Bilasizmi?
“Shoir bo‘la qolsin...”
“Toshkent oqshomi”da adabiyot va san’at bo‘limini iste’dodli adib O‘tkir Hoshimov boshqarardi. U paytda havaskorlar ijodi chop etiladigan nashrlar ko‘p emasdi. Odatda ijodkorlar o‘z yozgan narsalarini eng ommabop nashr bo‘lgan “Oqshom”ga olib kelishardi. Bir kuni yozuvchi huzuriga bir-ikki o‘rtamiyona shoir o‘z asarlariga Abdulla Oripovdan so‘zboshi, “Oq yo‘l” yozdirib kelishdi. O‘tkir Hoshimov ularni olib qoldi va o‘qib ko‘rgach, ajablangan holda Abdulla Oripovga telefon qildi. Ular tengqurligi bois bir-biriga hazillashib, “bo‘tam” deb murojaat qilishardi.
– Nima qilyapsan, bo‘tam? Bo‘lar-bo‘lmas narsalarga so‘zboshi yozaverasanmi?
– Qo‘yaver, bo‘tam, men yozgan “Oq yo‘l” bilan shoir bo‘lishsa, bo‘la qolishsin, – dedi Abdulla Oripov tabassum bilan.
“Ko‘chirmachi”
“Toshkent oqshomi”da ishlab yurgan yillari O‘tkir Hoshimov uchun eng sermahsul ijod davri bo‘ldi. U hikoyalar, hajviyalar, publitsistik va odob-ahloq mavzusidagi maqolalarni ishxonada o‘tirib ham yozar, ba’zan to‘g‘ridan- to‘g‘ri mashinkachiga aytib turib yozdirar edi. Bu hikoya va maqolalar ro‘znomada turli taxalluslar bilan chop etilardi: U. Hoshimov, U. Bozorov... Ayrim hikoyalar ro‘znomada chop etilishidan oldin radio orqali yozuvchi nomidan o‘qilar edi. Bir kuni tahririyatga noma’lum muxlisdan xat keldi. Unda O‘tkir Hoshimovning yaqinda radio orqali o‘qilgan hajviyasi to‘laligicha, hech o‘zgarishsiz gazetada O‘. Hamidov nomidan chop etilgani aytilgan, ko‘chirmachini jazolash lozimligi ta’kidlangan edi. Muharrir o‘rinbosari S. Yoqubov yozuvchini huzuriga chaqirib, tabassum bilan unga xatni ko‘rsatdi. O‘tkir akaning “jahli chiqib” ketdi:
– O‘, ablah Hamidov-ey, – dedi kulib, – men unga ko‘chirish qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yaman.
Soddalik
Axborot bo‘limiga chinakam fidoyi jurnalist Abdulla Po‘latov mudir edi. Bir kuni reportaj yozayotib, “ozar xalqi” degan iborani qo‘lladi. Ammo so‘ngra ikkilanib qoldi-da, O‘tkir Hoshimov huzuriga kirdi.
– Ozarboyjon xalqini “ozar xalqi” deb yozsa bo‘ladimi, O‘tkirjon? – so‘radi u. Yozuvchi quvlik bilan gap boshladi:
– O‘ylab gapiryapsizmi? Unda boyjon xalqi xafa bo‘ladi-ku! Masalan, Budapesht – Buda va Pesht shaharlaridan iborat. Yoki Chexoslovakiya – chexlar va slovaklardan tashkil topgan. Ozarboyjonlar ham shunday. Eronda o‘n million boyjon yashaydi. Iloji bo‘lsa, ozar va boyjon xalqlari deb alohida ta’kidlab yozing! Soddadil Abdulla aka ishi ko‘pligidan gangibroq turgani uchunmi, O‘tkir aka aytganidek yozib qo‘yib, bosh muharrir Sa’dulla Karomatovdan rosa dakki eshitgan edi.
Antiqa “xabar”
“Oqshom”da ish og‘ir edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bir-birimizga telefonda hazil qilib, jinday bo‘lsa-da, asablarni yumshatar edik. O‘tkir Hoshimov telefonda ovozini o‘zgartirib gapirishga usta edi.
Bir kuni O‘tkir aka qadrdon do‘sti To‘lqin Rasulovga qo‘ng‘iroq qildi:
– Bu “Oqshom”mi? – dedi atayin bo‘g‘iq tovushda. – Biz ToshMIdan gapiryapmiz. Axborot kerakmi?
Har kuni “informatsiya” normasini bajarolmay boshi qotib o‘tirgan To‘lqin Rasulovga jon kirdi:
– Kerak! – dedi shoshilib. – Hozir men qog‘oz olib olay... Ayting.
– Yozing! – dedi O‘tkir Hoshimov salobat bilan: – “Noyob operatsiya”. Kecha Toshkent davlat meditsina institutining 2-xirurgiya klinikasida tarixda misli ko‘rilmagan noyob operatsiya bo‘ldi. Bo‘ka rayon “Avangard” kolxozining 8-brigadasidan og‘ir ahvolda keltirilgan bemor Boqiboyev... – deya “diktovka” qilishga tushib ketdi.
Shu tariqa “bemor Boqiboyev”ning yoshi, oilasi, mehnatda erishgan yutuqlarini aytdi. Operatsiyada ishtirok etgan o‘nga yaqin professorlaru dotsentlar, assistentlaru do‘xtirlarni sanadi. Operatsiya paytida amaliyotchi talabalardan qanchasi qatnashgani, bir talaba qo‘rqib xushidan ketib qolganigacha aytdi. To‘lqin aka yozaverib charchab ketdi, shekilli, oxiri toqati-toq bo‘lib so‘radi:
– Nimani operatsiya qilishdi, o‘zi?
