Ilm-fan
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tomonidan “Milliy qadriyatlar va ma’naviy merosning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
Mazkur ilmiy-amaliy anjuman milliy qadriyatlarning tarixiy va falsafiy ildizlari, ma’naviy merosning jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyati, yoshlarni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash asosida milliy o‘zlikni yuksaltirish texnologiyalari, milliy qadriyatlarga asoslangan taraqqiyot omillari, ma’naviy meros targ‘ibotining metodologik asoslari kabi ilmiy muammolar tahliliga bag‘ishlandi.
Konferensiyada milliy kontentda qadriyatlarni targ‘ib qilish masalalari bugungi kundagi milliy va ma’naviy muhit bilan bog‘langan tarzda muhokama etildi. Konferensiya shoʻbalari ushbu ilmiy muammolarga aloqador 5 ta yo‘nalishda tanlangan.
Anjumanda so‘zga chiqqan ma’ruzachilar tomonidan qo‘yilgan muammolar va taklif etilgan yechimlar, milliy qadriyatlarni turli jabhalarda targ‘ib etish bo‘yicha tajriba almashinuvlar, nazariy xulosalar bilan amaliyotni uyg‘unlashtirish bo‘yicha takliflar mamlakatimizda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada yaxshilashga, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Abduhalil Mavrulov, tarix fanlari doktori, professor:
– Siyosiy tuzumlar ba’zan o‘z ildizini mustahkamlash uchun yangi qadriyatlarni izlab topishga harakat qiladi. Bu yangi qadriyatlar ko‘pincha sun’iy qadriyatlar bo‘ladi. Bugungi kunda ham turli xil qarashlar yuzaga kelyapti. Yangi zamonga mos qadriyatlarni yaratishimiz kerak, degan masala kun tartibiga qo‘yilyapti. Globallashuv zaif e’tiqodli odamlarni shakllantirayotgani rost. Ko‘pchilik, ayniqsa yoshlar virtual dunyo bilan real dunyo o‘rtasida yuribdi. O‘z yo‘lini topishga qiynalyapti. Bu esa hissizlikni yuzaga keltiradi. Bu juda katta falokat. Buning sabablari ko‘p. Nazarimda eng katta sabab hashamat biz uchun ustuvor bo‘lib qolayotgani. Bunda bizni tarbiyalaydigan ikkita yechim bor: biri milliy qadriyatlar, ikkinchisi davlat tomonidan ishlab chiqilgan me’yoriy hujjatlar. Bugun eng katta xatoimiz ana shu ikkisini uyg‘unlashtirishni bilmayapmiz. Bu paradoks jamiyatdan begonalashgan, uzoqlashgan, arosatda qolgan kishilarni shakllantiradi. O‘zimizni individ sifatida tan olyapmiz-u, jamiyat a’zosi sifatida tan olmayapmiz. Kelib chiqayotgan ko‘plab muammolarning asl sababi shunda.
Qiyom Nazarov, falsafa fanlari doktori, professor:
– Bundan 150 yil avval faylasuf olim Shiller “Aksiologiya” kitobi nihoyasida shunday yozgan edi: “Millatning tanazzuli, milliy qadriyatlarning tanazzuli bilan boshlanadi. Milliy qadriyatlarning tugashi esa millatning tugashi bilan tugaydi. Milliy qadriyatlarni boy bergan millat millat sifatida dunyo sahnasidan yo‘qoladi”.
So‘nggi paytlarda qadriyatlar haqida bu tushunchani to‘g‘ri ta’riflay olmaydiganlar ham shunchalik ko‘p gapirayotgani afsuslanarli. Qadriyat nima o‘zi? Dunyoda qadriyat nomi bilan ataladigan birorta odam yo‘q, biror narsa yo‘q. Qadriyat – ism emas, narsalar emas. Qadriyat – bu tushuncha. Milliy qadriyatlarni asrdan asrga, yildan yilga olib o‘tuvchi yagona obyekt – millat. Millatni yo‘qolishi milliy qadriyatlarni abadiy yo‘qolishiga olib keladi.
Jamiyat
Ilm-fan
Madaniyat
Siyosat
Siyosat
Madaniyat
109772
Jamiyat
94146
Jamiyat
89950
Jamiyat
73141
Jamiyat
//
Izoh yo‘q