Samarqandda Rossiyadagi festivalga farzandlarini yuborgan mansabdorlar 28 mln so‘m to‘lab berdi

Saqlash
10:55 / 07.02.2026 24 0

Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan bayramga iqtidorli yoshlar o‘rniga farzandi, jiyani va yaqinlarini xorijga yuborgan edi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Akmal Burxonov ma’lum qilishicha, mahalliy rasmiylar 28 mln so‘mni byudjetga qaytaradi.

 

U Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mansabdor shaxslari tomonidan qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yilganini ta’kidlagan.

 

“Dastlabki o‘rganishlar natijasida bu voqea o‘z tasdig‘ini topdi. Rossiya tomonidan viloyat hokimligiga taklifnoma berilgan, hokimlik viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga yo‘naltirgan.

 

Sakkiz o‘quvchi va ikki o‘qituvchi yuborilgan. Shundan ikki nafari – boshqarma boshlig‘ining yaqin qarindoshi, ya’ni farzandi va jiyani, yana ikki nafari boshqarma hisobchisi va metodistining farzandlari bo‘lib chiqdi, yana bir nafari boshqarma boshlig‘ining yaqin tanishining o‘g‘li bo‘lib chiqdi.

 

Ularning borib kelishi uchun mahalliy budjetdan 95 million so‘m ajratilgan ekan. Uch bolaning ota-onasidan 28 million so‘m mahalliy budjetga qaytarildi”, dedi Burxonov.

 

Shuningdek, o‘rganishlar natijasida ushbu holat davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalariga zid ekani haqida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rahbariyatiga taqdimnoma kiritilgan, unda aybdorlarga qat’iy choralar ko‘rish so‘ralgan.

 

“O‘rganishlar natijasida 28 millionni qaytardik. Yana bir bor o‘rganib, yana byudjetga zarar yetkazilgan bo‘lsa uni ham qaytarish, shuningdek, tanish-bilishchilik holatlariga yo‘l qo‘ygani uchun mutasaddilarga, birinchi navbatda, boshqarma rahbariga hamda boshqa aybdorlarga keskin chora ko‘rish, ya’ni lavozimdan ozod etishgacha bo‘lgan choralar ko‘rish bo‘yicha taqdimnoma kiritdik. Bu bo‘yicha o‘n kun ichida javob berilishi kerak”, degan Burxonov.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//