Jamiyat
“Fan” nashriyotida akademik Naim Karimovning “Usmon Nosir” maʼrifiy-biografik romani 1 000 nusxada chop etildi. Ushbu asar shoirni xalqqa yanada yaqinlashtiruvchi, uning ijodi va shaxsiyatidagi mavhum jihatlarini ochib beruvchi hikoyalardan iborat boʻlib, muallifning uzoq yillik izlanishlari natijasida yaratilgan.
Xabaringiz bor, Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil 10-fevral kuni “Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi. Unga koʻra, Namangan shahrida Usmon Nosir haykalini oʻrnatish, koʻchalarga nomini berish, ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazish, “Tanlangan asarlar” toʻplami hamda “Usmon Nosir zamondoshlari xotirasida” kitobini nashr etish, hujjatli film suratga olish belgilangan. Shuningdek, spektakllar sahnalashtirish, musiqa asarlari va qoʻshiqlar, internet va ijtimoiy tarmoqlar uchun moʻljallangan audiovizual asarlar yaratish, ommaviy axborot vositalarida turkum materiallar eʼlon qilish kabi chora-tadbirlar nazarda tutilgan.
Naim Karimovning maʼrifiy-biografik romani ham Usmon Nosir tavalludining 110-yilligiga oʻziga xos tuhfa boʻldi. Oyina.uz muxbiri muallif bilan asarning yaralish tarixi haqida suhbatlashdi.
– 1990-yillari “Usmon Nosir” va “Usmon Nosirning soʻnggi kunlari” nomidagi kichik hajmli kitoblarim chiqqan. Oʻsha paytda olimlarga maxfiy arxivlar eshigi ochilib, qatagʻon qurbonlariga oid hujjatlarni oʻrganishga ruxsat berilgandi. Men avvaldan Usmon Nosir hayoti va ijodiga qiziqib yurganim bois eng avval uning “ish”i bilan tanisha boshladim. Maʼlumotlar shu qadar koʻpligidan bir kunda oʻqib chiqish imkonsiz edi. Ertasi kuni kiritmay qoʻyishlaridan qoʻrqib, bir kechada qancha mumkin boʻlsa, shuncha yozib olgandim. Ana shu hujjatlar va boshqa izlanishlarim asosida ikki risolam nashr qilindi. Keyin kattaroq, batafsilroq asar yozib chiqarmoqchi boʻlganimda, ayrim kishilar toʻsqinlik qilishdi.
– Nima sababdan?
– Usmon Nosir nafaqat qamoqda, balki undan avval ham shaxsiy hayotida ancha qiyinchilik koʻrgan. Masalan, oʻgay otasi uning boshiga solgan azoblar, keyinchalik axloqida yuz koʻrsatgan illatlar haqida hikoya qilish toʻgʻri emas deb hisoblandi. Shu-shu, bu kitob chiqmadi.
– Demak, hozirgi nashrda oʻsha jihatlar qamrab olingan, shundaymi?
– Yoʻq, rosti, yangi kitobga ham koʻp maʼlumotlarni kiritmadim. Yetimlikka koʻproq eʼtibor qaratilsa, oʻgay otaning qarindoshlariga tuhmat deb talqin qilinishi mumkin. Yana bir jihat, shoir qamoqqa olingach, kaltaklar zarbidan ruhiy buzilishlar kuzatila boshlagan... Gapning qisqasi, Usmon Nosirning yorqinroq tomonlarini koʻproq ochib berishni istadim. Lekin voqealarda boʻrttirish yoki yolgʻon ishlatmadim.
– Usmon Nosirning hayoti va ijodini uzoq yillar oʻrgangan olim sifatida ayting-chi, agar shoir oʻshanda surgunga uchrab, olis oʻlkalarda halok boʻlmaganida keyingi taqdiri qanday kechardi?
– “Usmon Nosir yosh ketmaganida Abdulhamid Choʻlpon darajasida yozgan, balki undan ham oʻzgan boʻlardi”, degan qarashlar bor. Lekin odam realist boʻlgani maʼqul. Usmon Nosir biroz mashhurlikka erisha boshlagach, ichkilikka ruju qoʻyadi. Oqibatda oʻzi bilan yaqin boʻlgan koʻp shoirlar, aytaylik, Oybek, Gʻafur Gʻulomdan uzoqlashib qolgan. Hatto Gʻafur Gʻulomni qattiq haqorat qiladi. Shundan soʻng u umrining oxiriga qadar Usmon Nosir haqida yaxshi gap aytmaydi. Bilasiz, ichkilikka berilgan odamning ortga qaytishi qiyin, bundan vafot etishi ham hech gap emas... Shuning uchun “Usmon Nosir qatagʻon qilinmaganida general shoir boʻlardi, buyuk-buyuk asarlar yozardi”, degan gapni aytishdan oʻzimni tiyaman.
Usmon Nosir, haqiqatan ham, favqulodda isteʼdod edi. Ammo, afsuski, katta salohiyat sohiblari talantiga ishonib, taltayib ketishadi va Alloh tomonidan berilgan neʼmat mevalarini xalqqa yetkazish yoʻllarini qidirishmaydi. Ijod qilolmaslik, ahloqan buzilishlar yoki oila va ijod oʻrtasida mutanosiblik, uygʻunlikni topolmaslik... isteʼdodining erta soʻnishi, hatto oʻzining yosh oʻtib ketishiga sabab boʻladi. Bugungi yoshlar bu tomonlaridan ham xulosa chiqarib olishlarini istardim.
Feruza XAYRULLAYEVA
Oyina.uz
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q