
Jamiyat
Adliya vazirligi tomonidan “Andijon do‘ppisi” va “So‘qoq somsasi” geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, “Andijon do‘ppisi” o‘zining yuqori sifatli matolari, nozik naqshlari, o‘ziga xos shakli, shuningdek, ramziy va estetik mazmuni bilan ajralib turadi. U Andijon viloyatining hunarmandchilik an’analari, kashtachilik maktabi va madaniy ramzlariga asoslangan bo‘lib, xalq orasida o‘ziga xos hurmat va mavqega ega.
Geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi Andijon do‘ppisining kelib chiqish manbasini belgilaydi hamda uning sifati va madaniy qiymatini huquqiy jihatdan himoya qiladi.
Bundan tashqari, Toshkent viloyati Parkent tumaniga qarashli So‘qoq qishlog‘iga xos bo‘lgan milliy taom – “So‘qoq somsasi” ham o‘ziga xos tabiiy masalliqlari, xususan, faqat So‘qoq tog‘larida o‘sadigan, xalq orasida “mador” nomi bilan tanilgan o‘simlik yoki ismaloqdan tayyorlanishi, shuningdek, betakror ta’mi va xamirining o‘ziga xos usulda tayyorlanishi bilan ajralib turadi.
Geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi “So‘qoq somsasi”ning aynan So‘qoq hududiga mansubligini belgilab, uning sifati, tarixiy ildizlari va madaniy qiymatini huquqiy jihatdan muhofaza qiladi.
Geografik ko‘rsatkich — bu mahsulotning ma’lum hududga xosligi va uning sifati, mashhurligi yoki boshqa belgilari o‘sha hududning tabiiy, insoniy va tarixiy omillariga chambarchas bog‘liq bo‘lganini ifodalovchi intellektual mulk obyekti hisoblanadi.
Avvalroq Xorazm viloyatiga xos bo‘lgan tuxum barak milliy taomi geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandi.
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q