Erta bahor edi. Iste’dodli shoir Abdulla Oripov bilan Oybek domlaning uylariga boradigan bo‘lib qoldik. Abdullaning bu tabarruk dargohga ikkinchi marta kelishi ekan. Men bu xonadonga ko‘p kelganman: jurnal topshirig‘i bilan ham, nashriyot topshirig‘i bilan ham, qalbim topshirig‘i bilan ham kelaverib, Oybek domlani iyak ko‘tarishidan, qarashidan, imosidan, og‘iz ochishidan tushunadigan bo‘lib qolganman. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Abdulla birga borishimni iltimos qilib qoldi. Maqsadimiz, o‘sha paytlarda Abdulla uyushmaga a’zolikka o‘tish uchun hujjat yig‘ib yurgan kezlari edi. Oybek domladan ham tavsiyanoma olishi kerak edi.
Qo‘ng‘iroq tugmasini bosdik. Ichkaridan bir ayol chiqib, domlaning hovlida ekanliklarini aytdi, ichkariga taklif qildi. Bolaxonali qizil darvoza yonidagi tor, soya yo‘lakda aka-uka uzun-qisqa bo‘lib, domlaning oldilariga borishga betlayolmay turibmiz. O‘sha o‘zimizga tanish ixchamgina, gulga to‘la hovli. O‘rtada Oybek domla, taglarida pastgina kursi, boshlarida ko‘hnaroq chust do‘ppi, egnilarida sur lafsan ko‘ylak, ustidan yengil chopon tashlab olganlar. Xuddi qoyaga qo‘ngan sahro burgutiday cho‘ng, vazmin xayol surib o‘tiribdilar. Oldilariga borishga iymanamiz, xayollarini buzib qo‘yishdan qo‘rqamiz.
To‘satdan domlaning ko‘zlari bizga tushib qolib, o‘rnilaridan turdilar, istiqbolimizga yurib, ko‘rishdilar, uyga taklif qildilar. Kirdik, o‘tirdik. Odatdagidek adabiyot haqida suhbatlardan so‘ng, maqsadimizni aytdik. Abdulla domlaga bosilib chiqqan kitoblaridan olib kelib bermabdi shekilli, biroz hayron bo‘lib qarab turdilar. Men bu sukutni darrov fahmlab, Abdulla haqida domlaga batafsil gapirib berdim.
– Yangi she’rlaringizdan bormi? – deb so‘rab qoldilar Oybek domla.
– O‘qing, “Hayaston” ni o‘qing, shoir, – dedim men Abdullaga.
Abdullaning terga tushib ketganidan o‘zini yo‘qotib, adashib ketarmikan, deb qo‘rqqan edim, xayriyat, Armaniston taassurotlari tufayli yaqinda yozilgan “Hayaston” degan she’rini ilhom va hayajon bilan, tutilmay o‘qib berdi. Domla she’rni xuddi “Munojot”ni tinglayotganday, tebranib o‘tirib eshitdilar. Quvonchdan katta-katta qora ko‘zlari porlab ketdi.
– Yaxshi, yaxshi, – dedilar hayajonda. – Juda ingichka.
U kishi kam gapirar, bir dunyo ma’noni bitta so‘zda ifoda qilar edilar. “ingichka” deganlari – nozik did bilan, ilhom va hayajon bilan, iste’dod bilan yozilibdi, deganlari edi. Ha, u kishi adabiyotimizning kichkina yutug‘idan ham astoydil xursand bo‘lar edilar. Domla rostakamiga quvonsalar, yosh bola bo‘lib ketar edilar. U kishi tafakkurda Aflotun, muomalada xalqimizdek sodda va dono edilar.
Men mashinkada bir betgina tavsiyanoma xomakisini tayyorlab borgan edim. Domla bir zumda ko‘z yugurtirib chiqdilar-da, atrofga olazarak qarab, ko‘krak va yon cho‘ntaklarini paypaslay boshladilar. Bildimki, ruchka qidiryaptilar. Darhol Abdullaga ishora qildim.
– Ruchkangizni oling.
Abdulla cho‘ntagidan ruchkasini olib, domlaga emas, menga uzatdi. Jur’at qilolmadi chog‘i. Domla ruchkani oldilar-da, ko‘zoynaklarini taqib, tavsiyanomaning tagiga qo‘llari qaltirab, qiynalib, Oybek deb yozib qo‘ydilar. Barchamizning yuzimizga nur yog‘ilgandek bo‘ldi. Oybek domlaning ham, mening ham va tabiiyki Abdullaning ham.
Shu paytgacha men bitta a’lo she’r uchun uyushmaga tavsiyanoma bergan buyuk yozuvchini ko‘rmagan edim. Xudoga ming qatla shukurlar bo‘lsinkim, shu bugun ko‘rdim. Bu Oybek domlaning she’riyatni juda nozik, o‘z ta’biri bilan aytganda “juda ingichka” tushunishi va qadrlashidan dalolat edi.
Nosir FOZILOV
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q