Bosh vazir matbuot kotibi xitoyliklar haqidagi provokatsiyalarga uchmaslikni soʻradi

Saqlash
12:41 / 11.03.2025 235 0

Soʻngi vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda goʻyoki Oʻzbekiston yerlari Xitoyga oʻtib ketayotgani haqidagi xabarlarga tez-tez koʻzimiz tushmoqda. Xabarda taʼkidlanishicha, hatto mazkur jarayonda Oʻzbekiston hukumatini harakatsizlikda va chorasizlikda ham ayblashlar kuzatilmoqda.

 

Tarqatilayotgan xabarlar yuzasidan Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov munosabat bildirdi.

 

U soʻzining avvalida Oʻzbekistonda iqtisodiyot rivojlanayotgani, ochiq va pragmatik siyosat olib borilayotgani, mamlakatga koʻplab sarmoyadorlar kirib kelayotganini aytar ekan, bu rivojlanayotgan davlat uchun normal jarayonligini taʼkidlagan.

 

Hidoyatov Oʻzbekistonga faqat Xitoy emas, Germaniya, Fransiya, Turkiya, Hindiston, Eron, Saudiya Arabistoni, Malayziya kabi davlatlardan ham koʻplab investorlar hamda tadbirkorlar kelib, faoliyat yuritayotganini eslatma sifatida keltirgan. Shuningdek, u respublika markazlarida tarqalayotgan xitoycha yozuvlarga boʻlayotgan qarashlarga ham toʻxtalar ekan, dunyoning istalgan mamlakatida oʻzbek mahallalaridan tortib, nomlari oʻzbek tilida yozilgan magazin va milliy oshxonalarigacha topish mumkinligi haqida gapirgan.

 

“Xitoy masalasiga kelsak, aholi soni boʻyicha dunyoda yetakchi, hatto Gʻarbiy Yevropa, Shimoliy Amerikada katta diasporalar bor. Lekin hech kim ularning xavfi borligi toʻgʻrisida gapirmaydi. Shunday ekan bu borada hech qanday xavotirga oʻrin yoʻq. Bu xuddiki markazlashgan holda uchinchi tomonning manfaati bilan boshqarilayotgan manipulyatsion kompaniyaga oʻxshaydi. Shuning uchun yurtdoshlarimizdan provokatorlarning turli manipulyatsiyalariga ishonmaslikni soʻraymiz”, degan Bosh vazir matbuot kotibi.

 

Hidoyatov Xitoy Oʻzbekistonning tarixiy va yaqin hamkori hamda strategik sherigi ekanligini ham eslatib oʻtgan.

 

“U bizning hududiy yaxlitligimiz va suverenitetimizni hurmat qiladi hamda qatʼiy qoʻllab-quvvatlaydi. Hatto bu boʻyicha alohida shartnoma ham imzolangan. Yaʼni, bundan vahima koʻtarishga asos yoʻq”, degan u.

 

Bosh vazir matbuot kotibi xitoyliklarga nisbatan boʻlayotgan qarashlarning asossiz ekanini hindistonliklar misolida tushuntirgan. U Oʻzbekistonda tahsil olayotgan talabalar orasida hindistonliklar ham koʻpchilikni tashkil qilishini (Hidoyatov hozirda olti ming nafardan ziyod hindistonlik aynan Oʻzbekiston OTMlarida tahsil olayotganini maʼlumot sifatida keltirgan), lekin bu degani Oʻzbekistonni hindlar egallab oladi, degani emasligi urgʻulagan.

 

“Qaytaraman, Oʻzbekiston avvalgidek yopiq davlat emas. Odamlardan biroz toqatli boʻlishni, turli xil yolgʻon yoki provokatsion axborotlarga uchmaslikni soʻraymiz”, deya soʻzlarini yakunlagan Bekzod Hidoyatov.

 

Oldinroq Kadastr agentligi “Oʻzbekiston yerlari chet elliklarga berib yuborilayotgani yoki sotilayotgani” mazmunidagi xabarlarga munosabat bildirgan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//