
Jamiyat
Ijtimoiy tarmoqlarda “Oʻzbekiston yerlari chet elliklarga berib yuborilayotgani yoki sotilayotgani” mazmunidagi xabarlar keng tarqalmoqda.
Holat boʻyicha Kadastr agentligi rasmiy munosabat bildirdi.
“Mazkur shaxslar qonunchiligimizga koʻra Yer uchastkalarini chet elliklarga berish tartiblaridan xabari yoʻqligidan bunday maʼlumotlarni tarqatayotgan koʻrinadi. Agar xabarlari boʻlganida notoʻgʻri xabarlarni tarqatmagan boʻlar edi”, deyiladi munosabatda.
Taʼkidlanishicha, yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) talablari Yer kodeksi bilan belgilangan hamda uning 17-moddasiga muvofiq, chet ellik fuqarolar va yuridik shaxslar, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar yer uchastkalariga faqat ijara huquqi asosida ega boʻlishi mumkin.
Agentlik, shuningdek, ushbu hujjatning 24-moddasini ham misol keltiradi. Jumladan ushbu bandda “muvofiq chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga, xalqaro birlashmalar va tashkilotlarga, chet el jismoniy va yuridik shaxslariga yer uchastkalari ijaraga berilishi” aytiladi.
“Hoʻp, ijaraga bersag-u xususiylashtirib olsa-chi, unda nima qilamiz?” — deb vahimaga tushmang. Xavotirga oʻrin yoʻq”, deb yoziladi agentlik xabarida.
Bunday koʻrinishdagi savolga agentlik quyidagicha javob beradi:
“Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq chet ellik fuqarolar, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, chet el yuridik shaxslari, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar, shuningdek davlat organlari, muassasalari, korxonalari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xususiylashtirish subyektlari boʻlmaydi, yaʼni chet elliklarga yer xususiylashtirib berilmaydi”.
Xabarda yozilishicha, qishloq xoʻjaligi yerlari ham chet elliklar nomiga xususiylashtirilmaydi. Hatto bunday yerlarni Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari ham xususiylashtirib ololmaydi.
“Shunday ekan, “yerlarimiz chet el fuqarolariga berib yuborilyapti” mazmunidagi xabarlar asossiz va oxirigacha oʻrganilmasdan chiqarilgan xabarlar” deb yozadi agentlik matbuot xizmati.
Bundan tashqari, tashkilot bunday maʼlumotlarni tarqatgan shaxslarga Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 202-moddasi 2 qismi hamda Jinoyat kodeksining 244-moddasi 6-qismini eslatib oʻtgan. Shu bilan birga, fuqarolarning har xil aldovlarga uchmasliklarini, ijtimoiy tarmoq faollaridan esa yolgʻon va asossiz xabarlarni tarqatmaslikni soʻragan.
Jamiyat
Siyosat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q