Shavkat Mirziyoyev futbol boʻyicha oʻn yetti yoshgacha boʻlgan Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolariga tabrik yoʻlladi

Saqlash
11:58 / 21.04.2025 149 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakat oʻsmir yoshlarining U-17 finalda Osiyo chemponi boʻlgani munosabat bilan tabrik yoʻlladi. Quyida tabrik matni toʻliq keltiriladi:

 

Aziz farzandlarim!

 

Oʻn yetti yoshgacha boʻlgan oʻsmirlar oʻrtasida Caudiya Arabistoni maydonlarida boʻlib oʻtgan nufuzli musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etib, yuksak sovrin – Osiyo kubogini qoʻlga kiritganingiz bilan xalqimiz nomidan, oʻz nomimdan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

 

Sizlar kabi navqiron, azmu shijoatli yoshlarimizning butun turnir davomida bironta ham magʻlubiyatga uchramasdan, rekord natija koʻrsatib, jonajon Vatanimiz sharafini mardona himoya qilganlari, hech shubhasiz, milliy futbolimiz tarixiga oltin harflar bilan yoziladigan shonli voqea, desak, toʻgʻri boʻladi.

 

Ayniqsa, finalda musobaqa mezboni – Saudiya Arabistoni kabi gʻoyat kuchli jamoaga qarshi keskin bellashuvda turli bosimlarga qaramasdan, oʻn bir oʻyinchiga qarshi toʻqqiz futbolchi shiddatli kurash olib borganingiz chinakam jasorat va matonat namunasi boʻldi. Sizlar namoyon etgan yuksak mardlik va mahorat har qanday tahsinga sazovordir.

 

Musobaqa yakuniga koʻra, uch nafar isteʼdodli va mohir sportchimiz yakka tartibdagi sovrinlar egasi boʻlgani, jumladan, Neʼmatulloh Rustamjonov – turnirning eng yaxshi darvozaboni, Asilbek Aliyev – eng yaxshi toʻpurari, Sadriddin Hasanov – eng yaxshi futbolchisi sifatida eʼtirof etilganini ham alohida taʼkidlash lozim.

 

El-yurtimiz sizlarning timsolingizda doimo oldinga intilib yashaydigan, yuksak marralarni zabt etishga qodir Yangi Oʻzbekiston yoshlarining eng yorqin vakillarini koʻradi va sizlar bilan haqli ravishda faxrlanadi.

 

Mamlakatimizda sportga, jumladan, futbol rivojiga berilayotgan yuksak eʼtiborning yana bir amaliy natijasi boʻlgan mana shunday tarixiy gʻalaba uchun sizlarga, sizlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan ota-onalaringiz va ustoz-murabbiylaringizga chin dildan samimiy minnatdorlik bildiraman.

 

Sizlar ushbu gʻalabadan ruhlanib, shu yil noyabr oyida Qatarda boʻlib oʻtadigan jahon chempionatida ham Osiyoning gʻolib jamoasi sifatida munosib ishtirok etasiz, deb ishonaman.

 

Baxt va zafar sizlarga doimo yor boʻlsin, aziz farzandlarim!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//