Madaniyat
Xonanda Sanjay Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azimga tovon pulini tangada toʻlamoqchi ekani haqida xabar berilgan edi. Ushbu holat oʻzbek ziyolilari tomonidan keskin tanqidga uchradi. Xususan, “Doʻstlik” ordeni sohibi Shodmonqul Salomning fikricha, xonanda bu yoʻl bilan ijodkorni va milliy valyutamizni kamsitmoqda.
«Goʻyoki, hammasi qonuniydek! Biroq Sanjay shoirni masxaralash yoʻlini tutdi. Imkoni boʻlsa, daʼvosidan voz kechishini istayapti. Aks holda, bunday qilmasdi. Menga taʼsir etgan narsa esa, katta bir shoirning sheʼrini, mashhur qoʻshiqni oʻzboshimchalik bilan oʻzlashtirib olib, tagʻin jarima pulini tangada toʻlashni toʻgʻri deb bilayotgan Sanjayning xalqqa, jamiyat kishilariga, ayniqsa, endigina hayotga kirib kelayotgan yoshlar ongiga yomon taʼsir qilishini koʻrib-bilib turib jim yurganimizdir», deb yozadi u.
Muallif Usmon Azimning oʻzbek adabiyotida bugun paydo boʻlmaganini, u sabab oʻzbek xalqi koʻplab maʼnaviy boyliklarga ega boʻlganini taʼkidlaydi.
«Axir, Usmon Azim degan nom adabiyotda paydo boʻlganiga rosa yarim asr vaqt boʻldi. Uning sheʼriyati millat maʼnaviy iqlimini yangi yoʻlga burib yubordi. Bu sheʼriyat qanchadan-qancha shoirlar avlodiga asos boʻldi. Uning adabiyotga bergan shiddatli toʻlqini koʻplab shoirlarning maydonga chiqishida katta rol oʻynadi.
Dramaturgiya sohasida Usmon Azim yaratgan pyesalar necha oʻn yillarki, mana shu xalq farzandlari uchun maʼnaviy mayoqdek xizmat qilib kelayotir. Ulugʻ vatandoshlarimiz Hakim Termiziy, Amir Temur, Choʻlpon, Oybek, Akmal Ikromov, Fayzulla Xoʻjayev obrazlarining qayta jonlanishi maʼnaviy boylik boʻlmay nima? Dostoni bor xalq sifatida bizning koʻksimizni koʻtarib turgan Alpomish obrazi aynan shu fidoyi insonning xizmati sababli qaytadan hayotimizga kirib keldi. Alpomishni, milliy gʻururni qaytarib berdi bu shoir. Uning prozasi esa alohida mavzu».
Shodmonqul Salom tegishli tashkilotlarni xonandaga chora koʻrishga chaqirgan.
«Xalqning suyanadigan bir atoqli shoiri, jahon sheʼriyatida oʻz oʻrniga ega soʻz ustasining sheʼrini bilganicha kuyga solib, bilganicha talqin etib, yana tagʻin masxaralashdek uyatsiz ishni qilib turgan Sanjayga chora koʻradigan tashkilotlar nega jim turganiga hayronman.
Mamlakat rahbari qariyb har bir chiqishida MAʼNAVIYAT deya bong urayotgan, millat bolalarini ommaviy betamizlikdan asrab qolishga undayotgan bir paytda bu yuzsizlikni qanday baholash kerak? Sanjayning milliy valyutaga hurmatsizligini ham, maʼnaviy asoslarga qilgan hurmatsizligini ham qiyoslab oʻrganadigan, javobgarlikka tortadigan qonuniy bandlar nahotki boʻlmasa...
Kim qanday qabul qiladi, bilmayman. Ammo millat oʻz ulugʻlarini tanishi kerak. Aks holda, oliy maqsadlardan tobora uzoqlashib ketaveramiz. Ustoz shoirni, adabiyotning bugungi kundagi tirik bir xazinasini har koʻringan kimsa talab ketaverishiga yoʻl ochib berish, bizning maʼnaviy inqirozimizdir», degan u.
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q