Dalaga tashlab ketilgan bolaning onasini topish uchun yaqinda farzandli boʻlgan ayollardan qon tahlili olinadi

Saqlash
17:42 / 28.07.2022 727 0

Buxoro viloyatining Gʻijduvon tumanida fermer shiyponidan 9 oylik bola topilgani xabar berilgandi. Ayni paytda shaxsi nomaʼlum bolaning onasi qidirilmoqda. Bu haqida viloyat IIB matbuot xizmati rahbari Shuhrat Jalolov maʼlum qildi.

 

Taʼkidlanishicha, fermer xoʻjaligiga qarashli yer maydoni tumanni kesib oʻtuvchi xalqaro ahamiyatga ega katta yoʻl yoqasida joylashgan. Shu bois bola qoʻshni viloyatlardagi fuqarolar tomonidan tashlab ketilgan boʻlishi mumkin degan taxminlar ham bor.

 

“Fermer xoʻjaligi suvchisi bugʻdoyzordagi bola haqida birinchi xabar topgan. Uning sergaklik bilan huquq-tartibot idoralariga xabar berishi bolaning hayoti saqlab qolinishiga sabab boʻlgan. Bola tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan. Ayni paytda  bolaning onasi qidirilmoqda. Biroq uning shaxsi aniqlanmadi. Endi esa olti oydan bir yilgacha boʻlgan muddat davomida farzandli boʻlgan ayollarning qon tahlili olinadi. Kechiktirib boʻlmas tekshiruv harakatlari davomida bolaning onasi topiladi. Bolani qarovsiz va ayanchli ahvolda tashlab ketgan shaxsi nomaʼlum fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan”, — deydi Shuhrat Jalolov.

 

Maʼlumotlarga koʻra, chaqaloqning tanasidagi kuyish jarohatlari uning quyosh tigʻi ostida qolib ketganidan dalolat beradi. U shifoxonaga besh foiz kuyish darajasi bilan yotqizilgan. Barcha tekshiruv va analizlar qilingan, ahvoli oʻrtacha.

 

Viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Ixtiyor Abdulhaqov bola ayni paytda Gʻijduvon tuman tibbiyot birlashmasining bolalarni sogʻlomlashtirish boʻlimida shifokorlar nazoratida ekanini aytmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//