Pedagogika oliygohlarida taʼlim yoʻnalishlari 31 tadan 17 taga tushiriladi

Saqlash
14:33 / 15.05.2025 122 0

Videoselektor yigʻilishida bundan buyon barcha pedagogika oliygohlari faoliyati tubdan oʻzgarishi belgilandi. Prezident buni Termiz pedagogika instituti misolida tushuntirib berdi.

 

“Bu oliygohga Yangi Oʻzbekiston universitetidagi kabi xalqaro boshqaruv tizimi tatbiq etiladi. “Top” xorijiy oliygohlar tajribasi asosida fakultetlar oʻrnida aniq, tabiiy, ijtimoiy, filologiya, amaliy fanlar, maktabgacha va boshlangʻich taʼlim boʻyicha 6 ta oliy maktab tashkil qilinadi”, deyiladi xabarda.

 

Aniq fanlar maktabida Myunxen texnika universiteti taʼlim dasturlari joriy etiladi. Qolganlari esa Kembrij universiteti talablari asosida toʻliq qayta koʻrib chiqiladi.

 

Oliygohdagi fanlar soni ham maqbullashib, 20 tadan 15 taga, taʼlim yoʻnalishlari 31 tadan 17 taga tushiriladi. Oʻquv yuklamasi 20 foizga qisqaradi.

 

Termiz shahri va tumanidagi 47 ta maktab oliygohning amaliyot bazasiga aylantiriladi. 3 ta ixtisoslashgan hamda yangi baholash tizimiga oʻtgan 12 ta maktab esa metodik baza boʻlib, oliygoh ularni zamonaviy laboratoriya bilan taʼminlaydi.

 

Taʼkidlanishicha, oliygohning xorijiy til sertifikati bor 20 nafar oʻqituvchisi shu yil Buyuk Britaniya, Germaniya va Singapur kabi davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi.

 

Kelgusi uch yilda esa institutning barcha professor-oʻqituvchilari xorijiy til sertifikatini olib, chet elda oʻqib keladi.

 

Bu tizim barcha pedagogika oliygohlarida joriy etiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//