Jamiyat
Milliy adabiyotimiz va madaniyatimiz rivojiga ulkan hissa qoʻshgan atoqli adabiyotshunos olim, Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurov 2026-yil 6-iyun kuni 89 yoshida vafot etdi. O‘zbekiston Prezidenti, Senat raisi va Bosh vazir olim vafoti munosabati bilan uning yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
“Gʻafurov mamlakatimizda koʻppartiyaviylik va parlamentarizm tamoyillarini rivojlantirishga ham munosib hissa qoʻshdi. U Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi, Oliy Majlis deputati hamda Matbuot va axborot qoʻmitasi raisining oʻrinbosari lavozimlarida samarali ish olib bordi. Yorqin isteʼdod, keng bilim va tafakkur egasi boʻlgan I.Gʻafurov oʻzidan boy ilmiy, adabiy-badiiy meros qoldirdi”, deyiladi xabarda.
Uning 60 yildan ziyod mehnat faoliyati mobaynida hassos adabiyotshunos olim, donishmand adib sifatida oʻzbek adabiyotining dolzarb nazariy va amaliy masalalariga, xususan, Abdulla Qodiriy, Oybek, Usmon Nosir, Maqsud Shayxzoda, Mirtemir, Zulfiya, Said Ahmad, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov singari ulugʻ adib va shoirlarimiz asarlarining badiiy tahliliga bagʻishlangan koʻplab maqolalari, kitob va risolalari, ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlari milliy maʼnaviyatimiz xazinasiga katta hissa boʻlib qoʻshildi.
U jahon adabiyotining oʻnlab mumtoz namunalarini, xususan, F.Dostoyevskiy, G.Mopassan, E.Xeminguey, G.G.Markes, J.Joys, Ch.Aytmatov kabi adiblarning mashhur asarlarini oʻzbek tiliga yuksak mahorat bilan tarjima qilib, badiiy tarjimachilik sohasida oʻziga xos ijodiy maktab yaratdi.
U “Oʻzbekiston Qahramoni” oliy unvoni hamda “Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi” faxriy unvoni, “Doʻstlik” va “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan mukofotlandi.
“Zahmatkash olim, atoqli adib, yoshlarning mehribon ustozi, samimiy va kamtarin inson Ibrohim Gʻafurovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi”, deyiladi bayonotda.
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Madaniyat
Madaniyat
Siyosat
112454
Jamiyat
95118
Jamiyat
91359
Jamiyat
76038
Jamiyat
//
Izoh yo‘q