Intuitsiya


Saqlash
15:03 / 06.03.2023 0 4307

Intuitsiya (lotincha intuitus – sinchiklab qarayman) – haqiqatni mantiqiy dalillar yordamisiz, bevosita anglab olish, savqi tabiiy yo‘li bilan bilish qobiliyatini anglatadigan tushuncha. Falsafa tarixida intuitsiya tushunchasi turlicha ifodalangan. Qadimgi falsafiy qarashlarda intuitsiya bilishning alohida shakli deb hisoblangan. Masalan, Aflotun ta’limotiga ko‘ra, bilishning obyekti g‘oyalar dunyosidir, moddiy dunyo, narsalar to‘g‘risidagi tasavvurlarimiz esa hissiy bilish orqali hosil bo‘ladi. Hissiy bilish, Aflotunning fikricha, haqiqat emas, chunki u orqali kishilar g‘oyani emas, balki moddiy narsalarni sezadi, ular to‘g‘risidagi tasavvurga ega bo‘ladi. Haqiqatni bilish, uningcha, faqat sof tafakkur orqali amalga oshadi.

 

Qadimgi Sharq falsafasida intuitsiya payg‘ambarlarga, avliyo zotlarga xos bo‘lgan maxsus bilish usuli sifatida talqin etilgan. Dekart ta’limotida bilishning birdan-bir to‘g‘ri yo‘li ratsionalizmga asoslangan deduktiv usuldir. U din va sxolastik falsafa o‘rniga kishi aqlini, ilmiy bilimni yuqori qo‘yadi. Dekartning fikricha, isbotning deduktiv shakli aksiomalarga asoslanadi, aksiomalar esa, hech qanday isbotsiz sof intuitiv tarzda anglanadi. Spinoza intuitsiyani bilishning "uchinchi xili", narsalarning mohiyatini qamrab oluvchi eng ishonchli bilish deb hisoblagan. XX asr falsafasining ayrim vakillari (Bergson, Freyd) intuitsiyani butun ijodiy faoliyatni belgilovchi yashirin, qorong‘u, ongsiz, boshlang‘ich ijod, deb qaraydi. Bu bilan ular intuitsiyani intellektga qarama-qarshi qo‘yib, narsalar mohiyatiga kirib borish aslo mumkin emas, degan g‘oyani ilgari suradi.

 

Hozirgi zamon falsafasining ayrim vakillari intuitsiyani bevosita bilim, vositalangan bilim bilan dialektik tarzda bog‘langan jonli mushohada sifatida talqin etadi va intuitsiyani aqldan ustun turadigan, mistik bilish qobiliyati, degan qarashni rad qiladi. Intuitsiya haqiqatni payqashning oddiy yo‘llaridan prinsipial og‘ish emas, u mazkur oddiy yo‘llarning yuz berishining mantiqiy shakli va amaliyoti bilan bog‘liq qonuniy shaklidir. Haqiqatni go‘yoki "to‘satdan" payqash zamirida to‘plangan tajriba, ilgari hosil qilingan bilim yotadi. Intuitsiyaning psixologik mexanizmi kam o‘rganilgan, lekin mavjud tajribaviy ma’lumotlar uning zamirida individning atrofidagi muhit bilan informatsion, signalli o‘zaro ta’sir jarayonida bevosita anglangan natija bilan bir qatorda yordamchi (anglanmagan) natijani aks ettirish qobiliyati bor, deb hisoblashga imkon beradi. Biroq muayyan sharoitda amaliyot natijasining mazkur (ilgari anglanmagan) qismini individ tomonidan anglash imkoniyati tug‘iladi va bunday intuitiv bilish natijalari vaqti kelib amaliyotda tekshirib ko‘riladi hamda mantiqiy ravishda isbot qilinadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:05 / 20.05.2025 0 444
Farzand nega tirnoqqa o‘xshatiladi?

Qatra

12:05 / 19.05.2025 0 421
Hammani yig‘latgan vasiyatnoma

Qatra

15:04 / 17.04.2025 0 381
Marhamat aya sog‘inchi

Bilasizmi?

10:04 / 08.04.2025 0 393
Narxning navosi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 225217
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 107952
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 55536
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 40866
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 40224
Xarakter

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 31665
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 30785
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 30318
Alpomish

//