Bitta yaxshi asar, taʼsirchan qoʻshiq millatning ruhini ko‘taradi — Prezident

Saqlash
13:16 / 01.06.2026 19 0

Prezident Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va sanʼat sohasi xodimlari bilan uchrashuvi boshlandi. Ushbu uchrashuvga tayyorgarlik davomida ko‘plab ijodkorlar bilan suhbatlar o‘tkazildi, madaniyat va san’at obyektlari joyiga borib ko‘rildi.


Davlat rahbari mazkur muloqotning maqsadi sohadagi muammolarga yechim topish hamda adabiyot, madaniyat, san’at va kreativ iqtisodiyotda yangi muhit yaratadigan katta tashabbuslarni boshlab berishdan iborat ekanini ta’kidladi.

 

Sohada iste’dodlarni yuzaga chiqarish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida yangi tizim joriy qilinishi qayd etildi. Jumladan, teatr, kino, raqs, opera, folklor, estrada, akademik va milliy cholg‘u, tasviriy va amaliy san’at kabi 21 ta yo‘nalish bo‘yicha ijodiy birlashmalar tashkil etiladi.

 

Ijodiy birlashmalarga bir tomondan ustoz ijodkorlar, ikkinchi tomondan esa vazirlar va kompaniya rahbarlari hamrais bo‘ladi. Bu jarayonda o‘z maktabini yaratgan san’atkorlarimiz yoshlarga kasb sirlari va sahna madaniyatini o‘rgatadi.

 

Vazirlar va kompaniya rahbarlari esa eng quyi pog‘onaga tushib, tumanlardagi musiqa maktablari va badiiy jamoalar bilan uchrashib, ularning muammolariga yechim topadi. Yoshlarning ijodiga yangi nafas olib kirish uchun har bir ijodiy birlashma kesimida mahalla – tuman – viloyat – respublika tanlovlarini tashkil qiladi. G‘olib va sovrindorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ularni gastrol safarlari, festivallar va xalqaro tanlovlarda ishtirok etishiga ko‘maklashadi.

 

Tadbirda milliy adabiyotimiz, madaniyat va sanʼatimiz faxri bo‘lgan shoir va yozuvchilar, aktyor, dramaturg va rejissyorlar, qoʻshiqchi, sozanda va kompozitorlar, rassom, haykaltarosh va hunarmandlar, sanʼatshunos olimlar ishtirok etmoqda.

 

“Davlatni iqtisod ko‘taradi, qonun boshqaradi, armiya himoya qiladi. Lekin qaysi mamlakat adabiyot va madaniyatga eʼtibor bersa, kelajagi mustahkam bo‘ladi. Qaysi jamiyat ijod va sanʼatni qadrlasa, o‘sha xalqning maʼnaviy immuniteti kuchli boʻladi.

Bitta yaxshi asar, taʼsirchan qoʻshiq millatning ruhini ko‘taradi, birgina spektakl jamiyatning tafakkurini uyg‘otadi, kinodagi bir obraz butun avlodning qarashini o‘zgartiradi, – dedi Prezidentimiz.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//