Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro kongress markazida energetika sohasidagi obyektlar va loyihalarni ishga tushirish marosimida nutq so‘zladi.
Marosimda qariyb 11 milliard dollarlik 42 ta yangi quvvat va infratuzilma obyektlari ishga tushirilishi, yana 21 ta yangi loyiha qurilishiga start berilishi ta’kidlandi.
Xususan, hududlarda jami 3 ming 500 megavattli 16 ta quyosh, shamol, issiqlik va gidro stansiya foydalanishga topshiriladi. Ular to‘liq quvvatda ishlay boshlagach, yiliga 15 milliard kilovatt-soat elektr generatsiya bo‘ladi. Natijada kelgusi yilda “yashil” energiya ishlab chiqarish hajmini 23 milliard kilovatt-soatga yetkaziladi.
“E’tibor bering, bu – O‘zbekiston aholisining yillik elektr energiya iste’moli to‘liq qoplanadi, deganidir”, dedi Prezident.
Eng muhimi, “toza” energiya hisobiga tabiiy gaz sarfi salkam 7 milliard kub metrga kamayadi. Atmosferaga 11 million tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi.
Foydalanishga topshirilayotgan 11 ta yirik podstansiya va 420 kilometr yuqori kuchlanishli tarmoqlar tizimning barqaror ishlashiga xizmat qiladi.
“Albatta, biz erishgan natijalarimiz bilan to‘xtab qolmaymiz. Kelgusi 5 yilda 150 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar hisobidan minglab sanoat va infratuzilma obyektlarini ishga tushirib, yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratamiz”, dedi Prezident.
Aytilishicha, aholiga qulay shart-sharoit yaratish uchun “Yangi O‘zbekiston” massivlari va boshqa hududlarda 800 mingdan ortiq xonadonli, energiya tejamkor ko‘p qavatli uy-joylar barpo etiladi. IT, sun’iy intellekt va “buyumlar interneti” kabi yangi yo‘nalishlardagi kompaniyalarga jozibador muhit yaratish uchun zamonaviy super kompyuter klasteri va data-markazlar soni ko‘paytiriladi.
Ayni paytda Saudiyaning “Data-volt” kompaniyasi 3 milliard dollarlik investitsiya hisobiga 500 megavattli data-markaz qurish bo‘yicha ishlarni boshlagan. Bunday keng ko‘lamli ishlar elektr energiyasiga bo‘lgan talab va ehtiyojni kamida 1,5 barobarga oshiradi.
“Yaqinda Braziliyada o‘tgan COP-30 iqlim konferensiyasida biz o‘z tashabbusimiz bilan Parij bitimi doirasida muhim majburiyatni zimmamizga oldik. Ya’ni 2035-yilgacha zararli gazlar emissiyasini 50 foizga qisqartirishni oldimizga maqsad qilib qo‘ydik”, deya ta’kidladi Prezident.
Shu yilning o‘zida 17 ta yirik sanoat korxonasi “yashil” energiya bo‘yicha xalqaro sertifikatlar tizimiga o‘tdi. Kelgusi ikki yilda bunday korxonalarning soni 100 taga yetkaziladi.
“Mintaqamizning gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanib, birgalikda boshqarish maqsadida kelgusi yili Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan “Qambar-ota GES-1” loyihasini moliyalashtirishga kirishamiz”, deya ta’kidlandi.
“Biz bugun ishga tushirayotgan barcha loyihalar iqtisodiy o‘sishni ta’minlab, kelajak avlodlarimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Bunday jadal harakatlarimiz va tashabbuslarimiz bilan biz yangicha modeldagi zamonaviy energetika tizimini, albatta, to‘liq barpo etamiz”, dedi davlat rahbari nutq yakunida.
O‘zbekiston Prezidenti ramziy dastakni bosib, 42 ta energetika obyektini ishga tushirdi va 21 ta yangi loyiha qurilishini boshlab berdi.
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
109842
Jamiyat
94201
Jamiyat
90026
Jamiyat
73215
Jamiyat
//
Izoh yo‘q