
Jamiyat
Oliy Majlis Senati 10-yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunni maʻqulladi. Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 13-fevral kuni qabul qilingandi.
Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Jinoyat-ijroiya kodekslariga mahkumlarning jazoni oʻtash muddati ular tuzalish yoʻliga oʻtganligi munosabati bilan qisqartirilishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, Jinoyat kodeksi jazoni oʻtash muddatini shaxs tuzalish yoʻliga oʻtganligi munosabati bilan qisqartirishni nazarda tutuvchi 741-modda bilan toʻldirilmoqda.
Bunda mahkumlar tomonidan Respublika Maʻnaviyat va maʻrifat markazi tomonidan tasdiqlangan, mahkumlarda toʻgʻri maʻnaviy va axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan adabiyotlar roʻyxatidagi kitoblarni oʻqisa va ushbu kitoblarni oʻqiganligi fakti imtihon orqali tasdiqlansa jazoni oʻtash muddati har bir oʻqilgan kitob uchun uch kunga, biroq bir yilda koʻpi bilan oʻttiz kungacha, komissiyaning xulosasiga asosan sud tomonidan qisqartirilishi mumkinligi belgilanmoqda.
Ushbu norma faqat jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinishi nazarda tutilgan (umrbod ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganlardan tashqari) shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.
Qonunchilikka kiritilayotgan ushbu oʻzgartirishlar bugungi kunda jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini oʻtayotgan 13,5 mingdan ortiq mahkumlarga nisbatan tatbiq etilishi qayd etildi.
Qonun senatorlar tomonidan maʻqullandi.
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q