Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya kuni munosabati bilan bayram tabrigi yo‘lladi

Saqlash
18:44 / 07.12.2025 54 0

Prezident 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bilan O‘zbekiston xalqini tabrikladi.

 

“Hech shubhasiz, xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkuri hamda yuksak xohish-irodasining ifodasi bo‘lgan Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilgan qoida va tamoyillar Yangi O‘zbekistonni barpo etishda barchamiz uchun beqiyos kuch-g‘ayrat, ishonch va ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bu haqda so‘z yuritganda, avvalo, yanada keng vakolat va mas’uliyatga ega bo‘lgan milliy parlamentimiz hamda ilk marta mahalliy Kengashlar deputatlari orasidan saylangan raislar boshchilik qilayotgan viloyat Kengashlari, jamiyat boshqaruvida o‘rni va nufuzi tobora ortib borayotgan mahalla instituti faoliyati misolida xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai ekani haqidagi konstitutsiyaviy qoidaning amaliy tasdig‘ini ko‘ramiz”, deyiladi tabriknomada.

 

Ma’lum qilinishicha, mahalliy kengashlar tomonidan o‘tgan davrda 25 mingdan ziyod masala muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilingan, mansabdor shaxslarga 14 mingga yaqin deputatlik so‘rovlari yuborilgan.

 

“Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan ezgu g‘oya asosida o‘tkazilayotgan bu yilgi bayram tadbirlari orqali shu yo‘lda erishgan yutuqlarimiz chuqur tahlil qilinib, yangi va dolzarb vazifalar belgilab olinmoqda”, deyiladi davlat rahbari tabrigida.

 

Ta’kidlanishicha, joriy yilda aholi jon boshiga daromad 3 ming 500 dollarni tashkil etgan, maktabgacha ta’limda qamrov 78 foiz, oliy ta’limda esa 42 foizga yetgan, odamlarning o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 73,8 yoshdan 75,1 yoshga uzaygan.

 

“Siz, aziz yurtdoshlarimga sihat-salomatlik, baxt va omad, oilalaringizga tinchlik-totuvlik va farovonlik tilayman.

Konstitutsiyamiz va barcha yutuqlarimizning ijodkori bo‘lgan mard va olijanob xalqimiz doimo omon bo‘lsin!”, degan Shavkat Mirziyoyev.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//