa aytilgan sir qamish boʻlib undi. Qamish nay boʻldi... Nay “Iskandarning shoxi bor”, deb qoʻshiq kuyladi...

...

Qoʻshiq mazlumning qalqoni...

Qoʻshiq – qish mavsumi.

Qish yigʻinish, kuch toʻplash davri.

...

Qoʻshiq uyquga uyqash.

Uyqu oʻlimdir!!!

Uyqudan soʻng uygʻonish fasli.

...

“...Shoxi bor,” degan hayqiriq, uygʻonishga chorlov.

...

Tiriklar uygʻonadi...

 

Soʻz qaymogʻi

 

Bir chelak sutdan bir piyola qaymoq chiqadi.

Soʻzning magʻzi yigʻilib naqlda, naqlning qaymogʻi maqolda jamlanadi. Uch yuz oltmish eran yigʻilib bittadan hikmatli soʻz aytibdi, shundan maqol paydo boʻlibdi, deyishlari bekor emas. Har narsa borki javhari yigʻilib, quyma shakl olsa el oʻrtasida saqlanadi, avloddan-avlodga oʻtadi.

Abdinazar baxshi gurung qildi: eshon bilan mulla yoʻlning yoqasida, katta tutning tagida suhbatlashib oʻtirgan ekan.

Tulporning toyligi boʻlmas,

Nokasning boyligi boʻlmas,

It quturib tozi boʻlmas,

Qul quturib qozi boʻlmas,

deb bir joʻgi tilanib oʻtib ketaveribdi.

Bularning qulogʻiga joʻgining qoʻshigʻi yoqibdi. Yaqinidagi odamga: “Boʻl tez, joʻgini qaytarib kel”, deyishibdi.

Joʻgiga:

– Qani, qoʻshigʻingni ayt qani, - deyishibdi. Shu baytni qaytarib aytibdi.

– Koʻproq ayt, - deyishsa, yana shu baytni qaytarib aytarmish. Uning bilgani shu toʻrt qator bayt ekan. Bular koʻproq eshitmoqchi boʻlishgan.

Hissa:

Joʻgi ortiq bilganida, aytganida shu bayt magʻzini boshqacha shaklda qaytargan boʻlarmidi?!

Qaymoqqa suv qoʻshilsa, shakli ayron, mazasi chuchmal boʻladi...

Har narsaning quyma shakli koʻngilga tushsa, aqlga yetib oʻzidan oʻzi maʼnolar tugʻadi...

Chinakka hikmat bulogʻining koʻzi ochiladi. Kashf qilingan SOʻZ maqomini oladi. Uyirda tulpor bitta boʻlganday. Magʻizli soʻz ham qisqa boʻladi... Quyma baytning qadri, hikmati ham ana shunda...

Shomirza TURDIMOV

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 12
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 13
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 92
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 197
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 513
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 931
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218660
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104448
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 33562
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27242
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26222
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 24723
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24710
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21605
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//