IIV Sevimli telekanali tasvirchisi janjal vaqtida jarohat olganini maʼlum qildi

Saqlash
21:02 / 13.06.2022 840 0

IIV matbuot kotibi Shohrux Gʻiyosov Sevimli telekanalining jurnalistlari IIO xodimlari tomonidan kaltaklangani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

 

Uning bayonotida qayd etilishicha, 11-iyun kuni “Paxtakor” stadionida Oʻzbekiston-Iroq futbol terma jamoalari oʻyini jarayonida jamoat tartibini saqlashga biriktirilgan Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan soat 21.00dan keyin, stadionda boʻsh joylar qolmaganligi sababli, fuqarolarni stadionga kirishi toʻxtatilgan.

 

Shu vaqtda, Alisher Navoiy koʻchasi tarafdan stadionga kirish uchun tashkil etilgan tashqi nazorat perimetrda ayrim fuqarolar norozilik bildirib, stadionga kirishga harakat qilib, janjal uyushtirishgan, deyiladi xabarda.

 

“Xodimlar tomonidan kelib chiqishi mumkin boʻlgan bezorilik harakatlari zudlik bilan bartaraf etilib, bir nechta fuqarolar tuman IIBga olib borilgan. Aniqlanishicha, fuqarolar orasida „Sevimli” telekanali „Zamon» dasturining vakillari ham boʻlgan hamda odamlar oʻrtasidagi mushtlashuv jarayonida telekanal operatori T.Ibroximovga tan jarohatlari yetkazilib, texnik ashyolari zarar koʻrgan. Unga oʻz vaqtida tibbiy yordam koʻrsatilib kasalxonaga yetkazilgan», — deyiladi xabarda.

 

Uning taʼkidlashicha, shu kuni boshqa fuqarolardan tan jarohati olganligi boʻyicha maʼlumotlar kelib tushmagan.

 

“Hozirda, holat yuzasidan tekshiruv tayinlanib, jamoat tartibini buzgan fuqarolarni aniqlash boʻyicha ishlar olib borilmoqda”, — deyiladi bayonotda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//