
Siyosat
20-aprel kun o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati finali o‘tkazildi. Mezbon Saudiya Arabistoniga qarshi maydonga tushgan O‘zbekiston vakillari finalda qahramonlik ko‘rsatib, ishonchli g‘alabaga erishdi.
Birinchi bo‘limdayoq O‘zbekiston 9 kishi bo‘lib qoldi: o‘yinning 40-daqiqasida Nurbek Sarsenbayev, 45-daqiqada Miraziz Abdukarimov qatarlik hakam tomonidan maydondan chetlatildi.
Bu zarbalar o‘zbekistonliklar ruhiyatini cho‘ktirmadi va yurtdoshlarimiz ikkinchi bo‘limni hujumkor o‘yin bilan boshladi. 50-daqiqada Muhammad Hakimov penaltidan hisobni ochdi.
70-daqiqada esa darvozabon Ne’matulloh Rustamjonov ketma-ket seyvlardan so‘ng tezkor qarshi hujumni boshladi, qanotdan oldinga tashlangan Sadriddin Hasanov raqib posboni bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi va to‘pni uning oyoqlari orasidan o‘tkazib, ikkinchi golni urdi.
O‘yinning qolgan qismida ham O‘zbekiston vakillari 9 kishi holatida g‘alabani saqlab qolib, Osiyo chempioniga aylandi.
Islom Ismoilov boshchiligidagi jamoa turnirni o‘ta yuqori darajada o‘tkazdi: ular guruh bosqichida dastlab Tailandni 4:1 hisobida mag‘lub etgan, ikkinchi turda Xitoy ustidan 2:1 hisobida irodali g‘alabaga erishib, guruh bosqichi va jahon chempionati yo‘llanmasini hal qilgandi. Uchinchi turda mezbon Saudiya Arabistoniga qarshi rasmiyatchilik uchun o‘tkazilgan o‘yinda ham 3:0 hisobida g‘alaba qayd etildi.
Pley-offda esa avvaliga BAA 3:1 hisobida taslim etildi, yarimfinalda esa KXDR darvozasiga javobsiz 3 ta to‘p kiritildi, holbuki shimoliy koreyaliklar chorakfinalda Indoneziyani 6:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgandi.
Bu O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi ikkinchi bor Osiyo chempioni bo‘lishidir. Bungacha 2012 yil oktyabrida Eronda bo‘lib o‘tgan turnirda Dilshod Nuraliyev boshqaruvidagi jamoa finalda Yaponiyani mag‘lubiyatga uchratib, Xirosima-1994 o‘yinlaridan keyin O‘zbekistonga milliy jamoalar darajasidagi ikkinchi Osiyo chempionligini keltirgan edi.
Siyosat
Siyosat
Madaniyat
Siyosat
Siyosat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q