Gender


Saqlash
15:03 / 30.03.2023 0 3853

Gender (inglizcha gender – urug‘) – inson jinsining ijtimoiy-madaniy va ma’naviy jihatini ifoda etuvchi tushuncha. Gender iborasi ijtimoiy fanlarda jins mavzusini o‘rganishda yangicha yondashuv shakllangan pallada, ya’ni 1950 yillardan boshlab kiritilgan.

 

Bu davrgacha “jins” tushunchasi odamning anatomo-fiziologik xususiyatini anglatgan holda insoniyatni erkak va ayol jinslariga ajratishnigina nazarda tutardi. Jins (ya’ni, biologik xususiyatlar) erkak va ayollar o‘rtasidagi farqning asosi va birlamchi sababi, deb talqin etilardi. Lekin odamlar o‘rtasida biologik farqlardan tashqari, ularning ijtimoiy vazifalari, xulqi, ruhiyati va hissiyotida ham muayyan tafovut mavjud edi. Gender deganda turli jamiyatlarda yashovchi erkak va ayollar xulqini belgilovchi ijtimoiy va madaniy vazifalar me’yorlari majmuasi tushuniladi. Tadqiqotlarda turli jins vakillari xulq-atvoridagi farq (masalan, shaxsning psixologik sifatlari, xulq shakllari, faoliyat turlari, erkak va ayollar shug‘ullanadigan kasblar) biologik asosdan ko‘ra ko‘proq ijtimoiy-madaniy me’yorlar bilan belgilanishi aniqlangan. Gender erkak va ayollarga xos ijtimoiy model sifatida jamiyatda shakllanadi va u orqali erkak va ayolning jamiyat va uning turli institutlaridagi mavqei belgilanadi (oilada, siyosiy tuzilmalarda, iqtisodiyotda, madaniyat, ta’lim sohasida va hokazo). Erkak va ayol haqidagi umumiy tasavvurlar negizida vujudga kelgan gender tizimi turli jamiyatlarda o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladi. Genderning asosiy mohiyati uning ikki qutbliligi va ichki ziddiyatga egaligidir, ya’ni gender yondashuvi asosida jamiyatda mavjud bo‘lgan jins mavzusiga oid ziddiyatli holatlar o‘rganiladi.

 

Gender jamiyatdagi ijtimoiy tabaqalashuv shakli bo‘lib, bunda irq, millat, sinflar, guruhlar singari jins vakillari o‘rtasida ham ma’lum iyerarxik munosabatlar o‘rnatiladi. Tug‘ilganidanoq inson gender tizimi ta’sirida bo‘ladi. An’anaviy urf-odatlar ta’siri kuchli bo‘lgan jamiyatlarda tug‘ilish bilan bog‘liq bo‘lgan turli udumlarga rioya etish, masalan, chaqaloqqa tanlanayotgan kiyimning rangidan boshlab o‘yinchoqlargacha e’tibor qaratish – insonni yoshlik chog‘idanoq gender tizimiga kiritadi, oilada farzandlarga bo‘lgan munosabatda ham gender farqlar ko‘zga tashlanadi. Gender tadqiqotlari dastlab ayollar muammolarini o‘rganish doirasida amalga oshirilgani bois hozirga qadar ayrim odamlar “gender” so‘zini “feminizm” iborasi bilan aynan bir xil ma’noda talqin etadi. Biroq, “feminizm” sohasidagi tadqiqotlar ayollarning jamiyatdagi mavqei, ularning haq-huquqlarini ta’minlash kabi mavzular doirasida amalga oshirilgan bo‘lsa, gender tadqiqotlari, avvalo, erkak va ayol mavqeining o‘zaro nisbati, ularning xatti-harakatini belgilovchi xulq me’yorlari hamda ularga asoslangan rollar, ana shu rollarning shaxs shakllanishiga ta’sir etishini o‘rganishga yo‘naltirilgan. Gender mavzusidagi asosiy tushunchalar doirasiga quyidagilar kiradi:

 

gender identifikatsiyasi (muayyan jinsga mansub shaxsga xos xulq shakllari);

gender mafkurasi (jamiyatda Gender farqlarni asoslab beradigan g‘oyalar);

gender differensiyasi (tabiiy deb topilgan jinsiy tafovutlarning ijtimoiy mazmun kasb etishi);

gender rollari (ijtimoiy talablarni bajarish).

 

Asrlar davomida shakllangan va insonning faoliyat yo‘nalishini belgilab beradigan ijtimoiy me’yorlar turli jins vakillari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatni izga solgan holda jamiyat a’zolari turmushini yengillashtiradi, gender muammolarini tezlikda hal etish imkoniyatini yaratadi, eng asosiysi, har bir jinsga xos vazifalarni anglash jarayoni milliy, madaniy qadriyatlarning o‘zlashtirilishiga xizmat qiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:05 / 20.05.2025 0 439
Farzand nega tirnoqqa o‘xshatiladi?

Qatra

12:05 / 19.05.2025 0 414
Hammani yig‘latgan vasiyatnoma

Qatra

15:04 / 17.04.2025 0 379
Marhamat aya sog‘inchi

Bilasizmi?

10:04 / 08.04.2025 0 390
Narxning navosi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 225209
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 107952
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 55520
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 40848
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 40210
Xarakter

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 31658
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 30781
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 30293
Alpomish

//