– Nimani bo‘lardi! – dedi O‘tkir Hoshimov tamomila jiddiy ohangda. – Bemor Boqiboyevning o‘ng qulog‘i binoyidek bo‘lgan-u, chap qulog‘i o‘zidan-o‘zi cho‘zilib ketavergan. O‘sib-o‘sib, bir haftada 40 santimetrga yetgan. Jarrohlar uning 33 santimetrini kesib, 8 santimetrini qoldirishdi...
Xonada portlagan qahqahani telefonda To‘lqin Rasulov ham eshitdi. Zum o‘tmay, xonaga kirib keldi.
– Qanaqa odamsiz? – dedi o‘zi ham kulib. – Yozaverib qo‘lim og‘rib ketdi-ku!
“Ko‘r ko‘rni qorong‘ida topibdi”
Bir kuni xodimlardan biri o‘z maqolasida “Ko‘r ko‘rni qorong‘uda topibdi” degan maqolni ishlatibdi. Uni o‘qib qolgan O‘tkir Hoshimov To‘lqin Rasulov va Solih Yoqubovni yoniga chaqirdi. Yangi “shumlik” rejasi tuzildi. Telefon orqali xonaga maqola muallifi chaqirildi. O‘tkir aka jiddiy tarzda gap boshladi:
– Og‘ayni, nima qilib qo‘ydingiz? Ko‘rlar jamiyatidan kelgan delegatsiya bosh muharrirning qabulxonasida o‘tirgan ekan. “Hukumatimiz ko‘zi ojizlar haqida katta g‘amxo‘rlik qilayotgan bir paytda bizni haqorat qilishga jur’at etgan jurnalistni bir ko‘rib qo‘yaylik”, deyishdi. Bittasi meni tanir ekan. “Kechiringlar, bilmasdan maqolni noo‘rin ishlatibdi, o‘zi yaxshi yigit, biz unga o‘zimiz tanbeh beramiz”, dedim. Ular baribir bosh muharrirga kiramiz, deb turib olishdi. Manavi akalaringiz bilan birga bir amallab jo‘natib yubordik.
Rangi oqarib ketgan xodim qayta-qayta minnatdorlik bildirar ekan, ishdan keyin tashkil qilgan dasturxonida “bunday xato”ni boshqa takrorlamaslikka so‘z berdi.
Yozuvchining dastxati
O‘tkir Hoshimov o‘z shaxsiy mashinasini haydab kelayotgan edi. Qaysidir chorrahada uni yo‘l mirshabi hushtagini churillatib to‘xtatdi. Bu borada tajribasi oshib qolgan yozuvchi darrov g‘aladonni kovlay boshladi. Odatda yangi chiqqan kitoblaridan bir nechasini shu maqsadda olib yurardi.
– Salom, o‘rtoq inspektor, kechirasiz, familiyangiz nimaydi? – dedi mashinadan tusharkan, qo‘lidagi kitobga dastxat yozishga hozirlanib.
– Iye, O‘tkir aka, sizmisiz? – dedi mirshab jilmayib. – Bu kitobingizga oldin dastxat yozib bergandingiz-ku!
– Shunaqami, – bo‘sh kelmadi yozuvchi, – unda yangi kitobim chiqishini kutishingizga to‘g‘ri keladi. Ungacha ovora bo‘lib to‘xtatib yurmang.
Oling yozuvchiligingizni
Bir guruh adib va olimlar poyezdda Qo‘qonga boradigan bo‘lishdi. Vagon odatdagidek gavjum. Bunaqa paytda taniqli shaxslar bilan “qo‘l berib ko‘rishgani” uchun faxrlanadigan muxlislar ko‘p bo‘ladi. Bu safar ham O‘tkir Hoshimovning “shu yerda” ketayotgani ovozasi tezda butun vagonga yoyildi. Sal o‘tmay to‘ladan kelgan, sodda odamligi ko‘rinib turgan bir yigit iymanibroq kupega kirib keldi. Salom berdi.
– O‘tkir aka, shu yerdamilar? – deb so‘radi.
O‘tkir Hoshimov “shumlik” bilan ko‘z qisib qo‘ydi-da, deraza oldida o‘tirgan olim Malik Murodovni ko‘rsatdi.
– Shu yerdalar. Mana shu kishi O‘tkir akangiz bo‘ladilar.
Muxlis yigit Malik Murodov bilan qo‘shqo‘llab so‘rashdi.
– To‘lishibsizmi, domla? – dedi ikkilanibroq.
– Yaqinda kurortdan keldilar, – dedi O‘tkir aka “tushuntirib”.
Paytdan foydalanib, yuqori o‘rindiqqa chiqib oldi-da, bemalol pinakka ketdi. Muxlis yigit O‘tkir Hoshimovning hamma kitoblarini o‘qigan ekan. Malik Murodovni savolga tutaverib, enka-tenkasini chiqarib yubordi. Bu ham yetmagandek, yozuvchining qayerda ishlashi, tarjimai holi, oila a’zolari, qancha qalam haqi olgani va hokazolar haqida ham savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Yarim kecha bo‘lsa hamki, savollar tugamasdi. Oxiri toqati toq bo‘lgan Malik Murodov o‘rnidan irg‘ib turdi:
– Hoy, O‘tkirjon, jon do‘stim, turing o‘rningizdan, oling yozuvchiligingizni! Men ham biroz mizg‘ib olay.
Nosir MUHAMMAD
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q