Egoizm


Saqlash
16:03 / 23.03.2023 0 3437

Egoizm (fransuzcha egoisme; lotincha ego – men) – ijtimoiy borliqda shaxsiy manfaatlarning inson faoliyatining bosh maqsadi hamda jamiyat va atrofdagilarga munosabatni baholashning asosiy mezoniga aylanganini ifoda etuvchi hayotiy faoliyat prinsipini anglatuvchi atama.

 

Egoizm vujudga kelishi quldorlik jamiyatining yemirilishi va xususiy mulkning vujudga kelishi bilan paydo bo‘lgan va jamiyatning bo‘linishi, uning tarkibida faoliyati o‘z ijtimoiy maqomini saqlash va mustahkamlashga qaratilgan individlar va yopiq guruhlarning shakllanishi bilan uzviy bog‘liqdir. Tovar xo‘jaligi, ayniqsa, kapitalistik ishlab chiqarish usulining rivoji egoizm tamoyilini turli axloqiy konsepsiyalarga asoslangan inson faolligining universal mezoniga aylantiradi. Ommaviy axloqiy ongda cheklanmagan egoizm hamisha qoralanib, altruizm tamoyili unga qarshi qo‘yib kelingan.

 

Egoizmga oid konsepsiyalarni falsafiy-naturalistik va axloqiy me’yoriy guruhlarga bo‘lish mumkin. Birinchi yondashuv zamirida inson – o‘zi tabiatan xudparast ekani va unga xos shon-shuhrat, baxt va huzur-halovatga tug‘ma intilishga tayanib, o‘z manfaatlari uchun harakat qilishi mumkinligi g‘oyasi mujassam etilgan. Bunday talqin nuqtai nazaridan axloqiy talablar uning manfaatlariga mos kelsagina inson ularga rioya etishi mumkin. Ikkinchi yondashuv – “oqilona anglangan egoizm” insonning tabiat ustidan hukmronligi, munofiqlik va ikkiyuzlamachilikka barham beradigan chinakam axloqiy tamoyil g‘oyasini ilgari suradi.

 

Egoizm mazmun-mohiyatiga oid bu ikki yondashuvga tegishli qarashlar antik davr allomalari Demokrit, Epikur, ayrim sofistlar ta’limotlarida o‘z ifodasini topgan. Egoizm uyg‘onish, ayniqsa, Ma’rifatparvarlik davrida yashab ijod etgan Spinoza, Volter, Russo, Didro, Golbax kabi mutafakkirlar ta’limotlarida aks ettirilib, mohiyatan, dunyoviy ne’matlardan voz kechish va individning cherkov-feodal iyerarxiyasiga bo‘ysundirilishi g‘oyasiga tayangan nasroniy axloqqa qarshi qaratilgan edi. Zero, tarixiy jihatdan progressiv ahamiyat kasb etgan bunday qarashlarda ijtimoiy foydali faoliyatida nafaqat moddiy, balki ma’naviy manfaat tamoyiliga suyanadigan insongina jamiyat taraqqiyoti va farovonligiga xizmat qilishi mumkin, degan fikr ilgari surilar edi. Psixologik nuqtai nazardan egoizm insonning o‘z “Men”iga qaratilgan shaxs faolligi bo‘lib, manmanlik, o‘zini, o‘z manfaatlarini o‘zgalar manfaatidan ustun qo‘yishda ifodalanadi. Egoizmda inson shaxsiy qiziqishlarining qondirilishi eng yuqori darajada turadi. Egoizm qiziqishlar to‘qnashgan ziddiyatli vaziyatlarda namoyon bo‘ladi. Bunday hollarda shaxs istaklarining qondirilishi boshqalar qiziqishiga zid ravishda amalga oshadi. Shaxslararo munosabatlarda egoizm” tushunchasi turli xil ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi. Birinchidan, bu “diktatorlik egoizmi”, ya’ni insonda “hamma mening manfaatimga xizmat qilishi kerak”, degan ishonch hissida namoyon bo‘ladi. Ikkinchidan, “shaxsiy nodirlik egoizmi” – “agarda menga qulay bo‘lmasa, barcha rioya qiladigan axloqiy tamoyillarga men rioya qilmayman” kabi qarashlarda ifodalanadi. Uchinchidan, “anarxik egoizm” – “har bir odam o‘z manfaati yo‘lida ko‘ngliga kelgan ishni qilishi mumkin”, degan fikrga tayanadi. Ayrim psixologlarning fikricha, egoizm ijobiy yoki salbiy bo‘lmaydi, u fe’l-atvorning qay darajada rivojlanganini anglatadi va ma’lum darajada ruhiy sog‘lom odamlarga ham xos bo‘lgan xususiyatdir.

 

Demak, insonning, ayniqsa, yoshlarning ma’naviy kamoloti ko‘p jihatdan ulardagi egoistik mayllarni tizginlash, shaxsiy manfaatlarini o‘zga kishilar va jamiyat manfaatlari bilan uyg‘unlashtirishga intilishiga bog‘liq. Bu esa ta’lim tarbiya tizimini quyidan yuqori bosqichigacha takomillashtirish va rivojlantirishni taqozo etadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

14:07 / 15.07.2025 0 317
“Kimsan” aslida kim?

Bilasizmi?

15:07 / 10.07.2025 0 370
Ozodlik haykaliga kimning yuz qiyofasi olingan?

Hikmat

10:07 / 03.07.2025 0 219
Armon bobo

Bilasizmi?

16:07 / 02.07.2025 0 183
Yelib keldi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 226234
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 108636
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 56170
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 41485
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 40824
Xarakter

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 32133
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 31137
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 30874
Alpomish

//