Surxondaryoda ayolini 5 oylik bolasi bilan molxonada saqlab kelgan erkakka chora ko’rildi

Saqlash
10:33 / 05.09.2025 210 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Uzun tumanida ayol va chaqalog‘iga nisbatan tazyiq o‘tkazilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat Surxondaryo viloyati IIB tomonidan o‘rganib chiqildi.

 

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 26-avgust kuni IIBga Uzun tumanidagi mahallalarning birida noma’lum ayol kishi antisanitariya holatida xonadon egalari tomonidan molxonada majburiy ushlab turilgani haqida xabar kelib tushgan. Unga asosan mahalla profilaktika inspektori zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan va xonadon egalarining qarshiligiga qaramasdan molxona eshigini buzib kirgan.

 

Molxonada 44 yoshli xonadon egasi Sh.A. 28 yoshli turmush o‘rtog‘i X.G. va uning 5 oylik chaqalog‘ini og‘ir sharoitda majburlab saqlab kelayotgani aniqlangan. Jabrlanuvchilar zudlik bilan tibbiyot muassasasiga joylashtirilgan.

 

Holat o‘rganilganda, Sh.A. shu xonadonda yashovchi onasi va yaqin qarindoshlari bilan til biriktirib, turmush o‘rtog‘i X.G.ni bir necha oy davomida tazyiq va zo‘ravonlik ishlatgan holda majburiy ravishda xonadondagi molxonada yashirin saqlab kelgani aniqlangan. Ular ayolning ruhiy holatida o‘zgarishlar borligidan (tilida nuqsoni borligi, fikrlarini to‘liq bayon qilishga qiynalishi) foydalangan. 

 

Hozirda jabrlanuvchi X.G. Uzun tumani tibbiyot birlashmasi jarrohlik bo‘limiga, farzandi esa tug‘uruq bo‘limiga joylashtirilgan. Ularning sog‘lig‘i bilan bog‘liq vaziyat viloyat ijtimoiy himoya boshqarmasi mas’ullari tomonidan alohida nazoratga olingan.

 

Holat yuzasidan Uzun tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi (Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) 7-qismi “a, ye”, bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilar Sh.A. va uning ishga aloqador bo‘lgan uch nafar yaqin qarindoshi protsessual tartibda qamoqqa olingan.

 

Shuningdek, jinoyat ishi Surxondaryo viloyati IIB tomonidan qat’iy nazoratga olingan bo‘lib, ish yuzasidan barcha tegishli sud-tibbiyot ekspertizalari tayinlangan.

 

Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi tomonidan ona va bolaning huquqlari va xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, zarur ijtimoiy va psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//