Jamiyat
Shu kunlarda mamlakatimiz boʻylab Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida “Fidoiy yoshlar yetakchisi” respublika koʻrik-tanlovining tuman(shahar) bosqichi oʻtkazilmoqda. Unda ishtirokchilar toʻrtta shart doirasida siyosiy, maʼnaviy bilimlarini namoyish etish bilan birga, ijtimoiy loyihalarining taqdimotlarini ham oʻtkazish imkoniga ega boʻlishmoqda. Xususan, Namangan viloyati Pop tumanida boʻlib oʻtgan tanlovda “Yangiobod” mahallasi yoshlar yetakchisining 3-shartdagi innovatsion loyihasi viloyat bosqichiga oʻtishida asosiy omillardan boʻldi.
Ellikqalʼa tumanida oʻtkazilgan bahsda esa “Ibn Sino” mahallasi yetakchisi J.Iskandarov gʻoliblikni qoʻlga kiritib, keyingi bosqichiga yoʻl oldi. Tanlovda ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy mavzudagi 10 ta savol beriluvchi “Yoshlar siyosati bilimdoni” sharti ishtirokchilarni anchagina ter toʻkishga majbur qildi. Bu shart nomzodlarning nafaqat kitobxonligini, balki mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar borasidagi fikrlari, dunyoqarashini bilib olishda ham katta rol oʻynadi.
Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida oʻtkazilgan bellashuvda “Oyinli” mahallasi yoshlar yetakchisi Abror Toʻxtashovdan oʻtadigani topilmadi. Uning “Samarali faoliyat”i davomida amalga oshirgan ishlarining taqdimoti eng yaxshilardan deb topildi. Aytish kerakki, boshqa ishtirokchilarning yoshlar bilan ishlash, ular hayotiga maʼnaviyat, axborot texnologiyalari, madaniyat va kitobxonlik, vatanparvarlikni targʻib qilish borasidagi ishlari ham hakamlar hayʼati tomonidan eʼtirof etildi.
Toshkent viloyati Bekobod shahri bosqichida eng faol yetakchini aniqlash biroz mushkul boʻldi. Har toʻrttala shart ham qizgʻin bahslar bilan kechgani buning isboti. Ayniqsa, soʻnggi – “Iqtidor va isteʼdod” nomli toʻrtinchi shartda gʻoliblikka daʼvogarlar oʻzlarining turli sohalardagi iqtidorlarini namoyish etib, yigʻilganlarning olqishiga sazovor boʻlishdi. Qiziqarli kechgan tanlov yakunida “Metallurg” mahallasi faol yetakchisi Shohista Ashurova keyingi bosqichga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Gʻoliblar Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tuman(shahar)boʻlinmalarining qimmatbaho sovgʻa hamda diplomlari bilan taqdirlanishdi.
Eslatib oʻtamiz, tanlovning viloyat bosqichlari iyul oyida, respublika bosqichi esa avgust oyining uchinchi oʻn kunligida oʻtkaziladi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q