Import avtomobillari uchun bir yillik cheklov bekor qilindi

Saqlash
14:11 / 06.06.2026 20 0

O‘zbekistonda transport vositalarini import qilishda amal qilib kelgan cheklovlardan biri bekor qilindi.


Endilikda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan olib kiriladigan avtomobillarga muvofiqlik sertifikatini berishda “bir kalendar yil davomida faqat bitta avtomobil” talabi qo‘llanmaydi.


Bu Prezidentning “Qurilish sohasida natijaga asoslangan boshqaruvni joriy etish hamda sohada davlat xizmatlarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–104-son farmonida belgilandi.


Hujjat bilan Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 25-apreldagi 237-son qarori bilan tasdiqlangan “Muomalaga chiqarilayotgan g‘ildirakli transport vositalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament”ga o‘zgartirish kiritildi.


Unga ko‘ra, transport vositalarini import qilishda muvofiqlik sertifikatini “bir kalendar yil davomida bir martadan ko‘p emas” tarzida berishni nazarda tutuvchi norma bekor qilindi.


Farmon bilan qurilish sohasida ham qator yengilliklar joriy etildi. Xususan, 2029-yil 1-iyulgacha O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, qurilish ishlarida foydalaniladigan maxsus texnika vositalari, shuningdek laboratoriya va instrumental ko‘rik asbob-uskunalarini olib kirish bojxona bojidan ozod etildi.


Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda bojxona bojidan ozod etiladigan texnika va uskunalar ro‘yxatini tasdiqlashi lozim.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//