Jamiyat
Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida oʻzgarishsiz saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Bunga sharoit yaratayotgan bir qancha omillar sanab oʻtildi. Xususan, aholi real daromadlarining oshishi sharoitida iqtisodiyotdagi inflyatsion jarayonlarni samarali jilovlash yalpi talab va taklif orasidagi muvozanatni taʼminlashni, bu esa, oʻz navbatida, pul-kredit sharoitlari qatʼiyligini joriy darajada saqlab qolishni taqozo etmoqda.
Bundan tashqari, pul bozoridagi foiz stavkalari va davlat qimmatli qogʻozlari daromadliligi darajalari pul-kredit sharoitlari nisbatan qatʼiy darajada shakllanayotganini koʻrsatmoqda. Bank tizimidagi yuqori real foiz stavkalari aholining jamgʻarishga boʻlgan moyilligini oshirmoqda. Kreditlash surʼatlarining maqbul darajada oʻsishi va depozitlar oʻsishining yuqori surʼatlari umumiy talabni muvozanatlashtirib, inflyatsiyaga monetar omillar taʼsirini kamaytirishi kutilmoqda.
Yalpi ichki mahsulotning oʻsishi ham 2024-yilning ikkinchi yarmida barqaror tendensiyalarni namoyon etib, yil yakunida 6-6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.
Yuqoridagilarni hisobga olgan holda oʻrta muddatli narxlar barqarorligini taʼminlash maqsadidan kelib chiqib, Markaziy bank asosiy stavkani oʻzgarishsiz qoldirgan.
Oʻrta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning 5 foizlik targetigacha barqaror pasayishiga erishish uchun pul-kredit sharoitlarini yetarlicha qatʼiy darajada shakllanishi taʼminlab boriladi. Bunda, iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligi, inflyatsion kutilmalar va tarkibiy islohotlar surʼatlariga alohida eʼtibor qaratiladi.
Iqtisodiyotdagi joriy yuqori talab va narxlarga oshiruvchi bosimlar kelgusi choraklarda kuchayishi boʻyicha ehtimollar va asoslar yuzaga kelgan taqdirda asosiy stavka oshirish tomonga qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2025-yil 23-yanvarga belgilangan.
Maʼlumot uchun, bugun boʻlib oʻtgan majlis yangi Boshqaruv raisi Timur Ishmetov ishtirokidagi birinchi yigʻilish hisoblanadi.
Siyosat
Ilm-fan
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q