
Jamiyat
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Savdo-sanoat palatasining ochiq muloqotida tadbirkor Murad Nazarov tomonidan daraxt kesishga joriy etilgan moratoriy o‘rniga kompensatsion ekish va “daraxtlar banki” tizimini joriy etish taklifi bilan tanishib chiqdi.
Oldinroq tadbirkor Murod Nazarov daraxt kesishni qonuniylashtirishni taklif qilgani haqida xabar berilgan edi.
Berilgan munosabatda vazirlik bir qator omillarni alohida ta’kidlash zarur deb hisoblagan:
Jumladan, O‘zbekiston dengiz va okeanlarga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan mamlakat sifatida, kislorod manbalari va karbonat angidridni yutish imkoniyatidan mahrumligi qayd etilgan. Shu bilan birga, hududning 60 foizdan ortig‘i cho‘l va yarim cho‘llardan iborat bo‘lib, iqlim o‘zgarishlariga nisbatan juda zaif hisoblanishi ta’kidlangan.
Shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida iqlim isishi global o‘rtacha ko‘rsatkichlardan ikki baravar tezroq ketmoqda. So‘nggi 30 yilda mintaqada harorat 1,5°C ga ko‘tarilgan bo‘lsa, bu global o‘rtacha 0,7°C ga teng.
“Shunday sharoitda yashil hududlar ekologik muvozanatni saqlashda hayotiy ahamiyatga ega bo‘lib, daraxt kesishga qarshi moratoriy aynan shu maqsadni ko‘zlagan”, deyiladi munosabatda.
Vazirlik rivojlangan davlatlar tajribasi daraxt kesishga qat’iy cheklovlar atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror shaharlashuvning samarali vositasi ekanini ko‘rsatayotganini bildirgan va Germaniya, Buyuk Britaniya, Qozog‘iston va Rossiyani misol tariqasida keltirgan va u yerdagi jazo choralarini O‘zbekistondagisi bilan taqqoslagan.
Ko‘rish mumkinki, mazkur davlatlarda noqonuniy daraxt kesgan odam bizdagiga qaraganda qattiqroq jazoga tortiladi.
“Bu misollar shuni ko‘rsatadiki, hattoki iqlimi qulayroq davlatlarda ham daraxtlarni muhofaza qilish bo‘yicha qattiq chora-tadbirlar mavjud”, deb yoziladi vazirlik munosabatida.
Bundan tashqari, Nazarov taklif qilgan “daraxtlar banki” tizimi bo‘yicha ham fikr bildirilgan.
Xususan, taklif qilinayotgan kompensatsion ekishlar va “daraxtlar banki” mavjud moratoriyga to‘liq alternativ bo‘la olmasligiga bir nechta sabablar keltirilgan.
Bular:
▪️ Voyaga yetgan daraxtni hech qanday ko‘chat to‘liq almashtira olmaydi — na CO₂ yutish hajmi, na mikroiqlimga ta’siri, na biologik xilma-xillik bo‘yicha. Yevropa atrof-muhit agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, bitta daraxt yiliga 21 kg CO₂ ni yutadi. Birorta ham ko‘chat bu funksiyani o‘n yillab yillar davomida bajara olmaydi.
▪️ “Daraxtlar banki” amaliyoti sun’iy ravishda korrupsiya va spekulyatsiyalarni yuzaga keltirishi mumkin. Human Rights Watch’ning “Wild Money” tadqiqotiga ko‘ra, ayrim mamlakatlarda kompensatsion ekinlar noqonuniy daraxt kesishni yashirishga xizmat qilmoqda. O‘zbekistonda esa kompensatsion ekinlar — mavjud ma’muriy yoki jinoiy javobgarliklarga qo‘shimcha choradir, lekin muqobil emas.
“Afsuski, ayrim qurilish sohasi vakillari ekologik qonunchilikni chetlab o‘tish uchun kinoya bilan aytganda “ijodkorona” yondashuvlarni qo‘llamoqda.
Masalan, daraxtlarni sun’iy quritish orqali keyin ularni qonuniy tarzda kesishga urinish — bunday amaliyotlarning yaqqol misolidir.
Bunday yondashuvlar ekologik normalarni zaiflashtirish emas, balki ijobiy maqsadlarda — barqarorlikka hissa qo‘shishda qo‘llanilsa, ancha maqsadga muvofiq bo‘lardi”, deb yozadi vazirlik.
Ekologiya vazirligi yangi ekologik tahdidlarga nisbatan teng ta’sir qaytarishga intilayotganini va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha harakat qilayotganini ham urg‘ulagan.
“O‘z chiqishida janob Nazarov har qanday yo‘l bilan daraxt kesish bo‘yicha turli “usullar” qo‘llanilayotganini tilga oldi. Shu munosabat bilan, Vazirlik uning daraxt kesishda qo‘llayotgan yondashuvlarini atroflicha tekshirish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan to‘liq taftish o‘tkazilishi zarur, deb hisoblaydi. Ushbu o‘rganish natijalari uning oldingi faoliyati yuzasidan tegishli xulosalar chiqarish imkonini beradi, deb umid qilamiz.
Jahon amaliyoti shundan dalolat beradiki, barqaror qurilish yashil maydonlarni yo‘q qilib, keyin kompensatsiya qilishga emas, aksincha, ularni saqlashga asoslanadi. Vazirlik konstruktiv muloqotga tayyor, lekin davlat ekologik siyosatining prinsipial asoslarini qayta ko‘rib chiqishga emas”, deyiladi vazirlik munosabatida.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q