Poytaxtda yo‘l harakatini boshqarishning mutlaqo yangi modeli joriy etiladi

Saqlash
18:23 / 05.12.2025 29 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida transport tizimini tubdan yangilashga qaratilgan qarorni imzoladi.

 

Hujjatga ko‘ra:

 

– poytaxtda yo‘l harakatini boshqarishning mutlaqo yangi modeli joriy etiladi. Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tashkil etilib, u transport, piyoda va yo‘lovchi oqimlarini real vaqtda monitoring qilish, boshqarish va xavfsizlikni ta’minlash vakolatiga ega bo‘ladi;

 

– Intellektual transport tizimi (ITT) shakllantiriladi. Kameralar, sensorlar, svetoforlar, jamoat transporti harakati, navigatsiya, vazn-hajm nazorati va barcha xizmatlar yagona platformaga ulanadi.

 

ITT Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining Situatsion markaziga integratsiya qilinadi. Avtotransport vositalarining ekologik normativlarga mosligi avtomatik baholanadi va ekologik zonasiga mos kelmaydigan transport vositalarini aniqlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi;

 

– 2030-yilgacha jamoat transportidan foydalanish ulushini 60 foizga, elektrobuslar ulushini 50 foizga, avtobuslarning o‘rtacha harakat tezligini 18 km soatdan 24 km soatga yetkazish, 1 ming kilometr avtomobil yo‘llarini ta’mirlash, 16 ta tonnel va yo‘l o‘tkazgich, 700 ta "aqlli" chorrahani barpo etish, metropoliten tarmog‘ining uzunligini 103 kilometrga yetkazish, 170 kilometr velosiped va 200 kilometr piyoda yo‘laklarini tashkil etish maqsadli ko‘rsatkichlar sifatida belgilab olindi;

 

– yo‘l va transport infratuzilmasi uchun maxsus jamg‘arma tashkil etildi. Jarimalar, "Xavfsiz shahar" tushumlari, reklama tushumlari va boshqa manbalar jamg‘armaga yo‘naltiriladi. Mablag‘lar transport master rejasi, ITT, muhandislik yechimlari, infratuzilmaviy loyihalar, avtobus yo‘laklari va svetoforlarni modernizatsiya qilishga sarflanadi;

 

– yo‘l-transport sohasidagi bir qator vakolatlar 2028-yilgacha huquqiy eksperiment sifatida markazga o‘tkaziladi. Bu Toshkentda transportni yagona markazlashgan tizim orqali samarali boshqarish imkonini beradi;

 

– Toshkent ko‘chalari, yo‘l kesishmalari, ko‘priklar va yo‘l o‘tkazgichlari bo‘yicha katta infratuzilmaviy dastur amalga oshiriladi: avtobuslar uchun alohida yo‘laklar, intellektual svetoforlar joriy etiladi, ko‘chalar kompleks tarzda rekonstruksiya qilinadi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//