Madaniyat
Oʻzbekiston xalq artisti Dilorom Karimova “Tafakkur” jurnalida chop etilgan suhbatida bugungi oʻzbek kinosida mazmun qolib, «piar» ketidan quvilayotganini tanqid qildi. Jumladan, “Tutqunlik” filmi gʻoyasini yuzaki, voqealarini ishonarsiz deb atadi.
«Xoʻsh, ayni vaqtda oʻzbek kinosi kelajak oldidagi missiyasini qay darajada oʻtayapti? Oʻtay olyaptimi, oʻzi? Afsus, oʻzbek kinosi oʻz ishi qolib, yengil-yelpi shou-tomosha, seriallar bilan mashgʻuldek. Mazmun qolib, «piar» degan oʻta beor, lahzalik shovshuv ortidan yuguryapmiz. Deylik, davlat buyurtmasi boʻyicha suratga olingan “Tutqunlik” filmida gʻoya yuzaki, ishonarsiz voqealar tasviri orqali hal etilgan, aktyorlar ijrosida na dard bor, na oʻzbekka xos chizgilar. INSON koʻrinmaydi. Dunyo ahlining fikri-zikrini band etgan, vijdonli kishilarni tashvishga solayotgan fojeiy hayot hikoya qilinadi goʻyo. Biroq film qahramonlarini qaltis qadam qoʻyishga majbur etgan sabablar, ogʻir mushkulotlar illyustratsiya yoʻsinida koʻrsatilgan, xolos. Albatta, bunaqa nosamimiy kartinalardan koʻra rejissyor Grigoriy Chuxrayning “Kommunist”i odamni ming chandon hayajonga soladi. Ijodiyijtimoiy buyurtmada ham muammolar dadillik, professionallik bilan ekranga koʻchirilsagina, kutilgan natijaga erishiladi. Bugun korrupsiyaga qarshi omonsiz kurashga kirishish uchun halovati, hayotidan voz kechishga tayyor qahramon bormi? Kim ekanidan qatʼi nazar, odam ojizliklari, iztirobi bilan odam ekanini koʻrsata olyapmizmi? Ikki-uch yil oldin yaratilgan filmlar oʻzbek kinosida sezilarli siljish boʻlayotganidan dalolat bergan edi. Lekin hozir...
Kinoijodkor bugunning nafasini kelajakka sharaf bilan yetkazishi uchun ehtiyotkorlik sarhadlarini buzib, ijodiy-iqtisodiy erkinlikka erishmogʻi lozim. Men uchun faqat bitta senzor bor, u ham boʻlsa – saviya!», deya taʼkidlagan aktrisa.
Maʼlumot uchun: “Tutqunlik” filmi Suriyadan ayollar va bolalarni olib kelish boʻyicha 2019-2020-yillarda oʻtkazilgan “Mehr” operatsiyasiga bagʻishlangan. Ssenariy mualliflari Azamat Qorjovov, Rashid Malikov; postanovkachi rejissyor Rashid Malikov. Rossiyada «Volokolamskiy rubej» harbiy-vatanparvarlik kinofestivalida Gran-pri bilan taqdirlangan. Turkiyada «Qoʻrqut Ota» xalqaro kinofestivalida esa hakamlar hayʼatining maxsus sovriniga sazovor boʻlgan.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q