Samarqand viloyati MMTB rahbari Sankt-Peterburgdagi bayramga o‘g‘li va jiyanini yubordi

Saqlash
11:16 / 04.02.2026 67 0

Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbari Muzaffar Hamdamov Rossiyadagi tadbirga boradigan delegatsiya tarkibiga o‘g‘li va jiyanini kiritgani ma’lum bo‘ldi.

 

Sankt-Peterburg shahrida har yili o‘tkaziladigan “Alvon yelkanlar” (“Alyye parusa”) bayrami odatda Rossiyaning o‘zidagi maktab bitiruvchilari uchun mo‘ljallangan tadbir sifatida tanilgan. Biroq 2025-yilda bu bayram doirasida O‘zbekistondan ham, xususan Samarqand viloyatidan maktab o‘quvchilarini taklif qilingan.

 

Rossiya tomoni yo‘llagan rasmiy taklif xatiga ko‘ra, Samarqand viloyatidan 9-11-sinf o‘quvchilaridan iborat delegatsiya 2025-yil 28-iyun kuni bo‘lib o‘tadigan bayramda ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

 

Ammo jamoatchilik faoli Xayrulla Mamasoliyev 3-fevral kuni Facebook’dagi sahifasida e’lon qilgan postda mas’ul rahbar tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘ygani haqida so‘z boradi. U postga delegatsiya a’zolari haqidagi ma’lumotni keltirib o‘tgan.

 

Oradan biroz vaqt o‘tib, boshqarma rahbari ushbu postga izoh yozib, rostdan ham o‘g‘li va jiyanini shu delegatsiya tarkibida Rossiyaga yuborganini ma’lum qildi. U harakatlari noto‘g‘ri ekanini bilmaganini ham qo‘shimcha qilgan.

 

Shunchalik katta gunoh ekanini bilganimda, ruxsat bermas edim! U bola mening o‘g‘lim, aytganimni qilib borgan. Borgisi kelmasa ham borgan. Tan olaman, noto‘g‘ri borgan, deb yozdi Hamdamov post izohida.

 

​Ushbu holat yuzasidan viloyat ta’lim boshqarmasi ham rasmiy munosabat bildirgan. Qayd etilishicha, mazkur tadbirga 14 nafar o‘quvchi va bir o‘qituvchidan iborat delegatsiya shakllantirilgan, biroq ayrimlarning xorijga chiqish pasporti bo‘lmagan, boshqalarning esa ota-onasi ruxsat bermagan.

 

Shu sababli 8 nafar a’lochi o‘quvchi va 2 nafar mas’uldan iborat jamoa ro‘yxati qayta shakllantirilgan. Tadbirda viloyatdan jami 10 nafar ishtirokchi qatnashgan. Mazkur guruhga rus tilini mukammal biladigan malakali mutaxassis mas’ul etib tayinlangani qayd etildi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//