Oʻzbekistonda har yili “Milliy ijodkorlar qurultoyi” oʻtkaziladi

Saqlash
13:25 / 01.06.2026 18 0

Prezident Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va sanʼat sohasi xodimlari bilan uchrashuvi boshlandi.

 

Tadbirda milliy adabiyotimiz, madaniyat va sanʼatimiz faxri boʻlgan shoir va yozuvchilar, aktyor, dramaturg va rejissyorlar, qoʻshiqchi, sozanda va kompozitorlar, rassom, haykaltarosh va hunarmandlar, sanʼatshunos olimlar ishtirok etmoqda.

 

Sohada isteʻdodlarni yuzaga chiqarish va qoʻllab-quvvatlash maqsadida yangi tizim joriy qilinishi qayd etildi. Jumladan, teatr, kino, raqs, opera, folklor, estrada, akademik va milliy cholgʻu, tasviriy va amaliy sanʻat kabi 21 ta yoʻnalish boʻyicha ijodiy birlashmalar tashkil etiladi.



Ijodiy birlashmalarga bir tomondan ustoz ijodkorlar, ikkinchi tomondan esa vazirlar va kompaniya rahbarlari hamrais boʻladi.



Bu jarayonda oʻz maktabini yaratgan sanʻatkorlarimiz yoshlarga kasb sirlari va sahna madaniyatini oʻrgatadi.



Vazirlar va kompaniya rahbarlari esa eng quyi pogʻonaga tushib, tumanlardagi musiqa maktablari va badiiy jamoalar bilan uchrashib, ularning muammolariga yechim topadi. Yoshlarning ijodiga yangi nafas olib kirish uchun har bir ijodiy birlashma kesimida mahalla – tuman – viloyat – respublika tanlovlarini tashkil qiladi. Gʻolib va sovrindorlarni qoʻllab-quvvatlash uchun ularni gastrol safarlari, festivallar va xalqaro tanlovlarda ishtirok etishiga koʻmaklashadi.

 

Har yili “Milliy ijodkorlar qurultoyi” oʻtkaziladi. Bu 21 ta ijodiy birlashmaning oʻziga xos yillik hisoboti boʻladi.



Qurultoyda birlashmalarning yil davomida eng yaxshi natija koʻrsatgan ijodkorlarining badiiy kechasi tashkil qilinadi va ular munosib taqdirlanadi.



Misol uchun, musiqa sohasida kamida 10 ta qoʻshiq yoki musiqa yaratgan, xalq artisti, xizmat koʻrsatgan artist unvonini olgan yoki xalqaro tanlovlar gʻoliblari boʻlgan, asarlari mamlakat va xalqaro sahnalarda ijro etilayotgan qoʻshiqchi, sozanda va kompozitorlar; adabiyot sohasida yuqori darajada eʻtirof etilgan badiiy kitob muallifi boʻlgan, yaratgan asari 50 ming nusxadan ziyod chop etilgan, ijod mahsuli teatr va kinoda sahnalashtirilgan, sheʻrlari “xit” qoʻshiqqa aylangan shoir, yozuvchi va dramaturglar taqdirlanadi.



Ularga yil davomida har oyda 5 million soʻmdan qalam haqi beriladi, Oʻzbekiston boʻylab samolyot, poyezd va jamoat transportidan bepul foydalanadi. Ixtisoslashgan tibbiyot markazlarida davolanish xarajati toʻliq budjetdan qoplanadi. Ularning mahorat maktabi va ijod uylari tashkil etiladi.



Prezidentimiz sovrindorlar keyingi yili ham ijodini toʻxtatmay yangi natijalar qilsa, yuqoridagi imtiyozlarni olishda davom etishi haqidagi taklifni qoʻllab-quvvatladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//