Ayolini molxonada saqlagan erkak 13 yilga qamaldi

Saqlash
12:29 / 12.01.2026 86 0

Xabaringiz bor, o‘tgan yilning sentyabr oyida ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Uzun tumanida ayol va uning yangi tug‘ilgan farzandiga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik o‘tkazilganligi to‘g‘risida xabarlar tarqalgan edi.

 

Ma’lum bo‘lishicha, 2025-yilning 26-avgust kuni Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi mahallalarning birida noma’lum ayol kishi antisanitariya holatida xonadon egalari tomonidan molxonada majburiy ushlab turilganligi haqida kelib tushgan xabarga asosan, mahalla profilaktika inspektori zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan.

 

Yakunda xonadon egasi (1981-yilda tug‘ilgan) fuqaro Sh.A.ning norasmiy turmush o‘rtog‘i (1997-yilda tug‘ilgan) fuqaro X.G. va uning 5 oylik o‘g‘il farzandi og‘ir sharoitda majburlab saqlanib kelayotganligini aniqlangan. Jabrlanuvchilar zudlik bilan tibbiyot muassasasiga joylashtirilgan.

 

Mazkur holatga oid jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tuman sudida ko‘rib chiqildi.

 

Xabarga ko‘ra, sud hukmi bilan A. Sh. (erkak, 1981-yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan) Jinoyat kodeksining 126-1, 127, 25,135 va 138-moddalarida, M. Sh. (ayol, 1975-yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan), K. Sh. (ayol, 1978-yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan) va Z. A. (ayol, 1951-yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan) 104, 127, 25,135 va 138-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

 

Sudning hukmi bilan A. Sh.ga 13 yil, M. Sh. va K. Sh.ga 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, Z. A.ga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

 

“Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Surxondaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilinadi”, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//