Jamiyat
Andijonda voyaga yetmagan ikki bola qasddan o‘ldirilib, o‘zi yashayotgan xonadonga ko‘milgani xabar berilgandi. Bosh prokuratura bolalarning o‘ldirilishi bilan bog‘liq jinoyat fosh etilganini ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, jinoyatni fosh qilishga qaratilgan tezkor tergov tadbirlar natijasida mazkur jinoyat Izboskan tumanida yashovchi 27 yoshli ayol tomonidan sodir etilgani aniqlangan.
Andijon shahridagi 24-umumiy o‘rta ta’lim maktabida qarindoshlar o‘rtasida kelishmovchilik oqibatida kelib chiqqan ushbu qotillik jamoatchilik ishtirokida muhokama qilingan.
Unda viloyat IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, polkovnik Farrux G‘iyosov, viloyat prokurori o‘rinbosari Doniyor Masaliyev, Andijon shahar hokimi G‘ofurjon Abdurahmonov ishtirokida o‘tkazilgan muhokamada ushbu jinoyatning kelib chiqish sabablari tahlil qilingan.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, polkovnik Farrux G‘iyosovning ma’lum qilishicha, mudhish voqeaning yuz berishiga qarindoshlar o‘rtasida 3-4 oy oldin sodir bo‘lgan voqea sabab bo‘lgan. Gumonlanuvchining turmush o‘rtog‘i u bilan ajrashgan. Shundan so‘ng gumonlanuvchi turmush o‘rtog‘i bilan ajrashganligi sababini bolalarning onasidan ko‘rib, qasd olish maqsadida ularni o‘ldirish rejasini tuzgan.
“2022-yil 16-iyun kuni Andijon shahar ‘O‘zbekiston’ MFY Zafar ko‘chasida yashovchi 1987-yilda tug‘ilgan S.D. mas’ul tashkilotlarga murojaat qilib, ikki nafar voyaga yetmagan farzandi — 2011-yilda tug‘ilgan o‘g‘li O‘.S. hamda 2014-yilda tug‘ilgan qizi O‘.R.larning ko‘chaga chiqib bedarak yo‘qolib qolganini ma’lum qilgan. Hamda ularni topishda amaliy yordam so‘ragan. Bu bo‘yicha tezkor surishtiruv ishlari olib borilgan. Surishtiruv mobaynida o‘sha kuni ularning xonadoniga izboskanlik qarindoshi D.Y. kelganligi ma’lum bo‘lgan”, — deyiladi qotillik muhokamasida.
Bu paytda D.S. bozorda bo‘lgan. D.Y.dan bolalar haqida so‘ralganida bolalar cho‘milishga ketganini va qaytib kelmaganligini aytgan. Tezkor surishtiruv natijasida ayol bergan ma’lumotlar yolg‘on ekanligi aniqlangan. Oradan ikki kun o‘tgach, ayolning o‘zi ikki nafar voyaga yetmagan bolalarni o‘ldirib, jasadlarni qopga solib uyning yerto‘lasiga olib tushib qo‘ygani ma’lum bo‘lgan.
Aniqlanishicha, jabrlanuvchi S.D. va gumonlanuvchi D.Y. o‘zaro qarindoshlar bo‘lgan.
“S.D. Andijon shahridagi ‘Yangi bozor’ hududida oziq-ovqat mahsulotlari sotish bilan shug‘ullanadi. Odatda ayol ertalab ishga chiqib ketadi, farzandlari esa uyda qarovsiz qoladi. Bir kuni u bilan yashovchi qarindoshi D.Y. turmush o‘rtog‘ining Toshkent shahrida ishlab yurishidan foydalanib, S.D. bilan birga yashovchi uyiga begona erkakni olib kelgan. Bundan xabar topgan S.D. xolavachchasining akalariga xabar bergan. Buni eshitgan akalar voqea joyiga kelgach, D.Y. uydagi eri ekanini, Toshkentdan kelganini aytgan. Akalari D.Y.ning turmush o‘rtog‘iga qo‘ng‘iroq qilgach, bor holat oydinlashgan. Shu sabab ham D.Y. turmush o‘rtog‘idan ajrashgan va bunda S.D.ni aybdor deb bilgan. Va uning bolalarini o‘ldirish to‘g‘risida reja tuzgan. Reja sabab bugun shu qotillik ro‘y bergan”, — deyiladi muhokama yig‘ilishida.
