Natsizm


Saqlash
15:03 / 11.03.2023 0 1026

Natsizm – I Jahon urushidan keyin Germaniyada tashkil topgan natsional-sotsialistik ishchi partiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan doktrina va siyosiy harakat, keyinchalik Adolf Gitler va uning tarafdorlari tomonidan targ‘ib qilingan ta’limot.

 

Sharqiy Yevropa mamlakatlarida marksizm bilan bog‘liq ta’limotning keng yoyilishi va shu asosda kommunistik partiyalarning tashkil topishi, xususan, Rossiya imperiyasi va uning mustamlakalari, atrofidagi mamlakatlarda kommunistik harakatning g‘alaba qozonishi, oqibatda davlat boshqaruvi tizimi, jamiyat qatlamlariga munosabatning keskin o‘zgarishi va bu voqealar ta’siri Gʻarbiy Yevropa mamlakatlarida ham sezila boshlashi jamiyatlar, xalqlar, ular tepasida turgan siyosiy tizimlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni borgan sari keskinlashtirdi. Ayni vaqtda I Jahon urushi oqibatida yuzaga kelgan iqtisodiy inqiroz Gʻarbiy Yevropa xalqlarining quyi tabaqalariga og‘ir ta’sir ko‘rsatishi bu mamlakatlarda kommunistik xavfning yanada avj olishiga sabab bo‘ldi. Ishchi-dehqonlar tomonidan bildirila boshlangan ochiq noroziliklar davlat hukumatlarini larzaga keltirib, tashkil etilgan namoyishlar inqilobiy tus ola boshladi. I Jahon urushidan og‘ir yo‘qotishlar bilan chiqqan Germaniya bunday harakatlarning markaziga aylanib qolgan edi. Mana shunday holat va jarayonlardan unumli foydalana olgan Gitler hamda uning partiyasi o‘nglar va so‘llar, Sharq bilan Farb o‘rtasida o‘ziga xos uchinchi pozitsiyani egallashga harakat qildi.

 

Partiya yetakchilari tomonidan olib borilgan ayyorona harakat natijasida o‘nglar va so‘llar, antikommunistlar va sotsialistlar tomonidan ilgari surilgan g‘oyalar natsional-sotsialistlar partiyasi g‘oyalari sifatida keng targ‘ib qilinishi tez orada bu partiyaning ham burjuaziya, ham harbiy tabaqa ham ishchi-dehqon sinfining bir qismini o‘ziga og‘dirib olishiga imkon berdi. Partiya g‘oyalari va harakatlarining ushbu tabaqalar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi tez orada uning mamlakat boshqaruv tizimini qo‘lga olishiga imkoniyat yaratdi. Natsizm yetakchilari tomonidan kommunistik g‘oyalar nemis xalqining bo‘linib ketishi va oxir-oqibatda millatni barbod qilishi mumkinligi, bu xavflarga qarshi nemis millati jipsligi va qudratini namoyon etishi lozimligi g‘oyalari natsizmning asosiy g‘oyalari sifatida targ‘ib qilindi.

 

Gitler hukumati vujudga kelgan qulay imkoniyatdan foydalanib, keng targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borgan va bunda nemis millatini eng ulug‘, tanlangan, oliy millat ekani, barcha millatlar undan past turishi va unga xizmat qilishi lozimligi g‘oyasini ilgari surgan edi. Bu g‘oya natsizmning asosini tashkil etib, natsistlar uni ilmiy jihatdan asoslashga harakat qilgan edi. Masalan, Arastuning yunonlar oliy xalq va barcha qolgan xalqlar varvarlardir, ular yunonlarga bo‘ysunib yashashlari kerak, Nisshening hayotda eng kuchlilargina yashashga haqli va ular o‘zga xalqlar ustidan hukmron bo‘lishi lozimligi yoxud G.Karl Yungning xristianlikning obro‘-e’tiborini kuchaytirish va undagi bo‘shliqni g‘oyaviy ma’naviy va mafkuraviy jihatdan to‘ldirish zarurligi haqidagi qarashlariga tayanib, A.Gitler keng miqyosda targ‘ibot-tashviqot ishlarini yo‘lga qo‘yib, o‘ta keskin va tajovuzkorona natsizmni ishlab chiqdi va amaliyotga joriy eta boshlaydi.

 

Natsizmning agressiv siyosati XX asr o‘rtalarida yuz bergan va jahon xalqlariga og‘ir talafotlar yetkazgan II Jahon urushini keltirib chiqardi. Natsizm g‘oyalarining amalda namoyon bo‘lishi ushbu urush oqibatlarida keng darajada ko‘zga tashlanadi va shunga ko‘ra, natsizm jahon xalqlari tomonidan inson erkinligini bo‘g‘ish, uni xo‘rlash, unga nisbatan yovuzlarcha munosabatda bo‘lish, xalqlarni mensimaslik, inson or-nomusini toptash, millatlararo ixtiloflarni keltirib chiqaruvchi, tajovuzkor xarakterga ega ta’limot sifatida e’tirof etiladi. Shu jihatdan, natsizm g‘ayriinsoniy ta’limot hisoblanadi. Natsistlarning o‘zlarini millat uchun kurashuvchilar, millat fidoyilari deb ko‘rsatishlari ular tomonidan ilgari suriladigan g‘oyalar, amalga oshiriladigan xatti-harakatlar o‘zga xalqlarni kamsitish yoki ayblash hisobidan amalga oshirilishi bilan ko‘zga tashlanib turadi. Shuningdek, o‘zga barcha xalqlarga, ularning qadriyatlariga nafrat bilan qarashni butun millat ma’naviyatiga singdirish, millat tafakkuriga aylantirishga urinish natsizmning g‘ayriinsoniy mohiyatini yaqqol namoyon etadi.

 

Natsizmning davlat darajasidagi tizimlarda asosiy aqidaga aylanishi insoniyat uchun o‘ta xavfli ekani tarixda o‘z isbotini topganiga qaramay, ba’zi siyosiy doiralarda hozirgi vaqtda ham natsistik qarashlarning paydo bo‘lishi va avj olishini kuzatish mumkin. XXI asrda natsizm va fashizm jabr-sitamlarini tortgan bir qancha mamlakatlarda, shu jumladan, Germaniyaning o‘zida ham, neofashizm yoshlar o‘rtasida yana qayta bosh ko‘tara boshladi. Yevropaning qator mamlakatlari va sobiq sovet hududining Rossiya, Ukraina va Boltiqbo‘yi davlatlarida sodir bo‘layotgan voqealar bunga misol bo‘la oladi. Fashizm va natsizmning insoniyat boshiga solgan kulfatlari Nyurnberg sud jarayonida har tomonlama o‘z bahosini olgan edi. Jahonda ularning qayta bosh ko‘tarmasligi uchun barcha davlatlar birgalikda harakat qilishga kelishib oldi. Ammo tarixdan saboq va xulosa chiqara olmagan kuchlar ulardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishga urinmoqda.

 

Dunyo xalqlari II Jahon urushi ishtirokchilari va faxriylari bilan birgalikda har yili 9 may kuni fashistlar qo‘lida halok bo‘lgan, konslagerlar azob-uqubatlarini tortgan kishilar ruhini yodlab va xotirlab, yoshlarni natsizm va fashizm balosidan ogohlantiradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 47
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 234
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 521
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219187
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104700
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 35347
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27552
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 27483
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 26664
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 25380
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 22638
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//