Tadbirkor Murod Nazarov daraxt kesishni qonuniylashtirishni taklif qildi

Saqlash
09:08 / 18.07.2025 95 0

Qariyb yetti oy avval qabul qilingan Toshkentning 2045-yilgacha bo‘lgan bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 17-iyul kuni Savdo-sanoat palatasi bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda tadbirkor, Murad Buildings qurilish kompaniyasi asoschisi Murod Nazarov ma’lum qildi.

 

“Mana, Xudo xohlasa, kutyapmiz. Toshkent shahrining bosh rejasiga korreksiya kiritilyapti. Xudo xohlasa, yaqinda chiqib qoladi. Va [bosh rejaga ko‘ra], Toshkent shahrini oladigan bo‘lsak, qurilishlar bundan buyon asosan yo renovatsiya, yo rekonstruksiya hududlarida bo‘ladi”, — deydi u.

 

Tadbirkorning ta’kidlashicha, daraxtlarni kesishga moratoriy qo‘yilgan bo‘lsa-da, qurilish ishlari davomida uskunalar ko‘pincha daraxtlarga zarar yetkazadi.

 

“Hamma joylarda daraxt bor, har bir binoning atrofida daraxt bor. Va daraxtlarni o‘sha o‘ylamasdan kesib tashlagani uchun, katta rezonans olib kelgani uchun moratoriy qo‘yilgandi bunga. Lekin, to‘g‘risini tan olish kerak, bu joylarda, mana, rekonstruksiya qiladimi, renovatsiya qiladimi, o‘sha hatto rekonstruksiya paytida texnikani qo‘yaman desa ham, daraxtlar xalaqit beradi-da. Va qanaqadir yo‘llar bilan baribir ham daraxtlar kesilyapti”, — deya ta’kidladi u.

 

Murod Nazarov cheklovlar “qaytanga korrupsiyani kuchaytirishini” ta’kidlab, uning o‘rniga oldindan daraxt ekish yo‘li bilan majburiy kompensatsiya mexanizmi — “daraxtlar banki”ni joriy etishni taklif qildi. Qurilish kompaniyalari ham, uchinchi shaxslar ham undan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

 

“Masalan, bizlar bilamiz, keyingi yil, undan keyingi yil taxminan qancha qurilish qilamiz, taxminan qancha daraxt kesilishi mumkin. O‘sha rayon chegarasida oldindan ekib qo‘yaylikki, ertaga nechta daraxt kesishga to‘g‘ri kelsa, diametri, o‘sha ko‘rsatkichlari bo‘lsin, bitta katta diametrga nechta kichkina diametr to‘g‘ri keladi, hokimiyatning balansiga o‘tkazib ketaveradi”, — dedi u.

 

Murod Nazarov taxminiy tartibni taklif qildi: kompensatsiya to‘lashda daraxt tanasining o‘lchamini hisobga olish kerak: “Masalan-da, 40 diametrli, santimetrli daraxtni kesyapti. O‘sha reglamentda yozilgan: 40 diametrli bo‘lishi uchun 20 yoki 15 diametrli daraxtdan 10 ta bo‘lishi kerak”.

 

Tadbirkorning qo‘shimcha qilishicha, ayrim hollarda qurilish kompaniyalari diametri bo‘yicha hatto uch-to‘rt barobar ko‘proq daraxt ekishga ham tayyor.

 

Bunday tizim boshqa kompaniyalarni ham rag‘batlantirishi mumkin, dedi Murad Buildings asoschisi:

 

“Mana bu yerda, mana, Murad Buildings, masalan, 1000 ta daraxt ekib qo‘ydi. Miroboddagi o‘sha 1000 ta daraxt tufayli, u, masalan, 50 ta daraxtni boshqa joyda kesish huquqiga ega bo‘ladi, minus-minus qilib ketaveradi. Hatto bu yerda zo‘r tarafi, boshqa uchinchi shaxslarni ham motivatsiya qilamizki, ular oldindan ekib qo‘yadi. Kerak bo‘lsa, boshqa quruvchiga sotsin keyin o‘sha limitini. Hamma daraxt ekishga tushib ketadi, joy qidirib”, — deydi u.

 

“Buni uchinchi shaxslar o‘z zimmasiga olsa ham yaxshi. Qurilish kompaniyasi o‘zi ko‘chat ekmasa, shu uchinchi shaxslardan „limit“ sotib olsin. Shunda daraxt ekish investitsiya bo‘lib qoladi”, — deydi tadbirkor.

 

Bitta chinor biroz soya berishi uchun 7−10 yil vaqt kerak

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov daraxtlarni kesishni qonuniylashtirishga urinishlarga qarshi chiqdi.

 

“Moratoriy muhokama mavzusi emas. Developer daraxt kesishni qonuniylashtirish kerak, deyapti. Ekologlar esa developerlar uylarini shahardan tashqarida qursin, deyapti. Nima haqiqat ekanligini belgilovchi — bu jamoatchilik. Bugun odamlar shahar markazida qurilishlar emas, yashil hududlarni ko‘paytirish tarafdori”, — deya ta’kidladi u.

 

Bekmurodov, shuningdek, kesilgan daraxtlar o‘rniga yangi daraxtlar ekish haqidagi bahslarni ham tanqid qildi.

 

“Bitta chinor biroz soya berishi uchun 7−10 yil vaqt kerak. Taklif berayotgan developer shuncha yil oldin daraxt ekib, bog‘ yaratdimi?” — deb so‘radi deputat.

 

O‘zbekistonda daraxt kesganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish ko‘zda tutilgan qonun 2024-yil 1-martdan kuchga kirgan. Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 79-moddasiga o‘zgartirish kiritilgan. Unga ko‘ra daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollar qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazganlik uchun:

 

− fuqarolar BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha,

− mansabdorlar BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha jarimaga tortiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//