Aniqlanishicha, qotillik ro‘y bergan kuni jabrlanuvchining o‘g‘li Sayfiddin cho‘milishga chiqib ketadi. Singlisi Robiyaxon esa uyda qoladi. D.Y. qizni hammomga olib kirib, bo‘g‘ib o‘ldirgan va qopga solib uyning yerto‘lasiga olib kirib qo‘ygan. Sayfiddin uyga kelgach esa uning uxlab qolishini poylagan. Bola taxminan soat 15:00-16:00 oralig‘ida uxlab qolgan. Bola uxlagach, D.Y. o‘tkir tig‘li jism bilan uning ko‘krak qismiga va tanasining boshqa qismlariga jarohat yetkazgan. Shu payt bola uyg‘ongan va qarshilik ko‘rsatishga harakat qilgan. Ammo ayol Sayfiddinni bo‘g‘ib o‘ldirgan va uni ham choyshabga o‘rab yerto‘laga olib tushib qo‘ygan. Kechga yaqin ona uyga kelib, bolalarining yo‘qolganini bilgan va ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilgan. Xodimlar voqeani joyiga chiqib o‘rgangan. Ikki kundan so‘ng jasadlar topilgan”, — deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Farrux G‘iyosov.
Qo‘shnilarning aytishicha, bolalar uch kun izlangach, ularning jasadi 19-iyun kuni uy yerto‘lasidan topilgan.
“16-iyun kuni ularni ‘Oq go‘r’ masjidigacha borib izladim. 17-kuni ishga ketib, qaytganimda ham topilmagan ekan. Kechqurun temiryo‘l vokzali, aeroport tomonlargacha bordim. 18-kuni ham topilmadi. 19-kuni ertalab uyiga kirib, ulardan ‘Opa nima bo‘ldi, topildimi?’, deb so‘raganimda ‘Yo‘q, topilmadi, izlayapmiz’, degan javobni berdi. Shunda opa bu yerda ikkita narsa bo‘lishi mumkin, birinchisi pul muammosi borligi uchun olib, yashirib qo‘ygan yoki ikkinchi muammo ‘Balki, Yorqinoy jinnidir? Agar jinni bo‘lsa, bu vaqtgacha qaytarib berishi kerak edi’, dedim. Shu paytda bolalarning onasi va bir otincha xolasi kirib kelayotgandi. Keyin uyda ayol kishi ko‘paygani uchun o‘zimni bilib, uyimga chiqib ketdim. Uyga kirib, pichoqni olib, turmush o‘rtog‘imga ‘Yur onasi qo‘shnilarnikiga chiqib, sen ularga dalda bo‘lasan men tarvuzini so‘yib beraman’, deb yana qaytib chiqdik. Eshikdan kirganimni bilaman ammasi chaqirib, ‘Uka keling, mana bu yerni to‘g‘rilab bering, tushib ketib qoldi’, dedi.
Qarasam, gilam ochilgan, pol turibdi. Polni olishim bilan uy tutab ketdi. Bir ikkita pashshalar ham chiqdi. Shunda ‘Opa podvalda pashsha yurmaydi. Issiq joyda pashsha bo‘ladi. Podval sovuq, bu yerda bo‘lmaydi’, dedim. Ular qarayverishimni so‘radi. Shunda polning bo‘laklari, taxtachalarni chiqarsam, hid chiqishi kuchaydi. Pastga engashib qaraganimda, velosiped va uch-to‘rt qop banka turgan ekan. Shunda bolalarning onasi ‘voy bolam’, deb yig‘lavordi. ‘Yig‘lamang’, deb tashqariga chiqarib yubordik. Xonada to‘rtta ayol va men qolgandik. Polga yotib, bankalarni olib berdim. Qolgan qoplarni ham olish uchun yana qo‘limni cho‘zganimda bolaning qo‘lini ko‘rdim. Rangi to‘q ko‘k rangda bo‘lib ketgan ekan. Shunda xonadan qanday qilib, otilib chiqib ketdik, bilmayman. O‘zimga kelib, keyin mahalladagi akani va bir tog‘ani chaqirdim. Ular fonarni yoqib turgandi. Matrasni ushlaganimda bolaning qo‘li qimirlayotgandi. Matrasni yirtganimda bolaning holatini ko‘rdim. Shu bilan voqea joyidan chiqib ketdik. Bo‘lgan voqea shu”, — deydi qotillik yuz bergan xonadon qo‘shnisi.
Muhokamada ishtirok etgan fuqarolar qotillikda gumonlanayotgan ayol homilador ekanini, ammo bu vahshiyligi uchun dunyoga kelajak farzandini unga bermay, onalik huquqidan mahrum qilish kerakligini taklif qilgan.
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q