Temur Rahmonov Oʻzbekistonning Estoniyadagi elchisi etib tayinlandi

Saqlash
10:18 / 21.04.2025 33 0

16-aprel kuni Oʻzbekistonning Estoniyaga yangi tayinlangan elchisi (qarorgohi Riga shahrida joylashgan) Timur Rahmonov Estoniya Prezidenti Alar Karisga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

 

Yorliqlar topshirish tadbiridan soʻng oʻtkazilgan muloqot chogʻida Estoniya Prezidenti Oʻzbekiston bilan savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar rivojlanib borayotganini yuksak baholab, ushbu yoʻnalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Estoniya yetakchisi Oʻzbekistonning mintaqadagi yetakchi davlatga aylanganini alohida aytib, Oʻzbekiston yetakchisining mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, jumladan, koʻp yillar davomida mojarolarga sabab boʻlib kelgan chegara masalalarini ijobiy hal etishdagi katta hissasini alohida taʼkidladi.

 

Prezident Alar Karis davlatimiz rahbari rahnamoligida yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni eston tomoni toʻliq qoʻllab-quvvatlashini tasdiqladi.

 

Maʼlumot uchun, Timur Rahmonov 2024-yil 13-mart kuni Oʻzbekiston elchisi sifatida Riga shahriga borgan edi. Ushbu lavozimga tayinlanishidan oldin u 2021-2024-yillarda mamlakatimizning Novosibirsk shahridagi bosh konsuli boʻlib ishlagan.

 

Timur Rahmonov 2024-yil 17-iyun kuni Oʻzbekiston elchisi sifatida Latviya Prezidenti Edgars Rinkevichsga, 2025-yil 11-fevral kuni Litvadagi elchi sifatida ushbu davlat Prezidenti Gitanas Nausedaga, 1-aprel kuni esa Finlyandiyadagi elchi sifatida mazkur mamlakat Prezidenti Aleksandr Stubbga ishonch yorliqlarini topshirgan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//