Mudofaa vazirligi ofitserlariga ko‘p yillik xizmati uchun ustama miqdori 2 karra oshiriladi

Saqlash
18:38 / 13.01.2026 28 0

Har yili harbiy xizmatchilar oʻrtasida koʻpkurash, qoʻl jangi, ogʻir atletika kabi sportning 10 dan ortiq anʼanaviy turlari boʻyicha musobaqalar oʻtkaziladi. Endi joriy yildan boshlab kibersport, dron va robot texnologiyalari kabi zamonaviy sport turlari boʻyicha uch bosqichli musobaqalar tashkil etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi Xavfsizlik kengashining mamlakat harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalari boʻyicha kengaytirilgan yigʻilishida qayd etildi.

 

“Mintaqaviy va global vaziyatni doimiy tahlil qilib borish, milliy armiyamizning salohiyatini mustahkamlash – bugungi kun talabi. Oʻzbekiston armiyasi xalq himoyasiga doimo tayyor turishi, buning uchun tezkor, yuqori texnologiyali, yangi jang sharoitlariga mos boʻlishi kerak, – dedi Prezident.

 

Shu sababli, qoʻshinlarni sunʼiy intellekt asosidagi robotlashgan majmualar va uchuvchisiz tizimlar, yengil harbiy texnika, zamonaviy qurol-aslaha, razvedka vositalari bilan jihozlashga alohida eʼtibor qaratish kerakligi koʻrsatib oʻtildi.

 

Prezidentimiz mudofaa sanoatini yanada rivojlantirish, soha korxonalarida raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni joriy etish ustuvor vazifalardan biri boʻlishi kerakligini qayd etdi.

 

Davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini raqamlashtirish sharoitida kiberxavfsizlikni taʼminlash va milliy raqamli infratuzilmaning barqarorligini mustahkamlash alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bois, mutasaddilarga shaxsga doir maʼlumotlar va raqamli tizimlar himoyasini taʼminlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni belgilash topshirildi.

 

“Harbiy xizmatchilar mehnatini qadrlash, ularning oila aʼzolari va harbiy pensionerlarni ijtimoiy himoya qilish doimo diqqat-eʼtiborimiz markazida boʻlishi zarur”, – dedi Prezident va bu borada katta yangiliklarni eʼlon qildi.

 

Xususan, 1-apreldan boshlab Mudofaa vazirligi ofitserlariga ko‘p yillik xizmati uchun ustama miqdori 2 karra oshiriladi. Kontrakt asosida xizmat qilayotgan oddiy askar va serjantlarning oylik maoshi 10 foizga ko‘paytiriladi.

 

Hududiy mudofaa ishlari boshqarmasi va bo‘limlarining harbiy bo‘lmagan xizmatchilarini oyligi bu yil 20 foizga, kelasi yili yana 50 foizga oshiriladi. Qurolli Kuchlar safida 30 yildan ortiq xizmat qilgan harbiylar uchun pensiya hisoblashda inobatga olinadigan oylik miqdori 75 foizdan 100 foizga yetkaziladi.

 

Shu bilan birga, harbiy xizmatchilar uchun uy-joy qurilishi kengaytiriladi.

 

Mas’ullarga harbiy xizmatchilarning pensiya ta’minotini belgilaydigan qonun loyihasini ishlab chiqib, parlamentga kiritish topshirildi. Zamonaviy xavf va tahdidlarning mazmuni ham, ko‘lami ham kundan kunga o‘zgarib borayotgani, mudofaa va xavfsizlik sohasi oldiga katta vazifalar qo‘yilayotganini inobatga olib, davlat rahbari sakkiz yil oldin qabul qilingan Mudofaa doktrinasi hamda 1997 yilda qabul qilingan Milliy xavfsizlik konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqish vaqti kelganini ko‘rsatib o‘tdi.

 

Yangi Mudofaa doktrinasi mamlakatimizni hech qaysi harbiy blogga qo‘shilmaslik maqomini saqlab qolishini, ko‘p tomonlama diplomatiyaga tayanishda davom etishini, yuqori texnologiyalarga asoslangan strategiya, harbiy mustaqillik va mintaqaviy barqarorlik yo‘nalishida rivojlanishini ta’minlashi lozimligi ta’kidlandi.

 

“Umuman, yangi doktrina armiyani texnologik yangilash va ilg‘or harbiy yechimlarni joriy etish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi kerak”, - dedi Prezident.

 

Davlat rahbari yig‘ilish yakunida Qurolli Kuchlarning jasur askar va serjantlari, ofitser va generallari, faxriylari, ularning oila a’zolari va yaqinlarini O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy tabrikladi.

 

“Sizlarning jasoratingiz, qasamyodga sadoqatingiz, el-yurt himoyasi yoʻlidagi fidoyiligingiz bilan butun xalqimiz faxrlanadi. Goʻzal yurtimizda tinchlik-osoyishtalik va hamjihatlik doimo hukm sursin, jonajon Vatanimiz yanada mustahkam va barqaror boʻlsin!” – dedi davlat rahbari.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//