Turizm tadbirkorlari import qiluvchi avtobus va mikroavtobuslar 2027-yilgacha bojxona toʻlovidan ozod etiladi

Saqlash
17:42 / 20.11.2025 32 0

Oʻzbekistonda turizm sohasi subyektlari tomonidan import qilinadigan avtobus, elektrobus va mikroavtobuslar bojxona bojidan ozod etish 2027-yilgacha uzaytiriladi. Bu prezidentning 20-noyabr kuni imzolangan turizm sohasini rivojlantirish toʻgʻrisidagi qarorida koʻzda tutilgan.

 

Qarorga koʻra, turizm sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha quyidagi tartiblar oʻrnatiladi.

 

Xususan, 2027-yil 1-yanvarga qadar:

 

turizm sohasi subyektlari tomonidan import qilinadigan avtobus, elektrobus va mikroavtobuslar bojxona bojidan ozod etiladi (avvalroq bu muddat 2025-yil 1-avgustgacha etib belgilangandi);

 

Qoraqalpogʻiston Respublikasida roʻyxatga olinib, litsenziyaga ega boʻlgan turoperatorlarga, istisno tariqasida, ekstremal turlarni tashkil qilish uchun dvigatel hajmi 2,4 litrdan kam boʻlmagan yuqori oʻtish qobiliyatiga ega transport vositalari import qilinayotganda bojxona boji va utilizatsiya yigʻimini amaldagi stavkaning 25 foizi miqdorida 3-yil muddatga boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat etiladi;

 

turizm sohasi subyektlari tomonidan import qilinadigan avtobus, elektrobus va mikroavtobuslarning sonidan qatʻi nazar, ularga bitta sertifikat berishga ruxsat etiladi.

 

2026-yil 1-fevraldan boshlab chet el fuqarolari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketishda avval xarid qilingan tovarlar uchun toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini qaytarish ularning xohishiga koʻra naqd pul shaklida amalga oshirilishi mumkin.

 

2026-yil 1-martdan boshlab Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan:

 

turistik startaplarni – yangi turdagi turizm xizmatlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish bilan bogʻliq xarajatlarning 50 foizi, biroq 1 mlrd soʻmdan koʻp boʻlmagan miqdorda har yili eng yaxshi 10 tagacha loyihalarga subsidiyalar ajratiladi;

 

mehmonxonalarning Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatda nazarda tutilgan xalqaro eʻtirof etilgan “yashil” sertifikatlarni olish bilan bogʻliq xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.

 

2026-yil 1-apreldan boshlab xalqaro konferensiyalar va tadbirlarni (MICE turizm) tashkil qilib, unga kamida 100 nafar chet ellik turistni jalb qilgan tadbirkorlik subyektlariga ushbu tadbirlarni tashkil qilishda ular tomonidan toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi summalarining 50 foizini qaytarish tartibi joriy etiladi.

 

2030-yil 1-yanvarga qadar “Brand Finance” kompaniyasining top-50 talik reytingiga kiruvchi brendni jalb qilgan holda brend bilan dastlabki kelishuvlarga ega mehmonxona qurilishini boshlagan tadbirkorlik subyektlari mehmonxonani qurish va jihozlashda mazkur brendning talabiga muvofiq olib keladigan asbob-uskunalar, texnika, transport vositalari, mebel va inventarlar uchun bojxona bojini toʻlashdan ozod etiladi.

 

Shuningdek, Turizm qoʻmitasi respublika hududida oʻz filmlarini yaratishda xorijiy kinokompaniyalarga xarajatlarning bir qismini qaytarishni (Rebate) muvofiqlashtiruvchi masʻul davlat organi hisoblanadi. Unga koʻra:

 

xarajat 3 milliard soʻmgacha boʻlsa – 10 foiz;

3 milliard soʻmdan 5 milliard soʻmgacha boʻlsa – 15 foiz;

5 milliard soʻmdan 10 milliard soʻmgacha boʻlsa – 20 foiz;

10 milliard soʻmdan ortiq boʻlsa – 25 foiz, biroq bitta film uchun 4 milliard soʻmdan oshmagan miqdorda Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.

 

2026-yil 1-martdan boshlab nufuzli xorijiy kinokompaniyalar bilan muzokaralar oʻtkazgan holda jamgʻarma mablagʻlari hisobidan filmlarning bevosita yoki bilvosita Oʻzbekiston turistik jozibadorligi, tarixiy-madaniy merosi va boshqa muhim ijobiy jihatlarini namoyish qiluvchi qismini (epizodini) yaratganlik (shu jumladan, Oʻzbekiston hududida, oʻz pavilonlarida yoki kompyuter grafikasi yordamida) uchun haq toʻlash tartibi joriy etiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//