“Xalqqa gap bilan emas, amaliyot bilan o‘rnak bo‘lishimiz kerak” – Erkinjon Turdimov rahbarlarni ixcham to‘y o‘tkazishga chaqirdi

Saqlash
09:12 / 10.11.2025 36 0

Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov to‘y va marosimlarda ortiqcha dabdaba hamda isrofgarchilikning oldini olish masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi va viloyatning rahbarlari to‘ylarni me’yorida o‘tkazish bo‘yicha xalqqa o‘rnak bo‘lishi shartligini aytib o‘tdi.

 

“Hech bir rahbar, hech bir mansabdor, hech bir puli ko‘p shaxs bu siyosatga xiyonat qila olmaydi. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, hozir to‘ylarda ham, boshqa marosimlarda ham ortiqcha isrof ko‘payib ketmoqda. Afsuski, ayrimlar bu bilan odamlarni hayratga solaman deb, noto‘g‘ri o‘ylashadi. Bu narsa bilan odamlarni hayratga solib bo‘lmaydi. Aslida esa to‘y bellashuv emas, baxt kuni, duo kuni ekanligini ko‘pchiligimiz esimizdan chiqarib qo‘yyapmiz”, dedi Erkinjon Turdimov.

 

Viloyat hokimi o‘z nutqida Behbudiyning “Oyina” jurnalida chop etilgan “To‘y” maqolasidan ham iqtibos keltiradi.

 

“1914-yilda nashr etilgan “Oyina” jurnalining 54-sonida “To‘y” deb nomlangan maqolada to‘y hasham uchun sarflanayotgan mablag‘lar agar ma’naviy yuksalish yo‘lida, ilm-ma’rifatga, yo‘llarga, xalqning zaruratlariga e’tibor berilsa, o‘sha ish haqiqiy xayr. Ammo agar u mablag‘lar ko‘rsatkich sifatida namoyish uchun sarflansa, bu jamiyat uchun zarar, deb Mahmudxo‘ja Behbudiyning fikrlari keltirilgan. Biz rahbarlar birinchi bo‘lib, shu ishda o‘rnak bo‘lishimiz kerak. Men ham, siz ham, qarindosh-urug‘larimiz ham to‘yni kamtarona, yaqin qarindoshlar davrasida o‘tkazishga harakat qilishimiz lozim. Behbudiy bobomiz bundan bir asr oldin “qarz qilib, xalqqa osh bermoq aqlsizlik emasmi?” deb bayonot etganligi zamirida qancha ma’no, qancha mazmun mujassam.

 

Madaniyatli, tarbiyali, o‘z qadrini bilgan odam hashamatga berilib, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaydi. Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari, xalqqa gap bilan emas, amaliyot bilan o‘rnak bo‘lishimiz kerak. Ko‘z-ko‘z qilish, maqtanish – bu faqat kaltabinlik, boshqa narsa emas. Shuning uchun bu Sirdaryo viloyatining rahbarlari o‘zlaringiz, qarindosh-urug‘laringiz mana shu masala bo‘yicha viloyat xalqiga, viloyatimizdagilarga o‘rnak bo‘lishingiz shart”, dedi viloyat rahbari.

 

Eslatib o‘tamiz, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, “Nuroniy” jamg‘armasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda to‘y va marosimlarni tartibga solish bo‘yicha 90 kunlik “Maromiylik” dasturiga start bergan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//